"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Til millatning dunyoni bilish, anglash, tuyish vositasidir

  “O‘zbek tili kambag‘al til emas,

balki o‘zbek tilini kamba‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al.

Ular  o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar”

(Abdulla Qodiriy)   

         Har qanday xalqning tarixi, oʻziga xos tabiati, qadriyatlari, avvalo, oʻsha xalqning ona tilida aks etadi. Oʻz tilini asrab-avaylagan, uni zamonlar osha rivojlantira olgan millatgina oʻzligini, milliy qiyofasini saqlab qoladi. Millatning mavjudligi, avvalo, uning tilida namoyon bo‘ladi. Zotan, til millatning dunyoni bilish, anglash, tuyish vositasidir.

       Turli millat va elatlarni farqlovchi asosiy belgilardan biri ham til sanaladi. Tilini yo‘qotgan xalq millat sifatida ham yo‘qlikka mahkumdir.

        Mustaqilligimizni qo‘lga kiritishning qutlug‘ jarayoni o‘zbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi bilan boshlandi. 1989-yil 21-oktabrda „Davlat tili to‘g‘risida“gi Qonun qabul qilindi. Ushbu qonun milliy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish uchun juda katta imkoniyatlar berdi. 

      Mamlakatimiz qonunchiligida, rasmiy ish yuritishda, sud jarayonida, o‘quv faoliyatida qo‘llaniladigan asosiy til o‘zbek (davlat) tilidir. O‘zbek tili – Markaziy Osiyodagi eng qadimiy, boy va rivojlangan tillardan biri. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga asosan O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir (4 -modda). O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi maxsus qonun bilan ham belgilangan. Konstitutsiya va qonunda o‘zbek tilining davlat tili deb belgilanishi boshqa har qanday tillarning muomalada bo‘lishini rad etmaydi. Boshqa tillardan ham kundalik hayotda, turmushda keng foydalanish imkoniyati mavjuddir.         Oʻzbekiston Respublikasida Davlat tilini oʻrganish uchun barcha fuqarolarga shart-sharoit yaratildi hamda millatlar va elatlarning tillariga izzat-hurmat bilan munosabatda boʻlish, ularning rivojlanishi taʼminlandi.

        Bugun bizda ham chet tillarini o‘rganishga zarur shart-sharoitlar yaratilishi bilan birga o‘z ona tilini chuqur bilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekistonda garchi davlat tili sifatida o‘zbek tili ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, boshqa millatlarning nafaqat tili, balki urf-odatlari ham alohida hurmat qilinadi.
Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, o‘z tilini hurmat qilgan boshqalarning ona tiliga ham chuqur hurmat bilan qaraydi.

           Shu o‘rinda, bugun “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun talablariga to‘liq rioya qilinyaptimi? degan savol tug‘iladi. Menimcha, ma’naviyatimiz ko‘zgusi bo‘lgan ona tilimiz sofligiga  to‘liq e’tibor qilmayapmiz, uning boy imkoniyatlaridan to‘g‘ri va o‘rinli foydalana olmayapmiz.

           Ming yillar davomida sayqallangan o‘zbek tili imkoniyatlari dunyodagi hech bir tildan kam emas. Biroq ona tilimizning ko‘rki, chiroyi, jozibali ifoda imkoniyatlarini po‘lat zirhday beta’sir, deb bo‘lmaydi. Boshqacha aytganda, turli salbiy omillar uning betakrorligiga daxl qilib, mavqeiga putur yetkazishi turgan gap.

           Ko‘chalardagi turli e’lonlar, reklama bannerlari, transport vositalaridagi manzil ko‘rsatkichlari, binolar peshtoqidagi, idora va tashkilotlar muhrlaridagi yozuvlarga e’tibor bersangiz, ularning aksariyati imlo qoidalariga mos emas. Yozuvlardagi xatoliklarni ilg‘ay oladigan kishi-ku, mayli, nuqsonni o‘zi to‘g‘rilab o‘qishi mumkin. Biroq u yosh, hali imlo qoidalarini to‘la o‘zlashtirmagan bo‘lsa-chi?

      Televideniye orqali namoyish etilayotgan teledasturlarning ko‘pi “Megapolic”,  “Reality shou”, “The cover up”, “Discovery”, “Muzqaymoq party”, “Smile party”, “Sketch shou”, “Bumirang” kabi ajnabiy nomlar bilan atalgan. Bu illatlar kichkina ko‘rinsa-da, tilimizga yot bo‘lgan bunday so‘zlar milliy mentalitetimiz rivojiga, yosh avlodning ma’naviy olamiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

           Bugun tilimizda uchrayotgan xatolar ichida uslubiy xatoliklar, ya’ni so‘zlarning noto‘g‘ri ishlatilishi, so‘z tartibi qoidalariga rioya qilmaslik, ruscha so‘zlarni lotin yozuvida yozish, jamoat transportida yo‘nalish va manzillar yozilishidagi xatoliklarni ko‘plab uchratish mumkin. Bunday salbiy holatlar ona tilimizga, unga davlat tili huquqiy maqomini bergan qonunga nisbatan hurmatsizlikdir.

      Ishlab chiqarilgan mahsulot, taqdim etilayotgan xizmatning xaridor nazariga tushishida reklamaning o‘rni beqiyos. Yurtimiz ishbilarmonlari tomonidan reklamaga katta e’tibor berilayotgani ham bejiz emas. Bugun ko‘chalarimizni bezab turgan ulkan bilbordlar, afishalar fikrimiz dalilidir. Biroq ularning matni ona tilimiz qoidalariga mos emas.  “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunning 20-moddasida “Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin” deya qat’iy belgilab qo‘yilgan. Ammo lavhalar, e’lonlar, narxnomalar hamma joyda ham ushbu talabga mos tarzda rasmiylashtirilayapti, deb bo‘lmaydi.       

       Davlat tilimizga bepisand munosabatning yana bir ko‘rinishi joy nomlari, bino va inshootlarga bilib-bilmasdan nomlar qo‘yish tarzida namoyon bo‘lmoqda. Qolaversa, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunda ham bu borada me’yoriy qoidalar mavjud. Masalan, “Tip-top” sharbati, “Versal”, “Imperial” restoranlari, “Blinoff”, “Bistro” maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalari,  “Black Cat”, “Два брата”, “Safia”, “Evos” kafelari va boshqalar. Bunday nomlarni ko‘rgan kishi o‘ziga shunday savollar berishi tabiiy: “Bu imoratlar O‘zbekistondami yoki biror xorijiy o‘lkada? Bunday so‘zlar ma’naviy qadriyatlarimizga, xususan, millatimiz ramzi bo‘lgan o‘zbek tili qonuniyatlariga mos emas. Bu kabi nomlarni tanlayotgan insonlarda milliy g‘urur, ona tilimizga hurmat qani? Mahsulotini o‘zbekcha nomlayotgan, chiroyli, zamonaviy binolari peshtoqiga o‘zbekcha nom yozib qo‘yayotgan kishilar sa’y-harakati esa har qancha olqishga loyiqdir.

       Bugun barcha sohalar qatori tilimiz rivoji va uning taraqqiyoti haqida ham jiddiy mulohaza qilish payti yetdi. Buning uchun mustahkam huquqiy baza yaratildi. Dastlab davlatimiz rahbarining 2019-yil 4-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori, so‘ng 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, qolaversa, ona tilimizga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligi munosabati bilan poytaxtimizdagi Xalqaro Kongress markazida ilk davlat tadbiri o‘tkazilgani, unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ona tilimizning nufuzini yanada oshirishga doir qator takliflarni aytgani va vazifalar belgilab bergani, bundan buyon 21-oktabr mamlakatimizda ona tili bayrami sifatida keng nishonlanishi, bularning bari aytish mumkinki, davlatimiz tomonidan ona tilimiz – o‘zbek tiliga hurmat va e’tiborning amaldagi ifodasidir. Demak, huquqiy asos mustahkam, endi faqat unga amal qilish qoldi. Bugun har bir shaxs “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunga to‘la rioya qilishi shart.

Bizga beminnat xizmat qiluvchi ona tilimiz rivojiga to‘siq bo‘layotgan kamchiliklarni bartaraf etishda ham xolis bo‘lsak, jonkuyarlik ko‘rsatsak, hamjihatlik bilan ish tutsak, ezgu maqsadlarimizga erishishimiz muqarrardir.

          Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani ham ona tilimizga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tiborning yorqin ko‘rinishidir. Universitet o‘zbek xalqining milliy o‘zligini, milliy ma’naviyatini dunyoga ko‘rsatishga, bu borada malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi. 

         Til sofligini ta’minlash, uning qoidalariga og‘ishmay amal qilish har bir yurtdoshimizning ham qonuniy, ham ma’naviy burchi sanaladi.

 

 

    Xakimova Zebinisa Muzaffarovna

Davlat xizmatlari agentligi direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘isidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi

 

31.01.2022 3120