"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Tilimizning yangi davri boshlanmoqda

Ota-bobolarimiz so‘zni o‘z o‘rnida qo‘llay bilishgan, insonlarni so‘z bilan tarbiyalab, so‘z yordamida ularga malham bo‘lishgan. Adabiyot maydonida bog‘ yaratgan Alisher Navoiy, Bobur kabi buyuklarning asrlar osha barhayot asarlari bugun har birimizning yuragimizga singib ketgan. Ular orqali ma’naviy hayotimiz yanada to‘yinmoqda. Shu ma’noda til ajdodlardan qolgan merosni anglab yetishimizda, ularning davri, zamoni haqida tasavvurlarimizning shakllanishiga zamin yaratadi. Buyuk mutafakkir Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, “har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadigan oyinai hayoti — bu uning milliy tili va adabiyotidir”. Bugun ham tom ma’noda tilimizning yuksalish, rivojlanish davri kechmoqda. Bugun biz yaratgan asarlar, biz aytgan so‘zlar kelajak avlodlar uchun dasturilamal bo‘lsa, ne ajab?

So‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar qatorida o‘zbek tilini yanada yuksaltirish, isloh qilish masalasi ham ko‘ndalang qo‘yildi. Agar esingizda bo‘lsa, Prezident Shavkat Mirziyoev 2019-yil o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida o‘zbek tilining davlat va jamiyat hayotidagi ta’siri va nufuzini oshirish bo‘yicha vazifalarni sanab o‘tib, barcha sohalarda o‘zbek tilidan to‘laqonli foydalanish, lotin yozuviga asoslangan alifboni takomillashtirish va boshqa millat vakillarining til o‘rganishi uchun shart-sharoitlar yaratish muhimligini ta’kidlagan edi. Shunday ekan, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tish oldimizda turgan kechiktirib bo‘lmas masaladir.

Shu ma’noda joriy yil Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror asosida Fanlar akademiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligining tilshunos olimlari va ziyolilardan iborat ishchi guruh tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Mazkur Qonun loyihasi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 15 kunlik muhokama davomidayoq “regulation.gov.uz”da loyihani 26 mingdan ziyod kishi ko‘rib, 1035 ta fikr qoldirgan. Bildirilgan takliflarning 56 foizi (547 tasi) lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi isloh qilinishini, 32 foizi (302 tasi) esa amaldagi alifboda qolishni yoqlagan. Bundan ko‘rinadiki, yangi alifboga o‘tishni xohlovchilar ko‘p. Albatta, til borasidagi qarashlarimiz mustahkam qaror topmog‘i zarur. Shundan kelib chiqib mazkur Qonun loyihasi muhokamasi 1 noyabrga qadar uzaytirildi. O‘zbekistonda lotin yozuviga asoslangan 28 harf va 1 ta harflar birikmasidan iborat o‘zbek alifbosini joriy etish ko‘zda tutilgan.

O‘zgartirishlardan maqsad — o‘zbek tilining nufuzini jahon maydonida yuksaltirish, jamiyatimizda foydalanishga qulay bo‘lgan alifboga o‘tish. Vaholanki tilimiz o‘zining fonetik, leksik hamda grammatik jihatlari bilan ajralib turadi. Shu paytgacha biz foydalanib kelgan lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek tilida esa ayrim muammolar ko‘zga tashlanadi. Ba’zi bir so‘zlarning talaffuzda boshqacha, yozuvda boshqacha ko‘rinishi ham turli ziddiyatlarni yuzaga keltiradi.

Shu o‘rinda yana bir narsaga diqqat qaratish kerak, yoshi ulug‘ yurtdoshlarimizning aksariyati lotin yozuviga asoslangan alifboni o‘qishga qiynaladi, yoshlar orasida esa kirill yozuvi asosidagi alifboni tushunmaydiganlar bor. Albatta, yoshlar bugungi o‘zgarishlarga hamohang tarzda hayot kechirishadi va muhokamaga qo‘yilgan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini qabul qilish ham qiyinchilik tug‘dirmaydi. Ammo katta avlod vakillarining bunga ko‘nikishi qiyin bo‘lishi tabiiy. Lekin amalga oshirilayotgan bu o‘zgarishlar avvalo har birimiz uchun muhim jarayonligini unutmasligimiz zarur. Zero, necha yildan buyon lotin yozuviga asoslangan alifboga o‘tish bahsli mavzu bo‘lib kelmoqda. Qonun loyihasi qabul qilinishi bilan tilimizning butunday yangi davri boshlanishi muqarrar.

 

Sultonmurod TASHIMOV,

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza

qilish qo‘mitasi raisi maslahatchisi

28.10.2021 3361