"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Bilimli va zakovatli bo‘lish vositasi

Yusuf Xos Hojib ilm-ma’rifat jarchisi va homiysi sifatida bilimni baxt-saodatga erishishning bosh omili deb hisoblaydi. Mazkur asarning “Til odobi” deb nomlangan bobida tilning jamiyat va madaniy hayotdagi o‘rni, til ilmi, nutq odobi va notiqlik san’ati kabi masalalar keng ochib berilgan. Yusuf Xos Hojib, til bilimli va zakovatli bo‘lishning asosiy vositasi ekanligini, tilning sharofati bilan inson o‘z bilimi, aql-idrokiga sayqal berishi, fikrini oydinlashtirishini ta’kidlaydi.

Mahmud Qoshg‘ariy ham “Devoni lug‘oti turk” asari bilan tilimiz ravnaqiga bebaho hissa qo‘shib, davlat tilining nufuzini oshirish, ona tilimizning ravnaq topishiga xizmat qilgan. Asarda alifbo, fonetik qonuniyatlar va orfografik qoidalar, turkiy so‘z tuzilishi an’analari, so‘z tartibi, fe’l shakllari, so‘z etimologiyasiga oid bilimlarni keng yoritilgan.

“Islom madaniyatining oltin asri” deb atalmish Ikkinchi Renessans – dunyoning ulkan geografik hududlarida siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy yirik islohotlar orqali yaxlit qudratli davlatni barpo etgan Sohibqiron Amir Temur nomi bilan bog‘liq. Bu davrda ham davlatning til siyosati beqiyos rivojlandi. Saltanat hujjatlari va Amir Temurning “Temur tuzuklari” qomusiy qo‘lyozmasi ona tilimizda bitildi. Buyuk bobomiz Alisher Navoiy milliy so‘z san’atimiz, ona tilimiz ravnaqi, uning jahonga tanilishiga beqiyos hissa qo‘shib jahon adabiyotining nodir durdonasi hisoblanadigan asarlarini, xususan, besh dostonni o‘zida jamlagan “Xamsa” to‘plamini yaratdi. Dostonlar tilining nihoyatda boyligi, go‘zalligi hamda purma’noligi hamon hayratga sazovor.

Shu o‘rinda yon atrofimizdagi, ko‘cha-kuydagi, ommaviy axborot vositalari, televidenie, radio hamda ijtimoiy tarmoqlardagi yozuvlar va chiqishlar e’tiborimizni tortmasdan qolmaydi. Ularda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar esa ba’zan ko‘ngilga og‘ir botadi. Chunki, til millatning bebaho boyligi, uni buzishga esa hech kimni haqi yo‘q.

Globallashuv davrida o‘zgarishlariga ko‘r-ko‘rona yondashmasdan, zehnimizni ishga solib o‘z ona tilimiz sofligini saqlaylik! Buni har birimiz eng avvalo, oilamizdan, mahallamizdan, shahrimizdan, qolaversa kasb egasi sifatida faoliyat olib borayotgan sohamizdan boshlashimiz lozim. Chunki, davlat tili talablari barchaga barobar, unga yosh ham, qari ham birdek rioya etishi shart.

Bu borada davlat bojxona xizmati idoralari tomonidan talay ishlar olib borilmoqda. Avvallari ruscha ish yuritadigan faoliyatimizga o‘zbek tili davlat tili sifatida kirib bordi, o‘z o‘rnini topdi. Barcha ish qog‘ozlari nusxalari, ilmiy ishlar, tadqiqotlar o‘zbek tilida yoziladigan bo‘ldi.

 Hozir yana bir qiyin jarayon shaxsiy tarkibning nutq madaniyatini tarkibga keltirish yuzasidan qurama nutqqa ega xodimlarni nutq madaniyati hamda notiqlik mahoratini oshirish, davlat tilida ish yuritish bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qitish tashkillashtirilgan. Bu borada esa Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi va uning joylardagi filiallari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilgan.

Hujjat almashinuvi to‘liq davlat tilida amalga oshirilmoqda. Davlat tilida ish yuritishni to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha 2021-yilning o‘tgan davrida 50 mingdan ortiq xat-hujjatlar davlat tilida ro‘yxatga olindi. 7 mingdan ortiq idoraviy va ichki hujjatlar to‘liq davlat tilida ishlab chiqildi. 14 mingdan ortiq chiqish xatlari ro‘yxatga olindi. Qonun ijodkorligi yuzasidan 2021 yilning o‘tgan davrida 40 ta normativ-huquqiy hujjatlar davlat tilida ishlab chiqildi.

O‘zbek tilini xalqimiz ijtimoiy hayotida to‘laqonli joriy etish va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, oliy ta’lim muassasalarida davlat tilini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish bilan bog‘liq masalalarni ilmiy tahlil qilish va zarur taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida joriy yilning oktyabr oyida til bayrami munosabati bilan, Bojxona instituti hamda Davlat bajxona qo‘mitasi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda tomonidan “O‘zbek tili ta’limini takomillashtirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi ilmiy-amaliy davra suhbati, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida “O‘zbek tilida harbiy terminologiyaning masalalari”ga bag‘ishlangan davra suhbati hamda Adiblar xiyobonida,“Ona tilim, o‘zingsan buyuk!” mavzusida bir qator ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar o‘tkaziladi. Bundan tashqari, tizim va uning tarkibiy tuzilmalari shaxsiy tarkibi o‘rtasida “Ona tilim faxrim” xeshtegi ostida fotosuratlar tanlovi boshlandi.

O‘zbek tilining sofligini saqlash, uni yot unsurlardan himoya qilish, bojxona sohasiga oid terminlarni milliylashtirish borasida ishlar davom ettirilmoqda. Davlat bojxona qo‘mitasi mas’ul xodimlari va Bojxona instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan yangi tahrirdagi “Davlat tilida ish yuritish” qo‘llanmasi, “Bojxona ensiklopediyasi” va “Bojxona ishi sohasida qo‘llaniladigan terminlar lug‘ati” kitoblari tayyorlanib nashrdan chiqarildi.

Shuni alohida qayd etish joizki, jamiyat hayotining turli jabhalarida, jumladan davlat bojxona xizmati organlarida ham davlat tili birlashtiruvchi va hal qiluvchi kuch sifatida namoyon bo‘lishi zarur.

 

Habibulla AZIZOV,

Davlat bojxona qo‘mitasi raisining maslahatchisi,

bojxona xizmati polkovnigi

26.10.2021 3350