"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Metrologiya sohasida xizmat ko‘rsatish davlat tilida raqamlashtirildi

O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizim tashkiloti hisoblangan O‘zbekiston milliy metrologiya instituti (O‘zMMI) tomonidan davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash, tadbirkorlar uchun xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarini davlat tilida raqamlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.

Ishbilarmon va tadbirkorlar uchun navbatdagi yana bir muhim qulaylik bo‘lib yaratilgan Metrologiya xizmati axborot tizimi «e-metrologiya» fikrimizga dalil bo‘la oladi. Tizim orqali barcha turdagi ariza va murojaatlar davlat tilida  onlayn tarzda qabul qilinib, qisqa muddatda elektron shartnoma tuzish imkoniyatidan foydalanilmoqda.

Respublika Prezidentining 2020-yil 28-apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi doirasida yaratilib ishga tushirilgan ushbu tizim institutga qilinadigan murojaatlar bilan ishlashda ortiqcha qog‘ozbozlik, inson omili ishtirokini keskin kamaytirib, aholi va ishbilarmonlar doirasi vakillarining vaqtini tejashga xizmat qilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, sohada korrupsiyaga yo‘l qo‘yilishining oldini oladi.

Murojaat qiluvchilar tizimning barcha imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishlari uchun ro‘yxatdan o‘tib, shaxsiy kabinet orqali ishlashi lozim. Ro‘yxatdan o‘tish soddalashtirilgan tartibda joriy qilingan. Jismoniy va yuridik shaxslarning ro‘yxatdan o‘tish jarayoni 3 bosqichda bo‘lib, shaxsiy elektron raqamli imzo (ERI) orqali mobil telefon raqam kiritiladi va telefon raqamiga yuborilgan tasdiqlash kodi tizimga yoziladi. Shundan so‘ng, pastki qismda arizachi elektron pochta manzili to‘ldiriladi va ro‘yxatdan o‘tish jarayoni tugaydi.

Shartnomalar tuzish jarayonlari ham sodda ko‘rinishga ega bo‘lib, foydalanuvchiga tushunarli tarzda yaratilgan. Murojaat qabul qilinib, shartnoma tuzilgandan so‘ng eng ko‘pi bilan 15 ish kunida barcha xizmatlar ko‘rsatiladi va elektron guvohnoma (sertifikat) taqdim etiladi.

Bugun institutga 30 nafarga yaqin tadbirkor va ishbilarmonlar va hamkor korxonalar vakillari taklif etilib, «e-metrologiya» axborot tizimining ishlash holati, undan samarali foydalanish imkoniyatlari, tizimning o‘ziga xos tomonlari haqida mutaxassislar tomonidan keng tushuncha va ma’lumotlar berildi.

Tadbirda  O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentinig qator farmonlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-yanvardagi “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida davlat tilida davlat xizmatlari ko‘rsatishda metrologiya xizmatining o‘zaro bog‘langan axborot resurslari kompleksi (ma’lumotlar bazasi)ni ifodalaydigan va amalga oshirilgan o‘lchashlar natijalarini kuzatib borish mumkin bo‘lgan yagona tizim yaratilib, ishga tushirilganligi ta’kidlandi. Tizimdagi eng muhim jihatlardan biri onlayn ariza berish, onlayn shartnoma tuzish bilan bir qatorda elektron sertifikat taqdim etish va umumiy bazada saqlash imkoniyati yo‘lga qo‘yilgani aytildi.

Tadbirda tadbirkorlar, xususan, Elektron hisoblagich, O‘lchash asboblarini sozlash va “Test gaz servis” korxonalari vakillari tizim bo‘yicha savol va takliflarini bildirishdi. Mutaxassislar savollarga javob berish davomida, tizim foydalanuvchilar uchun qulay interfeysga ega bo‘lib, barcha ma’lumotlar qulay va tushunarli ko‘rinishlarda “Davlat tili haqida”gi Qonunga muvofiq tarzda berilgan va barcha ma’lumotlar ishonchli saqlanishi ta’minlanganligiga urg‘u berishdi.


Naibaxon Mamadalieva,

Bosh direktor maslahatchisi, professor

23.11.2021 3420