"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Hoshiyaga bitilgan – umrboqiylik

Dunyo yaralib, unda bashariyat paydo bo‘lgandan buyon tug‘ilmoq va o‘lmoq inson qismatiga bitilgan. Umrimizning chegaralanganligi uni chiroyli o‘tkazish sabog‘ini o‘rgatadi. Boshqacha aytganda, bu sinovli dunyoning har birimiz uchun atalgan chig‘iriqlaridan qay tarza o‘tish, foniy dunyodan, boqiylikka qay yo‘sin qadam qo‘yish qaysidir ma’noda o‘z qo‘limizda. Alloh tomonidan aql va idrok in’om etilgan har bir inson bu haqiqatni tushunadi va shu yo‘lda harakat qiladi.

Oramizda yashashni sevmagan, uzoq yashashga intilmagan insonni topish mushkul. Faqat yashash mazmunini har kimsa o‘z qarichi bilan baholaydi. Kimdir dunyo qadrini mol-dunyo yig‘ishda deb bilsa, kimdir faqirona bo‘lsa ham ko‘ngil xotirjamligida umrguzaronlik qilishga intiladi. Yana kimdir havas bilan yashasa, boshqa bir inson hasad bilan borliqni va borlig‘ini qorong‘ulikka burkaydi. Oramizda bir umr boshqalar haqida bir daqiqa ham qayg‘urmagan, o‘z olamida yashab o‘tganlar, yoinki, ko‘p yaxshi amallari bilan nafaqat el koriga yaragan, balki, shu orqali o‘zining ikki dunyosini ham munavvar etgan bashar farzandlari ham bor. Ularni o‘zi necha yillar oldin tabiat xodisasi tufayli yo‘q bo‘lib ketgan bo‘lsa-da shu’la taratib turgan yulduzlarga qiyoslaysan kishi. Bugun men ana shunday “yulduzlar”dan biri, xalqimizning sevimli adibi O‘tkir Hoshimov haqida qog‘oz qoralashni niyat qildim.

Adib tug‘ilmoq va o‘lmoq jarayonini ikki eshik orasidagi masofaga qiyoslagan edi. Bu o‘xshatishdan biz juda keng ma’noni anglashimiz mumkin. Shaxsan men bu qiyoslashni quyudagicha talqin etgan bo‘lar edim. Go‘ya hayot ikki eshikdan iborat bir xona misoli-yu, insonlar esa bir eshikdan kirib, ikkinchi eshikdan chiqib ketuvchi mehmonlardek. Kirish va chiqish oralig‘i esa – umr yo‘li.

O‘tkir Hoshimov o‘zining Yaratgan in’om etgan hayotiga mazmun baxshida eta olgan inson edi. U hayot, tug‘ilish va yashashning asl mohiyatini chuqur anglagan va ana shu haqiqatlarni mohirona tarzda o‘z asarlarida ifodalay olgan adib sifatida xotiramizdan joy oldi. Uning birgina “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobining o‘zi ham yuqoridagi fikrlarimizning yaqqol dalili bo‘la oladi. Kitobni ilk sahifasida keltirilgan quyudagi satrlar sizga yozuvchi haqida ko‘p xulosalarni taqdim etadi:

“Aziz o‘quvchim! Bu kitobchani qariyb qirq yil yozdim. Bular mening Kuzatuvlarim, o‘ylarim… Bir qadar armonli, bir qadar istehzoli, bir qadar tabassumli xulosalarim... Aslida, ularning har birini alohida asar qilsa ham bo‘lardi-ku... mayli... Men bularni uzoq o‘ylab yozganman. Iltimos, Siz ham kitobni shoshilmasdan, o‘ylab o‘qisangiz...”

Adibning ushbu asari kirib bormagan xonadon bo‘lmasa kerak. Bu mo‘jaz kitobni qo‘limga olganimda, hali talaba edim. Bugun hayotning achchiq-chuchugini totgan inson sifatida uni qayta varaqlar ekanman, asardagi qimmatli fikrlarga o‘zga bir qarash, o‘zga bir xulosalarni tuyaman. Beixtiyor mazkur fikrlar bejiz qirq yillik mehnat mahsuli bo‘lmaganiga iymon keltiraman. Bugun o‘z xulosalarimni siz bilan o‘rtoqlashish niyatidaman.

Asardagi insonga berilgan ta’rifga e’tiboringizni qaratmoqchiman:

“Inson shu qadar buyukki, uning fazilatlarini o‘lchash – dunyodagi eng baland tog‘ning eng baland cho‘qqisiga emaklab chiqish zahmati bilan teng. Inson shu qadar tubanki, uning illatlarini o‘lchash – dunyodagi eng baland tog‘ning eng baland cho‘qqisidan emaklab tushish zahmati bilan teng”.

Bu satrlarni mutolaa qila turib, qalbingizda bir oz g‘ashlikni his etasiz. Beixtiyor sinovli umr yo‘lida turfa xil insonlar orasida inson degan nomga munosib bo‘lib yashash mashaqqati hayolingizdan o‘tadi. Boshqacha aytganda, qalban o‘zingizni taftish qilasiz. Bir onga fikrlaringizni jamlashga qiynalasiz… O‘zingizcha xulosalar yasaysiz.

Shuningdek, asardagi “Xom sut emgan banda” sarlavhasi ostidagi quyudagi bitiklar ham insonni mulohazaga chorlaydi.

“Odam uchta narsaning qadrini doim kechikib biladi. Yoshlik. Sog‘lik. Tinchlik.” Ushbu fikrlar ayni siz-u biz yashayotgan davr va sharoitda naqadar mos keladi. Pandemiya sharoitida sog‘lik barcha boyliklardan ustun turishini anglamagan inson qolmadi, nazarimda, biroq bu holat ko‘pchiligimiz uchun kasallikdan keyingi xulosa bo‘lgani achinarli hol, albatta. Yoshlik ham insonga g‘animat hisoblanadi. Kuch-g‘ayratga to‘la onlardan mazmunli foydalana olishni barcha ham uddalay olmaydi. Keksalikning qay tarzda kechishi yoshlikni qay tarzda qadrlanganiga bog‘liq. Yuqoridagilardan ana shu mazmunni anglash mumkin, nazarimda...

“Kongil” sarlavhasi ostidagi fikrlarni mutolaa qila turib esa, beixtiyor ko‘zingizga yosh keladi. Hayot tashvishlaridan horigan jismimiz, ruhimiz uchun aslida eng zarur bolgan mehrning bugun qimmatlashib borayotgani yodimizga tushadi. Aslida, mehr dunyo yaratilishiga sabab bolgan, borliqni bor etib turgan tuyg‘u desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Qarindoshlik rishtalari, qoshnichilik, er-xotin, ota-ona hamda farzandlar ortasidagi rishta, qo‘yingki barcha munosabatlarning negizidir mehr:

“Odam hamma narsaga to‘yishi mumkin. Boylikka… Amalga ham… Shon-shuhratga… Xudoning o‘zi kechirsin-ku, hatto… hayotga ham… Qarib-churiganida “Omonatingni olaqol, yaratgan Egam”, deydiganlar, chin dildan gapiradi… Odam hamma narsaga to‘yishi mumkin. Faqat bir narsaga – Mehrga to‘ymaydi. Bu masalada shohu-gado barobar. Holbuki, dunyoda bundan arzon narsa yo‘q. Bir og‘iz shirin So‘z, bir chimdim Mehr kimni o‘ldiribdi! Biz esa shuni ham bir-birimizdan ayaymiz...”

Adibning falsafiy mazmundagi quyudagi bitiklari haqida soatlab fikr almashmoq, ularni tahlil qilmoq mumkin:

“Umr o‘lchovi yolg‘iz Ollohga, mazmuni esa ko‘p jihatdan insonning o‘ziga bog‘liq.”

“Donolik bilan nodonlik shu qadar yaqinki, odam donolikni qancha ko‘p da’vo qilsa, shuncha nodon bo‘ladi!”

“Dono nodondan o‘zini bir pog‘ona quyi tutsa, hayron bo‘lmang. Tarozining yukli pallasi bo‘sh palladan pastroqda turadi”.

“…Inson – aqlli. Inson – donishmand. Inson – telba!”

“Yomonning yaxshisi bo‘lgandan yaxshining yomoni bo‘l. Yomondan yomonlik yuqadi. Yaxshidan yaxshilik”.

“Rost gapir. Rostgo‘y odam jasur bo‘ladi”.

“Toshni maydalab, qumga aylantirish uchun bir daqiqa kifoya. Ammo qumning toshga aylanishi uchun ming yil kamlik qiladi. Do‘stlik ham shunga o‘xshaydi.”

 “Haqiqat havoga o‘xshaydi. Rangini ko‘rmaysiz. Ovozini eshitmaysiz. “Hidini bilmaysiz… Ammo bir lahza havosiz qolsangiz, bo‘g‘ilib ketasiz…”

 “Nar lochin yemish topib kelarkan. Moda lochin o‘ljani polaponlariga bo‘lashib berarkan. Biron falokat bo‘lib, moda lochin o‘lib qolsa, nar lochin har qancha yemish topib keltirmasin, baribir, polaponlar ochidan nobud bo‘lar ekan. Negaki, nar lochin o‘ljani bolalariga burdalab berishni eplolmas ekan… Tabiat naqadar beshafqat, tabiat naqadar dono!”

Asarning har bir sahifasida bu kabi qimmatli fikrlarga duch kelasiz. Boshqacha aytganda, kitobchadagi o‘zida katta ma’no-mazmunni ifodalagan kichik bitiklar adib e’tirof etganidek, o‘quvchi rohat qilib o‘qishi uchun, iztirob chekib yozilgan.

Xulosa o‘rnida kitobdagi quyudagi fikrlarni keltirmoqchiman:

“Ikkita eng xolis hakam – Kitobxon va Vaqt sinovidan o‘tgan asar haqiqiy asardir”. Biz adibning qalamidan to‘kilgan har bir ijod mahsuliga ana shunday ta’rif bera olamiz. Ular bugun xalq e’tiborini, xalq muhabbatini va nihoyat xalq e’tiqodini qozondi hamda O‘tkir Hoshimov siymosini adabiyot tarixiga o‘chmas tarzda muhrladi. Biz esa ushbu durdonalar uchun adibdan minnatdorlik hissini tuyib yashaymiz.

 

Shahriyor Mansurov

Qurilish vazirining ma’naviy-ma’rifiy

 ishlar samaradorligini oshirish,

 davlat tili to‘g‘risidagi qonun

 hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash

 masalalari bo‘yicha maslahatchisi

 

 

02.02.2022 3203