"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Kurshat Yilmaz: Xalqaro standartlarni davlat tiliga tarjimasida oʻzbek tilshunoslarini faolligi muhim

Bugungi kun talablariga javob beradigan sertifikatlashtirish tizimini yanada takomillashtirish, tadbirkorlikka qulay shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, zamonaviy xalqaro norma va talablarga muvofiqligini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish  agentligi va Turkiya standartlashtirish instituti (TSE) tomonidan yangi, zamonaviy talablarga javob beradigan  “Oʻzbek-Turk Test Markazi” Masʼuliyati cheklangan jamiyati Oʻzbekiston-Turkiya qoʻshma korxonasi tashkil etilgan. Bugungi kunga kelib mazkur qoʻshma korxona ichki va xalqaro bozorda koʻp yillik tajriba va oʻz oʻrniga ega. Bunda Turkiya standartlashtirish instituti (TSE) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Kurshat Yilmazning xizmati beqiyosdir.

Kuni kecha Turkiya standartlashtirish instituti (TSE) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Kurshat Yilmaz bilan oʻtkazilgan uchrashuvda davlat standartlarini xalqqa tushunarli tilda ishlab chiqish, xalqaro ISO standartlarini davlat tiliga tarjima qilish  va garmonizatsiya sohasida innovatsion metodikalarni jalb qilish, agentlik huzuridagi sohalar boʻyicha Texnik qoʻmitalar faoliyatini yanada takomillashtirish va jadallashtirish boʻyicha Turkiya tajribasi yuzasidan soʻz yuritildi. Binobarin, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 2-iyundagi PQ-5133-son qarori ilovasida berilgan “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, muvofiqlikni baholash, akkreditatsiya va metrologiya sohasini rivojlantirishning asosiy indikatorlari roʻyxati”da ham Milliy texnik qoʻmitalarning xalqaro tashkilotlar texnik qoʻmitasiga aʼzoligini taʼminlash masalalari asosiy vazifalardan biri sifatida qoʻyilgan. Taʼkidlanishicha, Turkiya standartlashtirish instituti (TSE) qoshidagi 42  ta soha boʻyicha tashkil etilgan Texnik qoʻmitalar tarkibida davlat tashkiloti vakillari, ishlab chiqaruvchilar va, albatta, tilshunos olimlar ham faol ishtirok etadilar. Har bir davlat standartini ishlab chiqish yoki xalqaro standartlarni turk tiliga tarjima qilishda tilshunos olimlarining fikri muhim hisoblanadi va bu bilan standartlarning sifati ham yuqori boʻladi. Tabiiyki, yuqori sifatli standartlar asosida ishlab chiqariladigan mahsulotlarning sifati ham shunga yarasha boʻladi.

Shu nuqtai nazardan, Kurshat Yilmazning fikricha, standartlarni davlat tilida ishlab chiqish va xalqaro standartlarni davlat tiliga tarjima qilishni faqat Oʻzbekiston standartlar instituti mutaxassislari emas, balki Agentlik huzuridagi turli tarmoq va sohalar boʻyicha Texnik qoʻmitalar bilan hamkorlikda tizimli ravishda amalga oshirish maqsadga muvofiq va bunda albatta oʻsha soha boʻyicha davlat boshqaruv organi vakili, tarmoq mutaxassisi va oʻzbek tilshunos olimlari ham ishtirok etishi kerak. Buning uchun Texnik qoʻmitalar hisoblangan oʻzbek tilshunoslarini soha mutaxassislari bilan hamkorlikda xalqaro tashkilotlarga malaka oshirish, tajriba almashish va ilmiy stajirovkalarga yuborish maqsadga muvofiq. Kurshat Yilmaz aynan ushbu yoʻnalish boʻyicha Turkiya standartlashtirish instituti (TSE) har tomonlama tayyor ekanligini bildirdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining  “Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida” 2021-yil 2-iyundagi PF-6240-son Farmonida ham agentlik oldiga aynan texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya, muvofiqlikni baholash sohasida kadrlarni tayyorlash, ularning kompetentligini oshirish hamda faoliyatini xalqaro talablar asosida tashkil etish masalasi asosiy vazifalardan biri sifatida qoʻyilgan.

Uchrashuvda Kurshat Yilmaz tomonidan ISO, SEN, CENELEC kabi xalqaro tashkilotlarining standart tayyorlash loyihalarida ishtirok etish ham bu borada samarali natijalar berishini taʼminlash mumkinligini taʼkidladi. Turk hamkorimiz malaka oshirish, stajirovkalarni tashkil qilishni ish beruvchi bilan xodim oʻrtasida shartnoma tuzish orqali amalga oshirilishi yaxshi samara berishini taʼkidladi, yaʼni malaka oshirgan yoki stajirovkada boʻlgan xodim kamida uch yil muddatda shu tashkilot yoki korxonada ishlashi, agar boshqa ishga oʻtgan taqdirda safar xarajatlarini qoplashini tashkil qilish kabi chora tadbirlar ishlab chiqilishi kerakligi boʻyicha taklif berdi. Shuningdek, sinov laboratoriyalarida validatsiya texnologiyasini, yaʼni GOST va ISO standartlari boʻlmagan mahsulotlar uchun davlat tilida yangi uslubiyotlarni ishlab chiqish, texnik jihatdan tartibga solish sohasida koʻrsatilayotgan xizmatlarni raqamlashtirish maqsadida axborot tizimlarini joriy qilish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Bundan tashqari, uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan eʼlon qilinayotgan Turkiya Respublikasi bilan hamkorlikdagi dastur va tanlovlarda agentlik tizimi yoshlarining ishtirokini taʼminlash, standartlashtirish, sertifikatlashtirish sohasi boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada jadallashtirish, yosh olimlarni chet ellarda malaka oshirish va stajirovkalarini tashkil etish boʻyicha ham fikr almashildi.

Uchrashuvdan soʻng qoʻshma korxonasida davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ijrosini taʼminlanganligi yuzasidan monitoring oʻtkazildi.  “Oʻzbek-Turk Test Markazi” MCHJ qoʻshma korxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy sertifikatlashtirish tizimida mahsulotlarni sertifikatlashtirish ishlarini meʼyoriy hujjatlar talablariga muvofiqligi uchun oʻtkazish huquqini beruvchi sertifikatlashtirish organi boʻlib,   qoʻshma korxonada uchta laboratoriya - toʻqimachilik va poyabzal mahsulotlarini sinovdan oʻtkazish, oʻyinchoqlar va idishlar mahsulotlarini sinovdan oʻtkazish, elektr-maishiy mahsulotlar va past kuchlanishli uskunalarni sinovdan oʻtkazish uchun sinov laboratoriyalari mavjud. Barcha laboratoriyalar zamonaviy xalqaro standartlar va talablarga javob beradigan zamonaviy sinov asboblari bilan toʻliq jihozlangan.  Hozirda qoʻshma korxonada yuqori malakali mutaxassislar ishlaydi, ularning sertifikatlar va maxsus sinovlarni oʻtkazish uchun ruxsatnomalarga ega, korxonaning koʻplab xodimlari Turkiyadagi Turkiya standartlari instituti (TSE) laboratoriyalarida oʻz malakalarini oshirganlar.

Monitoring jarayonida qoʻshma korxona bosh direktori tomonidan sertifikatlashtirish organi sifatida huquqiy-meʼyoriy hujjatlar talablariga binoan yengil sanoat tovarlari, aravachalar, turli xil idishlar, mebel mahsulotlari, sport anjomlari, elektr mahsulotlari, elektr maishiy texnika, kam quvvatli elektr apparatlari va texnologik uskunalarni sertifikatlashtirish jarayonida mahsulotlarning davlat tilida nomlanishi, yorliqlanishiga ham alohida eʼtibor qaratilishi, sinov bayonnomalari asosan davlat tilida rasmiylashtirilayotgani taʼkidlandi.

Qoʻshma korxonada ish yuritish toʻliq davlat tilida olib borilayotgani va xodimlarning hammasi lotin alifbosini toʻliq oʻzlashtirgani maʼlum boʻldi. Laboratoriyalardagi asbob uskunalari haqidagi maʼlumotlarni davlat tilida berilishi, yongʻin xavfsizligi va mehnat muhofazasi boʻyicha koʻrgazmali materiallar ham davlat tilida boʻlishi yuzasidan ham tavsiyalar berildi.

 

Naibaxon Mamadaliyeva,

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi

 Bosh direktori maslahatchisi,

Filologiya fanlari doktori

 

03.02.2022 3034