"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Chinakam mustaqillik — til istiqlolidan boshlanadi!

Yurtimizda ona tilimizni izchil takomillashtirish va rivojlantirish, xalqimizning milliy ruhini yuksaltirish, adabiyot, madaniyat va sanʼatni baland pogʻonalarga koʻtarish, tom maʼnoda bugungi kundalik hayotimizning dasturiga aylangan desak mubolagʻa emas.

Toshkent shahar hokimining maslahatchisi Akmal Roʻzitoyev bilan boʻlgan suhbatimiz bevosita milliy tilimizning bugungi kundagi rivoji, bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar xususida boʻldi.

— Akmal Aʼzamovich ayting-chi, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etishda qabul qilingan Davlat dasturi ijrosini taʼminlash yuzasidan belgilangan vazifalar qanchalik oʻz samarasini beryapti?

— Milliy tilimizning hurligi istiqlolning birinchi sharti sanalarkan, chinakam mustaqillik sururi, milliy til erki va ozodligidan boshlanadi. Oʻz tilida erkin muloqot qilish, kuylash va ijod qilish imkoniga ega boʻlmagan, oʻz tilida davlatni idora qila olmagan mamlakat,har qanday millat mustaqillikka erishdik desa yolgʻon boʻladi. Chorak asrdan oshdiki, Respublikamizda 21-oktyabr kunini ona tilimizning tantanasi sifatida bayram qilish qadriyatga aylangan.Taʼkidlash joizki, ona tilimizga davlat tili maqomi berilgan kunni istiqlol va mustaqillikka erishish yoʻlida qoʻyilgan eng muhim va eng shavkatli qadam deyish mumkin. Endi, bevosita savolingizga javob bersam, albatta qabul qilingan qonun va qarorlar, belgilangan ustuvor vazifalar oʻz samarasini beryapti. Ona tilimiz chin maʼnoda millat gʻururiga aylanishi eng avval “kichik mamlakat”dan insonning tugʻilgan goʻshasidan boshlanishi kerak va shart.

Oddiy qilib aytsam, milliy ruh aslida eng avval oilada shakllanadi, singdiriladi. Ota onaning vataniga, millatiga boʻlgan munosabati,har bir bolaning maʼsum qarashlariga, murgʻak onggu shuuriga toshga oʻyilgan naqsh kabi yozilib qoladi.Binobarin, maktab bogʻchalarda tashkil etilayotgan ona tili mavzusidagi uchrashuvlar,davra suhbatlari har bir ishtirokchining qalbida muqaddas tilimizga boʻlgan mehr-muhabbatni, Vatanga sadoqatni, millatlararo bagʻrikenglik kabi zarur tuygʻularni yana-da mustahkamlashga zamin yaratishi shubhasiz.

— Xabarim bor, Toshkent shahridagi tumanlarda ishtirokingizda bozorlar, maktablar, savdo doʻkonlari, maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari va shu kabi qator joylarda oʻrganish ishlari oʻtkazilib, xalqimizga davlat tilining kundalik hayotimizdagi oʻrni, ahamiyati haqida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.Bu qanchalik natija beryapti?

— Maʼlumki, ona tilimizning ravnaqi, samaradorligini keskin oshirish yuzasidan shaxsan Prezident nazorati oʻrnatilgan. Davlat departamenti tuzilgan. Ona tilimizning samaradorligi borasida tez va qilinishi zarur boʻlgan asosiy topshiriq va vazifalar oʻrtaga tashlangan. Shularning eng muhimlaridan biri, til boʻyicha har bir masʼul shaxs koʻchaga chiqsin, har bir mahalla, koʻcha, bozorlarni aylansin, odamlarga tushuntirish ishlari olib borilsin deyilyapti.Biz ham imkon darajasida Toshkent shahri hududi boʻylab mutasaddi vakillar bilan oʻrganish ishlarini amalga oshiryapmiz. Xalqimiz bilan yuzma-yuz suhbatlar olib boryapmiz, ularga tushuntiryapmiz. Men uchun eng ogʻriqli joyi shundaki, aksariyat yurtdoshlarimiz oʻz ona tilining hayotidagi oʻrnini, ahamiyatini mutlaqo anglamaydi. Faqat qorin gʻami bilan yashayotganga oʻxshaydi. Eng achinarlisi davlat tili qabul qilinganligiga 30 yildan oshayaptiki,oʻzbek millatiga mansub fuqarolarning milliy tilimizga boʻlgan munosabati kishining dilini xufton qiladigan darajada qoniqarsiz. Oʻzbekistonga ilk bor kelgan mehmon boʻlsa, savdo doʻkonlari, maishiy xizmat koʻrsatish joylaridagi eshik va derazalar, devorlardagi asosan ruscha soʻzlar yozib yopishtirib qoʻyilgan eʼlonlarni koʻrib, Rossiyaga kelib qoldim deb oʻylashi tayin. Milliy qadriyatlarimizning bir boʻlagi boʻlgan bozorlarni aylanarkansiz, kirish eshiklariga asosan rus tilida yozilgan koʻrsatmalarga duch kelasiz.

— Nega rus tilida yozilgan?—degan savolimizga aksariyat yurtdoshlarimiz asosiy xaridorlar rus millatiga mansub odamlar boʻlgani uchun deb javob berishdi. Biz ularga har doim har qanday koʻrsatma va eʼlon, reklamalar eng avvalo davlat tili-oʻzbek tilida, keyin zarur boʻlsa rus tilida yozilishi lozimligini tushuntiramiz.

Oʻzini, ota onasini, mahallasini, millatini hurmat qilgan inson oʻz ona tilini ham hurmat qilishi kerak emasmi, axir?!...

Tilga behurmatlik, nopisandlik oʻziga, oʻzligiga boʻlgan qadrsizlikdir. Axir bu dunyoda inson faqat vujud ehtiyoji uchun yashamaydi-ku?

Keyingi oʻrganish ishlarida Toshkent shahri hududiga kiruvchi,markaziy koʻchalardagi tashqi reklamalar, eʼlonlar, peshlavhalar, toʻyxona va kafelarning nomlari ham koʻrib chiqilishini ham rejaga kiritganmiz.

— Oʻtgan davr mobaynida Toshkent shahrining markaziy koʻchalarida tashqi yozuvlar, lavhalar, eʼlonlar, reklamalarning davlat tili qonun hujjatlariga qatʼiy rioya qilinishi borasida qanday koʻzga koʻrinarli ishlar qilindi?

— Bu borada ham keng koʻlamli ishlar qilindi desam mubolagʻa emas. Toshkent shahrining Ohangaron, Maxtumquli, Parkent, Navoiy, Olmazor, Fargʻona yoʻli, Qorasuv, Buyuk ipak yoʻli koʻchalarida oʻrganish va tadbirkorlik subyektlari bilan tushuntirish ishlari olib borilishi natijasida jami 1000 dan ortiq tashqi reklama obyektlari qonun hujjatlariga moslashtirildi. 2000 dan ortiq ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan, tilni ulugʻlovchi, buyuk allomalarimizning hikmatli soʻzlaridan iborat namunalar tashqi reklama obyektlariga ilindi.

— Toshkent shahar hokimining “Toshkent shahrining arxitekturaviy qiyofasini va transport infratuzilmasini takomillashtirish hamda tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori tayyorlanishi nimalarni oʻzgartiradi deb oʻylaysiz?

—Darhaqiqat, mazkur qaror ijrosi bilan Toshkent shahriga tashrif buyuruvchi mehmonlarga bir qator qulayliklar va imkoniyatlar yaratiladi.Xiyobonlar, bino va inshootlar, yoritish ustunlari, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari, koʻchalarda joylashgan tashqi reklama, bilbordlar, turli eʼlonlar, yozuv va axborotlarni tartibga keltirish imkoni paydo boʻladi. Tuzilgan ishchi guruh aʼzolari tomonidan joylarda hujjatlarsiz qurilgan qurilmalar, oʻzboshimchalik bilan oʻrnatilgan yozuv va eʼlonlar xatlovdan oʻtkazilib,qisqa muddat ichida mavjud muammolarni bartaraf etish choralar koʻrilmoqda.

— Poytaxtimizning markaziy koʻchalarida oʻzga tilda noqonuniy turgan reklama bannerlarini oʻzgartirish, olib tashlashda qanday qiyinchiliklar, toʻsiqlarga duch kelinyapti?

— Eng avvalo oʻz qadr qiymatini bilgan mamlakatning har bir fuqarosi, mamlakat qonunlariga qatʼiy rioya qilishi, boʻysunishi kerak deb bilaman. Qolaversa, qiyinchiliklarsiz natijaga erishish mushkul. Imkon darajasida yurtdoshlarimizga tushuntirish ishlarini olib borish natijasida,Yashnobod, M.Ulugʻbek, Shayxontohur, Yakkasaroy, Olmazor, Uchtepa tumanlari hududlarida oʻzboshimchalik bilan yoʻlning qatnov qismiga, piyodalar yoʻlaklariga oʻrnatilgan tashqi yozuvlar, eʼlonlarning 3000 mingdan ortigʻi olib tashlandi.Oʻz oʻrnida, Toshkent shahar va tuman hokimining maslahatchilari tomonidan joylarda, aholi gavjum boʻlgan bozor atroflarida ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan shiorlar, halollikka targʻib etuvchi yozuvlar, kichik bannerlar bozor hududlariga oʻrnatildi. Jumladan, Farhod va Eski Joʻva dehqon bozorlarida oʻzbek tilida shiorlar va maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyatga ega boʻlgan yozuvlar ilindi.

Toshkent shahrida olib borilayotgan oʻrganish natijasida amalga oshirilayotgan ishlar, hamda bartaraf etilayotgan xato va kamchiliklar boʻyicha avvalgi holat va bartaraf etilgandan soʻngi holatlar yuzasidan roliklar tayyorlab, ijtimoiy tarmoqlar orqali, shuningdek, hokimlik rasmiy saytida yoritib borilishi yoʻlga qoʻyilgan.

Suhbatdosh Ozoda Bekmurodova.

Manba: yuz.uz

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!
09.07.2020 108