"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

DAVLAT TILINI RIVOJLANTIRISH – BUGUNNING MUHIM VAZIFASI

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasiga muvofiq, O‘zbekistonda davlat tili o‘zbek tilidir. Prezidentimizning 2019-yil 21-oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20 yanvardagi “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq davlat idoralarida, vazirlik va xo‘jalik tashkilotlarida rahbarning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi. Bu, joylarda davlat tili va uning qo‘llanilishi bilan bog‘liq jarayonlarni muvofiqlashtirish imkonini beradi. Keling, bu borada Navoiy kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilgan va kelgusidagi ishlar xususida bosh direktor maslahatchisi X. Raupovdan eshitsak:

Bugun dunyo shiddat bilan o‘zgarib bormoqda. Globallashuv jarayonlari nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, balki maʼnaviy sohani ham qamrab olmoqda. Bu sharoitda o‘zligimizni saqlab qolish uchun zamon bilan hamqadam, o‘zaro ahil va birdam, ulug‘ maqsadlar yo‘lida taraqqiyot surʼatiga mos bo‘lishni talab etadi.

Til – millatning maʼnaviy boyligidir. Bu orqali har bir millat dunyo sahnasida o‘zini, o‘zligini, maʼnaviy va siyosiy qiyofasini, asosiysi, o‘z tilining shaklu shamoyilini yuksak ifoda eta oladi. Til nafaqat muomala vositasi, balki har bir xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi va tarixi ham demakdir. Bugungi kunda dunyoda 7 mingdan ortiq til muomalada bo‘lsa, 70 ta tilda ularning 90 foizi so‘zlashadi. 200ga yaqin til davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega. Dunyo bo‘ylab so‘zlashuvchilar soni bo‘yicha 27-o‘rinda bo‘lgan o‘zbek tilida 50 millionga yaqin kishi muloqot qiladi. Maʼlumotlarga ko‘ra, o‘zbek tili AQSHning 14 ta, Turkiyaning 19 ta, Janubiy Koreyaning 3 ta, Hindistonning 2 ta nufuzli o‘quv yurtlarida xorijiy til sifatida o‘rgatiladi.

Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ona tilimizga bo‘lgan eʼtibor o‘zbek tilining yangi taraqqiyot davrini boshlab berdi. So‘nggi yillarda qabul qilingan muhim huquqiy hujjatlar, xalqaro konferensiyalar tashkil etilishi, buyuk mutafakkirlarimiz tavallud ayyomlarining keng nishonlanishi ona tilimiz yana-da rivojlanishiga poydevor bo‘lyapti. Asosiy Qomusimizda yurtimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va elat vakillarining tillari, urf-odatlari, anʼanalari hurmat qilinishi rasman mustahkamlangan, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratish belgilangan va bu amalda to‘liq o‘z ifodasini topgan. Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 10 aprelida imzolangan “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun ona tilimizning mavqeini yanada oshirishda mustahkam poydevor bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzining ortishiga hamda xorijiy mamlakatlarda tilimizga bo‘lgan eʼtibor hamda uni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish kuchayishiga xizmat qiladi.

Shu maʼnoda Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida tashkil etilgan Davlat tilini rivojlantirish departamenti oldiga davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish, davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan, shuningdek, uni rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish bo‘yicha takliflar tayyorlash kabi vazifalarning qo‘yilganligi muhim ahamiyatga egadir. Demak, bugun o‘zbek tili masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligidan dalolat beryapti.

Shu o‘rinda xorij mamlakatlarida davlat tiliga munosabat, hujjatlar qaysi tilda yuritilishiga bir eʼtibor qiling-a. Germaniyada “Maʼmuriy amaliyotlar to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, maʼmuriy amaliyotlar uchun rasmiy til sifatida nemis tili belgilangan. Agar masʼul idoraga nemis tilidan boshqa tilda murojaat qilinsa, organ darhol uning nemis tiliga tarjimasini talab qiladi. Nemis tilidan boshqa tilda murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi. “Davlat tili to‘g‘risida”gi Rossiya Federal Qonuniga ko‘ra, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar Rossiya hududida faoliyat yurituvchi har qanday tashkilot rus tilida ish yuritishi, tashkilotni nomlashda ham davlat tilidan foydalanishi belgilangan. Qonunni buzish tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Maʼlumki, Navoiy kon-metallurgiya kombinati mamlakatimizdagi eng yirik sanoat korxonasi hisoblandi. Bugungi kunda kombinat ishlab chiqarish korxonalarida yuqori malakali mutaxassislar faoliyat olib borishadi. Keyingi yillarda kombinatda ko‘plab ishlab chiqarish standartlari va texnik yo‘riqnomalar, terminlar, mehnat xavfsizligi qoidalari kabi hujjatlar davlat tiliga tarjima qilindi. Shunisi eʼtiborliki, ularning asosiy qismi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidadir. Ammo hali ko‘plab ishlarni amalga oshirishimiz kerak. Shu maqsadda kombinat tizimidagi korxonalarda amalda bo‘lgan texnik qo‘llanmalar, standartlarni davlat tiliga tarjima qilishimiz kerak. Bu borada ishlar boshlab yuborilgan. Ularni davlat tiliga o‘tkazish uchun Navoiy davlat konchilik instituti va boshqa oliy o‘quv yurtlarining tajribali professor-o‘qituvchilari jalb etilmoqda. Kombinat bo‘linmalaridagi xodimlarga davlat tilini chuqur o‘rganishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, davlat tilida ish yuritishlari uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi hamda viloyatlarda, jumladan Navoiy davlat pedagogika institutida tashkil etilgan hududiy bo‘linmalarida o‘qishlar tashkil etiladi.

Bugungi kunda olib borilayotgan islohotlar, davlat tilida ish yuritishdagi muammolar, kamchiliklar va oldimizda turgan masalalarni bosqichma-bosqich hal qilish, davlat tili bo‘lmish o‘zbek tilining nufuzini yanada oshirish idoralararo muloqotning davlat tilida yuritilishiga mustahkam zamin yaratadi. Kombinat bo‘linmalaridagi guvohnomalar, lavhalar, yorliqlar va boshqa ish yuritish qog‘ozlari o‘rganib chiqilib, ularni davlat tilida yuritilishi bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Davlat tiliga oid qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishini taʼminlash hamda joylarda aniqlanayotgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Jamoatchilik nazoratining shakllaridan biri bu – jamoatchilik monitoringini keng qo‘llash hisoblanadi. Joylardagi mavjud kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etishda jamoatchilik monitoringi o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Jumladan, bo‘linmalar binolaridagi turli lavha va targ‘ibot vositalari monitoring qilinib, eskirgan va imloviy xatoliklari mavjudlari yangilanmoqda.

Mamlakatimizda mavzelar, ko‘chalar, madaniyat va istirohat bog‘lari, bekatlar o‘zbekcha nomlandi. Ammo hali-hanuz “Davlat tili haqida”gi qonunning ijrosi bo‘yicha ayrim kamchiliklarimiz bor. Bu borada amalga oshirish zarur bo‘lgan vazifalar talaygina. Kombinat ishchi-xodimlari istiqomat qilayotgan shahar va qo‘rg‘onlarimizni, ko‘chalarimizni kezar ekansiz, nomlar, peshlavhalar, shiorlar yozuvlarida xatoliklar uchrayotganiga guvoh bo‘lamiz. Maʼnosiz nomlar, to‘mtoq jumlalar, o‘zboshimchalik bilan qilingan tarjimalar, yasama so‘zlarni ko‘rib ensangiz qotadi. Mutasaddilarning, korxonada mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning ona tiliga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirish vaqti keldi.

Muhtaram Yurtboshimizning “Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan eʼtiborni mustaqillikka bo‘lgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni, ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak. Bu olijanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak”,– degan so‘zlari kundalik shiorimiz va amaliy dasturimizga aylanishi zarur.

Bir so‘z bilan aytganda, ona tili, bu – millatning ruhi, davlat timsolidir. Uni asrab-avaylash, rivojlantirish, shak-shubhasiz, millatning yuksalishini belgilaydi. Buyuk siymolarni yetishtirgan ona tilimizni qadrlash, xalqaro miqyosdagi obro‘-eʼtiborini, nufuzini oshirish, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shish, dunyo uzra keng tarannum etish – barchamizning muqaddas vazifamizdir.


                                                                                                                  Suhbatni A. Zaripov uyushtirdi.


09.06.2020 4129