"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Oʻzbek tilini amaliy rivojlantirish davri keldi

Internet asrida o‘zbek tili oʻzining kommunikativ vazifasini qay darajada bajara olyapti?

Internetdan biror soʻz yoki tushuncha haqida oʻzbek tilida izoh qidirib koʻrsangiz darrov maʼlum boʻladi. Noiloj rus yoki ingliz tillarida qidirishga tushasiz, chunki bu tillarda maʼlumot haddan tashqari koʻp, chunki ular tilshunoslikda  amaliy jihatdan katta natijalarni qoʻlga kiritgan. Nazariyalar amaliyotga keraklicha  xizmat qidirilgan.

Bizda-chi: feʼlning morfologik shakllari boʻyicha, feʼl nisbatlari boʻyicha, kelishik qoʻshimchalari boʻyicha yuzlab ilmiy tadqiqotlar qilingan, zarur xulosalarga kelingan, ammo ko‘plari yarim asrdan beri nazariya holatda turibdi. Bugun jamiyat uchun oʻta zarur boʻlgan milliy til korpusini yarataylik desa, aksar ilmiy tadqiqot ishlaridan toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanib boʻlmaydi. Natijani davr nuqtai nazaridan qayta ishlash kerak boʻladi.

Davlat tilida ish yuritish masalasi. Tilshunoslik boʻlimlari, til sathlari, jumladan, nutq uslublari, davlat tilida ish yuritish asoslari yaratilgan, ammo hali ham  davlat tilida ish yuritish sohasida oqsashlar bor. Masalan, bank-moliya, tibbiyot tizimlarida hujjatlarni davlat tilida yuritish uchun milliy terminologiya hali talabga toʻla javob bermaydi. Oddiy misol: kundalik ehtiyoj mollari roʻyxatini tuzsangiz, yoki ishxonada sizga zarur boʻladigan konselyariya mollari roʻyxatini tuzaman desangiz (skripka, skotch, stepler, organayzer, ruchka...) oʻzbekcha soʻz topa olmaysiz, goʻyo oʻzbek tilida ish yuritish endi paydo boʻlgandek. Vaholanki, milliy davlatchiligimiz bilan teng yoshda ish yurutish tariximiz mavjud. Bu kabi muammolar bilan kim shugʻullanadi?

Albatta, amaliy tilshunoslar. Ular turli sohalar uchun lugʻatlar, jumladan, kundalik isteʼmol mollari nomlarini ham oʻzbekcha muqobillarini topib, boʻlmasa yasab jamiyat isteʼmoliga yetkazib beradi. Shuni ham taʼkidlash kerakki, davlat va hukumat tomonidan amaliy tilshunoslikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratib berildi: Prezidentimizning ketma-ket farmonlari imzolandi. Amaliy filologiyani rivojlantirish boʻyicha aniq vazifalar qoʻyildi.        

Amaliy tilshunoslik rivojlansa, jamiyat tilning ahamiyatini, qadr-qimmatini yaxshiroq anglaydi. Bugunga qadar yaratilgan nazariyalar ilm uchun xizmat qilmoqda, ammo toʻla maʼnoda xalq uchun xizmat qilyapti deb bo‘lmaydi. Shunning uchun ham jamiyatda til ayrim tilshunoslar, o‘qituvchilar tomonidangina qadrlanadi. Har bir jamiyat aʼzosi tilshunoslik yutuqlaridan bevosita foydalansa, til masalasi umumxalq masalasiga aylanadi.

Amaliy tilshunoslik zamonaviy mutaxassislar tayyorlash omili hamdir. Mazkur soha jamiyatning deyarli barcha jabhasi bilan integratsiyalashgan holatda rivojlanadi, faoliyat yuritadi. Masalan, harbiylar, texniklar, fiziklar, matematiklar, veterinarlar uchun bosma va elektron sohaviy lugʻatlar qilib beradi, barcha soha vakillari birdek foydalanishi uchun elektron platformalar, dasturlar tayyorlab beradi.

Amaliy tilshunoslik sohasi boʻyicha mutaxassislar tayyorlash masalasi.

 

Amaliy filologiya yoʻnalishini tugatgan talabalar ham filolog, ham metodist, ham jurnalist, ham axborot texnologiyalari xodimi, ham lingvist-ekspert, ham sud sohasida kotib, tevideniyeda muharrir, dasturchi, rahbarning davlat tili masalalar boʻyicha maslahatchisi, psixolingvist, matnshunos, manbashunos, noshir, dizayner, tahrirchi, notiq, leksikograf, etnograf, toponimika sohasi xodimi, ish yurituvchi, spicherayter, kiberxavfsizlik sohasi xodimi, sotsiolog, sotsiolingvist kabi koʻplab bugun jamiyat uchun o‘ta zarur boʻlgan mutaxassislar sifatida faoliyat yuritadi.

Amaliy tilshunoslikning ijtimoy ahamiyati shundaki, mazkur sohalar bilan shugʻillanilganda erishilgan natijadan toʻgʻridan-toʻgʻri jamiyat aʼzolari manfaat koʻradi. Chunki amaliy tilshunoslik nazariy tilshunoslik erishgan natijalardan tayyor mahsulotlar ishlab chiqadi va isteʼmolchiga bevosita yetkazib beradi.

Ayniqsa, bugun hamma soha raqamlashgan bir paytda tilni tayyor isteʼmol mahsulotiga aylantirish ham elektronlashadi. Bu ulkan vazifani ham aynan amaliy tilshunoslar amalga oshiradi.

Amaliy tilshunoslik jamiyat uchun bugun quyidagi muhim kommunikativ vositalardan foydalanish imkoniyatini yaratib bera oladi:

    - har bir soha xodimlari uchun oʻz kasbiy bilimlarini oshirishlari uchun sohaviy lugʻatlar, ularning mobil ilovalari;

    - taʼlim tizimi uchun kamida 50 turdagi oʻquv lugʻatlar, jumladan, bolalar uchun alohida rasmli, multimediali, oʻyin-topshiriq shaklidagi lugʻatlar;

    - xorijiy vatandoshlar va til oʻrganishga qiziquvchilar uchun elektron taʼlim platformalari, elektron dastur va darsliklar;

    - oʻzbek tilida foydalaniluvchi istalgan soʻz haqida turli aspektlarda maʼlumot bera oladigan oʻzbek tilining milliy korpusini yaratish;

     - turli xalqaro tillarga va boshqa tillardan oʻzbek tiliga matnlarni sifatli va aniq tarjima qiluvchi dasturlar;

      - matnlarni orfografik, stilistik tahrir qiluvchi elektron dasturlar;

      - nomlash xizmati uchun turli mavzu va yoʻnalishda nom yasovchi elektron generatorlar dasturlari;

      - mualliflik huquqini himoya qiluvchi, matnlarning originallik darajasini aniqlab beruvchi antiplagiat dasturlari;

     - til oʻrganish boʻyicha oʻquvchilar, talabalar va mutaxassislik malakasi boʻyicha oʻqituvchilarning bilim va koʻnikmalarini sifatli baholab bera oladigan dasturlar va h.k.

Amaliyotga xizmat qilmaydigan nazariyaning hech kimga keragi yoʻq. Biz allaqachon nazariy  tilshunoslikdan amaliy tilshunoslikka oʻtishimiz kerak edi. Jamiyat bugun turli ijtimoiy, iqtisodiy, texnologik sohalarni rivojlantirishda amaliy tilshunoslarga katta ehtiyoj sezmoqda. Qaysi sohaga yaqnlashsangiz uning ish yuritishi bilan bogʻliq muammolar tilshunoslikka kelib taqaladi. Aytish kerakki, bu yerda muammoni nazariya egalari emas, amaliy tilshunoslik sohasi mutaxassislari yechadi. Ammo ming afsuslar boʻlsinki, bizda bunday mutaxasislar deyarli yoʻq.

Prezidentimiz farmoni bilan Amaliy filologiya yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlash endi yoʻlga qoʻyildi. Buni kengaytirish, qoʻllab-quvvatlash, oliy taʼlimdagi boʻlajak mutaxasuslarni koʻproq amaliyot bilan bogʻlab qoʻyish, yoki ikkinchi kursdan tegishli sohalar bilan shartnomalar asosida uzluksiz amaliyot oʻtash mexanizmini yoʻlga qoʻyish, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti qoshida jamiyatning til, ish yuritish boʻyicha ehtiyojlarini qondiruvchi tayyor mahsulotlar (sohaviy lugʻatlar, dasturlar, mobil ilovalar ) ishlab chiquvchi kichik klasterlar tashkil etish lozim.

    Shuningdek, amaliy tilshunoslik sohasidagi muammolarni oʻrganuvchi va ularni tizimli ravishda yechishda amaliy yordam beradigan, chetdan kirib kelivchi so‘zlar, yangi atamalar, geografik obyektlarni nomlash, toponimika, leksikografiya sohalarini rivojlantirish, o‘zbek tilini bosqichma-bosqich raqamlashtirish bilan shug‘illanuvchi mustaqil “Zamonaviy lugʻatshunoslik, milliy atamashunoslik va nomlash” ilmiy-amaliy tadqiqot institutini joriy qilish ijtimoy zaruratga aylanib bormoqda. Chunki yuqorida sanab oʻtilgan muammolar bilan tizimli shugʻillanuvchi maxsus ilmiy-amaliy tadqiqot muassasasi mavjud emas.

            OTMlarda faoliyat koʻrsatuvchi professor-oʻqituvchilarning asosiy vaqti pedagogik jarayonlarga sarflanmoqda. Bitta ilmiy tadqiqot instituti imkoniyat darajasida faoliyat olib bormoqda, biroq bu ulkan vazifalarning hajm va yoʻnalishlar koʻlami nuqtai-nazaridan hammasini uddalay olmaydi.

Filologiya yoʻnalishida taʼlim olishni, ilmiy tadqiqot qilishni niyat qilgan, maqsad qilgan yosh iqtidorlarni mazkur sohani tanlashga, quruq nazariyalar bilan vaqt oʻtkazmay, ustozlar yaratgan va takomillashtirgan nazariy maʼlumotlarni amaliyotda qoʻllashga, amaliy tilshunoslikni tanlab ham jamiyat aʼzolariga foyda keltirib, ham oʻzlari moddiy va maʼnaviy manfaat koʻrish yo‘lidan borishsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Bugun oʻzbek tilini amaliy, texnologik rivojlantirishga ehtiyoj koʻproq. Shunday mutaxassislarga talab ham oshib bormoqda. Masalan, bir lingvist-ekpert, kompyuter dasturchilari daromadi esa boshqalarnikidan ancha yuqori ekani hech kimga sir emas. Televideniye, gazeta, bosmaxona, nashriyot muharrirligi, tahrirchilik bo‘yicha malakali  mutaxassislarining ham ish beruvchilar oldida qadri baland. Shu ma’noda, tadqiqotchilar amaliy tilshunoslikni rivojlantishga, jamiyatga foydasi tegadigan, kommunikativ munosabatlarda qulaylik yaratib beradigan ilmiy-amaliy tadqiqotlar, muammolar ustida ishlashga asosiy e’tiborni qaratishi lozim.

                                 

 Gʻofir Hamroyev, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori  


“Adabiyot ziyosi” gazetasida e’lon qilingan.

04.02.2022 3147