"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Sohani rivojlantirishga maʼnaviyat va ilmsiz erishib boʻlmaydi

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi Maʼnaviyat va Maʼrifat Kengashining kengaytirilgan majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisda agentlik, tizim tashkilotlari va hududiy filiallari tomonidan 2021-yilda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash, lotin alifbosiga bosqichma-bosqich oʻtish, xotin-qizlar va yoshlar bilan ishlash, tashkilotlar joylashgan hududlardagi mahallalar bilan hamkorlik yoʻlida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.

Majlisda Agentlik Bosh direktori D.Sattarov oʻtgan yili davomida qilingan ishlar haqida gapirdi, ilgʻor boʻlgan tizim tashkilotlari va hududiy filiallar ham alohida toʻxtaldi. Bosh direktorning maslahatchisi yil boshida tashkil etilgan Agentlik Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi faoliyati va qabul qilingan qarorlar, ularning ijrosi haqida maʼlumot berdi.

Taʼkidlash lozim, yil davomida Agentlik va tizim tashkilotlarida oʻtkaziladigan har bir majlis, uchrashuvlar, Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashi majlislarida maʼnaviyat va maʼrifat, davlat tili targʻiboti boʻyicha olib borilgan ishlar, muammo va ularning yechimi masalasiga alohida eʼtibor qaratildi, muhokama qilinadi, tegishli qarorlar qabul qilinib, ijrosi taʼminlandi va monitoringi olib borildi. Har bir tizim tashkilotida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tilida ish yuritilishini taʼminlash boʻyicha alohida masʼul belgilangan.

Agentlik tizimida davlat tilida ish yuritish toʻliq taʼminlandi, lotin alifbosida ish yuritish yoʻlga qoʻyildi. Agentlik va tizim tashkilotlarining rasmiy veb-saytlari, ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari ham davlat tiliga asoslangan lotin alifbosida yuritilyapti. Agentlik, tizim tashkilotlari va ularning hududiy filiallarida tashkilot nomlari, peshlavhalar, reklama va eʼlonlar, ish qogʻozlari va turli blanklar lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida boʻlishi taʼminlandi. 5 ta tizim tashkiloti, 36 ta hududiy filiallariga xizmat safarlari tashkil etilib, barcha sinov laboratoriyalari va sertifikatlashtirish idoralarida asbob uskunalarning texnik xususiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, kimyoviy birikmalar nomlari, tavsiflari lotin alifbosida yozib qoʻyildi (bugungi kungacha rus tilida edi). Agentlik muassisligidagi “Standart” ilmiy-ommabop jurnalini lotin alifbosida nashr qilish boshlandi.

Xususiy tartibda faoliyat yurituvchi Sertifikatlashtirish organlari uchun videokonferensiya aloqa tarzida oʻtkazilgan seminarlar tashkil etilib, respublikamizda barcha ish yuritish va xizmat koʻrsatish davlat tilida amalga oshirilishi va 2023-yildan lotin alifbosiga oʻtishi belgilab qoʻyilishi munosabati bilan muvofiqlik sertifikatini asosan davlat tilida berilishi, xususiy va qoʻshma korxonalar zarurat yuzasidan rus tilida soʻragan taqdirda rus va oʻzbek tillarida berilishini taʼminlash vazifasi belgilab qoʻyildi.

Standartlar institutida standartlashtirish sohasiga yangi atamalarni kiritish, ularni mukammallashtirish, standartlashtirish sohasida xalqaro atamalar bilan uygʻunlashgan yangi soʻzlarni aniqlash, ularni amaliyotga kiritish, soha atamalarining izohli lugʻatini nashrga tayyorlash boʻyicha mutaxassis va lingvist olimlardan iborat ishchi guruh tuzildi. “Standartlashtirish sohasida xalqaro atamalar bilan uygʻunlashgan davlat tilidagi atama va tushunchalarning izohli lugʻati”ning yangi tahriri nihoyasiga yetkazildi, bugungi kunda nashr ishlari olib borilmoqda. Lugʻatga Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida, ISO/MEK xalqaro standartlari va Butunjahon savdo tashkilotining hujjatlarida oʻz aksini topgan asosiy atama, tushuncha va taʼriflar kiritildi. Agentlik va Milliy metrologiya instituti rasmiy veb-saytlarida “Atamalar izohli lugʻati” degan sahifa ochilib, muntazam ravishda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasi atamalarini berib borish yoʻlga qoʻyildi.

2021-yil 20-dekabr holatiga UzTest DM tomonidan 31249 ta muvofiqlik sertifikati, 42540 ta sinov bayonnoma tuzildi, OʻzMMI DM tomonidan 531 520 dona oʻlchash vositalari (shulardan 7 010 dona oʻlchash vositasi yaroqsiz deb topilgan) metrologik tekshiruvdan oʻtkazildi. Koʻrsatilgan metrologik xizmatlardan 491 631 dona qiyoslash, 22 582 dona attestatsiya ishlarini tashkil etadi. Departament tomonidan 380 ta buyruqlar (136ta buyruq lotin alifbosida), 157 ta davlat nazorati hujjatlari toʻliq davlat tilida rasmiylashtirildi. “Akkreditatsiya markazi"  DK tomonidan 2021-yilning 11 oyi davomida jami 189 ta organlarining akkreditatsiya guvohnomalari toʻliq davlat tilida rasmiylashtirildi. Standartlar instituti tomonidan 15 ta davlat tilida Davlat standarti ishlab chiqildi, 919 ta xalqaro standartlar davlat tiliga tarjima qilindi. Bu faoliyat ham avval rus tilida amalga oshirilar edi. Shuningdek, xususiy korxonalar va qoʻshma korxonalar zarurat yuzasidan rus tilida soʻragan taqdirda rus va oʻzbek tilida berilishini taʼminlash vazifasi belgilab qoʻyildi. Korxonalarda “korxonabay” ishlash tizimini yoʻlga qoʻygan holda oʻtkazilgan 100dan ortiq uchrashuvlarda korxona vakillariga tamgʻalash, qadoqlash, shuningdek sohaga oid boshqa masalalarda davlat tiliga alohida eʼtibor qaratish yuzasidan ham tushuntirishlar berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–5133-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida inson omilini kamaytirish maqsadida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va uning tizimidagi tashkilotlar tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali toʻliq avtomatlashtirish choralari koʻrilib, davlat tilida “ye-standard”, “e-metrologiya”, “e-akkreditatsiya” axborot tizimlari ishlab chiqildi va ishga tushirildi Muvofiqlikni baholash sohasida xizmatlarni toʻliq avtomatlashtirishni nazarda tutuvchi kompleks axborot tizimini amaliyotga joriy qilish ishlari olib borilishi natijasida barcha sertifikat, guvohnoma va bayonnomalar davlat tilida lotin alifbosida taqdim etiladi

Agentlik, tizim tashkilotlari va ularning hududiy filiallari tasdiqlangan jadval asosida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tili asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi tomonidan tashkil qilingan malaka oshirish kurslariga qatnashib, tegishli namunadagi sertifikat va tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar. Malaka oshirish kurslariga jami 50 nafar xodim malaka oshirdi.Tizim tashkilotlari, ayniqsa hududiy filiallarda boshqa millat vakillari juda kam foizni tashkil qiladi, oʻrganish natijalari rus va tatar millatiga mansub xodimlar davlat tilida bemalol muloqot qilishlari haqida maʼlumotga ega boʻlindi. Shunday boʻlsa ham, ayrim davlat tilida ish yuritishga qiynaladigan xodimlar uchun viloyatdagi mavjud oʻquv muassasalari bilan shartnoma imzolangan va shu asosda davlat tilini oʻrganish ishlari qoʻlga qoʻyilgan. Agentlikda faoliyat yuritayotgan boshqa millat vakillari bilan muntazam ravishda davlat tilida ish yuritish boʻyicha tushuntirish ishlari olib boriladi, amaliy yordam berib boriladi, haftaning har juma kuni “Davlat tilida ish yuritish” (taqdim etilgan qoʻllanma boʻyicha) mavzusida 45 minutlik oʻquv mashgʻuloti ham olib boriladi. Haftaning bir kuni “Bugun oʻzbek tilida gapiramiz” degan fleshbom bilan kuni bilan muloqot faqat davlat tilida amalga oshiriladi. Shu bilan birga, Agentlik tizimi xodimlarining davlat tiliga asoslangan lotin alifbosida ish yuritish boʻyicha savodxonligini oʻrganish va ular yoʻl qoʻygan xatolari ustida tizimli individual tarzda ishlash maqsadida diktant olindi, ntaijalari Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi majlisida muhokama qilindi va bir yilda ikki marta shunday tartibda diktant olish belgilab qoʻyildi.

Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizimida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash borasida 2021-yil 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani oʻtkazildi (bunday matbuot anjumani boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruv organilari tomonidan oʻtkazilmadi), matbuot anjumanida 10 dan ortiq OAV vakillari ishtirok etdi, UZREPORT telekanali tomonidan toʻgʻridan toʻgʻri namoyish etildi, anjuman jarayonida aholi va tadbirkorlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarini berdilar va mutaxassislardan tegishli javoblarni oldilar, 30 ga yaqin fleshbom, videorolik, xeshteglar tayyorlandi.

Davlat tilida ish yuritish va oʻzbek tilini yanada rivojlantirish borasidagi ishlarda, ilmiy tadqiqotlarda va tashkiliy vazifalarni bajarishda yuqori koʻrsatkichga erishgan rahbar va mutaxassis kadrlarini, ilmiy xodimlarni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish maqsadida “Oʻzbek tili bayrami” munosabati bilan Agentlik Bosh direktori va 9 nafar tizim xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari Departamenti tomonidan “Faxriy yorliq” bilan taqdirlandi.

Yil davomida 150 dan ortiq turli mavzudagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, bayram sanalari va taniqli insonlar tavallud kuniga bagʻishlangan kechalar, uchrashuvlar, viktorina, davra suhbatlari, “Jaholatga qarshi maʼrifat” mavzusida turkum tadbirlar oʻtkazildi. Ularda 2 nafar Oʻzbekiston Qahramonlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi depatutlari, Yoshlar Parlamenti aʼzolari, koʻplab yozuvchi va shoirlar, olimlar va tadqiqotchilar, taniqli aktyorlar, biznes vakillari, iqtidorli yoshlar, koʻp yillar davomida tizimda faoliyat yuritib ketgan faxriylar, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari boʻyicha qoʻmita vakillari ishtirok etdilar.

Agentlik Markaziy apparati Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat Markazi bilan hamkorlikda imzolangan Yoʻl xaritasi asosida ishni olib borgan boʻlsa, hududiy filiallar ham markazning viloyat boshqarmalari bilan hamkorlik shartnomalarini imzolab, hamkorlikda ish olib bordilar.

Xodimlar oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini yana rivojlantirish maqsadida Agentlik, tizim tashkilotlari va hududiy filiallarida idoraviy kutubxonalar tashkil etildi. Hududiy filiallar Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining hududiy boʻlimlari va viloyat markaziy kutubxonalari bilan shartnomalar imzolab oyda bir marta yangi nashr qilingan kitoblar almashinuvini yoʻlga qoʻydilar. Shuningdek, ayrim hududiy filiallar hududda joylashgan Prezident maktablari va ijod maktablari ham keng hamkorlikni yoʻlga qoʻydilar.

Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi Qonun hujjatlariga rioya etilishi, lotin alifbosiga bosqichma-bosqich oʻtilishi taʼmishlash boʻyicha olib borilayogan ishlar, Agentlik, tizim tashkilotlarining rasmiy veb-saytlari, Telegram kanali, Feysbuk va Instagramdagi bloklarida muntazam yoritib boriladi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti rasmiy veb-sayti “Maslahatchi minbari”da, “Oʻzbekiston ovozi”, “Yangi Oʻzbekiston”, “Xalq soʻzi” gazetalari, UzA.uz Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, viloyat gazetalari, Agentlikning “Standart” jurnalida 40ga (veb-saytlardagi maʼlumotlardan tashqari) yaqin maqolalar nashr qilingan, 10ga yaqin mediaturlar oʻtkazildi.

Majlis davomida 2021-yilda oʻrganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar va ularning ijrosi yuzasidan masʼullardan axborotlar tinglandi.

Shuningdek, majlisda yangi 2022-yilda qilinadigan ishlar ham beliglab olindi. Bunda yil nomidan kelib chiqib “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” Davlat dasturida belgilab beriladigan vazifalarni toʻlaqonli oʻz vaqtida va samarali bajarish yuzasidan Bosh direktor D.Sattarov tomonidan aniq topshiriqlar berildi. Zero, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Inson qadrini ulugʻlash — yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash demakdir. Bu borada jamiyatimiz asosi boʻlgan mahalla hal qiluvchi oʻrin tutadi”.

Bosh direktor D.Sattarov tizim xodimlarining maʼnaviy-maʼrifiy bilimlarini yanada oshirish, davlat tiliga asoslangan lotin alifbosida ish yuritishni toʻliq egallash va kerak boʻlsa malaka oshirish ishlarini keng yoʻlga qoʻyish, xorijiy tillarni oʻrganish haqida toʻxtalib, sohani rivojlantirishga maʼnaviyat va ilmsiz erishib boʻlmasligini alohida taʼkidladi. Yoshlarni soha boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlariga keng jalb etish, xorijiy tajribani oʻrganish, maqbulini tizimli joriy etish, turli oʻtkaziladigan tanlovlarda faol ishtirok etish yuzasidan ham topshiriqlar berdi. Xorijiy investorlar bilan yaqindan ishlash jarayonida qadoqlash, tamgʻalash ishlarida davlat tilini tadbiq etish boʻyicha tushuntirish ishlari olib borilishi belgilab qoʻyildi.

 

 

Naibaxon Mamadaliyeva

Bosh direktor maslahatchisi,

fil.f.d., professor

21.01.2022 3183