"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Farzandlarimizga mos bo‘lgan ismlarni qo‘yishga nimalarga e’tibor berishimiz zarur!?

Chaqaloq tug‘ilganda unga chiroyli ism qo‘yish har bir ota-onaning farzand oldidagi burchidir. Shuning uchun bu muhim ishga alohida e’tibor bilan yondashishi lozim. Farzand ulg‘ayib, katta bo‘lganida o‘z ismidan uyalmasin, balki ism unga ziynat bo‘lishi kerak.

O‘zbek xalqi azaldan o‘z farzandiga ma’noli va chiroyli ism qo‘yishga harakat qiladi. Toki, ulg‘ayganda ismini aytib chaqirishganda uyalmasin. O‘zbekistonda yashayotgan turli millatlar vakillari o‘z farzandlariga eng ko‘p qaysi ismlarni qo‘yishyapti?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yildagi Farmoniga asosan 2020-yil 1-apreldan boshlab FHDY organlari Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga o‘tkazildi. Davlat xizmatlari agentligi O‘zbekistonda 2021-yilning ortda qolgan davri mobaynida yangi tug‘ilgan eng ko‘p qo‘yilayotgan o‘g‘il bolalar va qizlar ismlari haqida ma’lum qiladi.

2021-yilning 8 oyida O‘zbekistonda 54660 nafar o‘zga millatga mansub chaqaloq dunyoga keldi, shundan 23,3 ming hafari – tojik bo‘lib, ularga Muhammadali va Mustafo ismlari eng ko‘p qo‘yilgan. Turkman va uyg‘ur bolalarga Muhammad, rus chaqaloqlariga Sofiya, qozoq chaqaloqlarga  Alixon ismi eng ko‘p qo‘yilgan.

2021-yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonda yashovchi boshqa millat vakillarining umumiy 54660 tug‘ilish holati qayd etildi.   

Davlat xizmatlari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, eng ko‘p – 23,3 ming tug’ilish tojik millatiga to‘g‘ri keladi. Oxirgi 8 oyda tojik chaqaloqlarga qo‘yilgan asosiy ismlar, Muhammadali va Mustafo ismlari bo‘ldi.

2021-yilning oxirgi uch oyida O‘zbekiston bo‘yicha yangi tug‘ilgan o‘g‘il bolalarga Muhammadali ismi, qizlarga esa Sofiya ismi eng ko‘p qo‘yilgan.  

2021-yilning 9 oyida O‘zbekistonda yangi tug‘ilgan o‘g‘il bolalarga (20 570 nafar) Muhammad ismi, qizlarga (21 323 nafar) esa Soliha ismi eng ko‘p qo‘yilgan.

Dunyoda turli millatlar, xalqlar mavjud. Ularning ichida bir xil ism bilan ataluvchilari talaygina. Jumladan, dunyoning 25 davlatida Safiya ismi keng tarqalgani ma’lum. Muhammad, Payg‘ambarimiz Muhammad (S.a.v.) ismlari musulmonlar ichida mashhurdir. Bugungi kunda Daniya, Angliya, Gollandiya va Belgiyada yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning ko‘chiligiga Muhammad ismi berilmoqda. Hisob-kitoblarga qaraydigan bo‘lsak, dunyo bo‘ylab 150 mln. kishilar Muhammad (arabcha, ma’nosi: oliy  martabali, yuksalgan, ulug‘vor) ismi bilan atalgan.

Shu o‘rinda сhaqaloqlar ismini yozishda yo‘l qo‘yilayotgan xatolar haqida to‘xtalib otmoqchi edim. Afsuski, hujjat va imloning mos tushmasligi hamda shu bilan bog‘liq muammolarga nafaqat tahririyat ishida, balki kundalik hayotda ham tez-tez duch kelish mumkin.

Avvallari xatolar davlat mahkamalarida, asosan, rus millatiga mansub kishilarning ishlashi bilan izohlanar edi. Bu muammo ma’lum ma’noda bartaraf etildi ham, biroq xatolardan hanuz qutilmadik. Ayniqsa, “h” va “x” xarflari qatnashgan ism-familiyalarning to‘g‘ri yozilganidan noto‘g‘risi ko‘p. Qolaversa, shunday ismlar ham borki, ularning asl imlosi allaqachon unutilib ketganday: Mashkura (Mahshura), Timur (Temur), Boxodir (Bahodir) kabi ismlar imlosi ham mana shunday kamsavodlik mahsulidir, desak adashmaymiz.

Ism noto‘g‘ri yozildimi, demak qachondir, undan hosil bo‘ladigan familiya ham xato bilan yoziladi. “Muxamedov”, “Tadjiyev”, “Kasimov”, “Yuldashev”, “Kadirov”, “Ibragimov” kabi familiyalarning kelib chiqish tarixi ham shu bilan bog‘liq. Afsus, ularning yangi egalari ham bu familiyalarni xatosi bilan birga qabul qilishmoqda. Mana, masalan, ko‘p uchraydigan familiyalardan
biri – “Artikov”, “Artik” yoki “Akilov”, “Akil” degan ism bormi? Yoki “Yakubov”, “Abdugapparova”. Nahot familiya egalari bir so‘zdagi uchta xatoga ko‘z yumsa! 

Ha, ko‘pсhilik shaxsini tasdiqlovchi hujjatni sobiq sho‘rolar davrida olgan. Bu hujjatlardagi ism, familiyalar avloddan avlodga o‘tib kelmoqda.
Ism-shariflarning avvallari xato yozilgani-ku mayli, bugun bu muammoning mavjudligini qanday izohlash mumkin? Hazrat Navoiy timsolida butun Sharq olamini tilga e'tiborli bo‘lishga undagan millatning vakili ism-sharifini xato yozsa, buni qanday oqlab bo‘ladi? Nima uchun bu hanuzgacha muammoligicha qolmoqda.

Mana, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga ham 32 yil bo‘ldi. Izohli lug‘atlar, imlo qoidalari jild-jild kitoblar holida bosib chiqarildi. Xo‘sh, qachongacha xatoni tamg‘aday ko‘tarib yurish mumkin? 

Hujjatlardagi xatolarni to‘g‘irlab takroran olish mumkin. Biroq bu keyinchalik rasmiy hujjatlar bilan ishlayotganda qiyinchilik tug‘diradi, degan xayolda ko‘pchilik bu qarordan voz kechadi. Ayniqsa, biror ko‘chmas mulkka egalik qilganlar yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanadiganlar ism-familiyadagi bittagina harfni ham o‘zgartirishga cho‘chisharkan. Aytishlaricha, bir hujjatda ismni to‘g‘irlash boshqa hujjatlarga ham o‘zgartirish kiritishni taqazo qiladi.
Ism-sharifdagi imloviy xatoni to‘g‘irlash qiyinchilik tug‘dirmaydi, Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma va pasportning takroran berilishini so‘rab tegishli idoralarga ariza yoziladi. Ism-familiya o‘zgartirilgandan keyingi yuritiladigan hujjatlarga esa shaxsni tasdiqlovchi hujjatning dastlabkisi va o‘zgartirilgani, shuningdek, o‘zgartirish sababi qayd etilgan ma'lumotnoma ilova qilinadi.

“So‘zda aytish oson-da”, – dersiz hoynahoy. Axir rasmiy hujjatlar haqida gap ketganida odamlarimiz ko‘z o‘ngiga idorama-idora yurish, sarsongarchilik, eshiklar oldida soatlab navbat poylash kabilar keladi. Qolaversa, bu yerda gap hujjat olish emas, borini to‘g‘irlash haqida ketganidan keyin, “shunisi ham bo‘laveradi” deydiganlar topiladi. 

Ma’lumki, qonunchilikka asosan bolaga ism qo‘yish ota-onaning huquqidir. Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaga ham ism ota-ona qanday xohlasa, shunday yoziladi. Aytaylik, ismning xato bilan yozilishini talab qilish ham ota-onaning huquqidir.

Ushbu masalaga aniqlik kiritadigan bo’lsak, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olish uchun kelgan ota yoki boshqa vasiy shaxs chaqaloqqa qo‘yiladigan ismni arizada yozma ravishda taqdim qiladi. FHDYo xodimlari uni imlo lug‘atlaridan tekshiradilar. Agar xatolik bo‘lsa, to‘g‘ri variantni ko‘rsatib, tushuntirish ishlarini olib boriladi. Tug‘ilishni qayd etish yozuvida doim imlo lug‘ati va ismlar kitoblari tayanadilar.

Xo‘sh, lug‘atlardan foydalanishsa, xatolar nima uchun kamaymayapti? Bu masalaga butkul aniqlik kiritadigan bo‘lsak, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga bolaning familiyasi ota-onasining pasportidan (agar boshqa familiya berilmasa) ko‘chiriladi.

Tug‘ilishni qayd etish yozuvida bolaga familiya ota-onasining kelishuviga ko’ra ota yoki onaning familiyasi, shuningdek, milliy an’analarga muvofiq ota yoki ona tomonidan boboning ismi bo’yicha beriladi. Mustabid tizimi davrida yozilgan hujjatlardagi xatoliklar haqida yuqorida gapirdik. Bugunda FHDY bo‘limlarida ota familiyasidagi xato farzandining hujjatiga to‘g‘irlab yozilishi tartibi yo‘lga qo‘yilgan. Biroq qonunchilikka asosan, faqat ota-ona roziligi bilangina bunday o‘zgartirish kiritilishi mumkin.

Bolaga ism ota-onaning roziligiga ko‘ra beriladi. Bolaning manfaatlaridan kelib chiqqan holda, unga kelgusida uning sha’ni va qadrini kamsitishi mumkin bo‘lgan ism berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bola ismiga doir kelishuv mavjud bo‘lmaganda paydo bo‘lgan kelishmovchilik vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.

Bolaning ota ismi uning otasininga ko‘ra beriladi. Otasi haqida ma’lumotlar tug‘ilganlik haqida dalolatnoma yozuvi va guvohnomada yozuvlar shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar asosida o‘zgartirishsiz yoziladi.

Achinarlisi, ko‘pchilik familiyadagi xatoning tuzatilishini istamaydi. “Xato bo‘lsa ham, familiyamiz bir xil bo‘la qolsin!” deyishganda, FHDYo xodimining familiyani xato bilan yozishdan boshqa iloji qolmaydi.

Xatoni hujjat bilan bog‘ladik, hatto ko‘pchilikning ortiqcha qog‘ozbozlikni xushlamagani uchun uni tuzatmasligini bildik. Biroq, o‘z ismimizni to‘g‘ri yozamizmi yoki yo‘q? degan savol tug‘iladi. “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida O‘zbekistonlik foydalanuvchilarning ko‘pchiligi ism-sharifini profiliga xato(lar) bilan yozgan. Hatto, katta yoshli, ayrim hollarda oliy ma’lumotli kishilar ham ismlarini xato bilan yozishganini ko‘rish mumkin. Gazetalarimizda ham ism-shariflarning xatolar bilan yozilishiga tez-tez ko‘zimiz tushadi. Tahririyatlar buni hujjat bilan aynanlikni ta’minlash bilan izohlashadi.

Xatolar shunchaki imlo bilan bog‘liq bo‘lsa mayli, biroq ba’zida ular lug‘aviy ma’noga ham ta’sir qilishi mumkin. Ism qo‘yishda uning ma’nosiga ham ahamiyat berish lozimdir. Muqaddas dinimiz ta’limotida farzand dunyoga kelar ekan, ota-ona oldida ko‘plab mas’uliyatlar paydo bo‘ladi. Shunday mas’uliyatlardan biri bolaga chiroyli va ma’noli ism qo‘yishdir. Hadislarda aytilishicha, farzandiga chiroyli, ma’noli ism qo‘yish ota-onalarning, xususan, otaning vazifasidir. O‘z davrida payg‘ambarimiz (S.A.V.) ismidan shikoyat qilib kelgan kishilarga chiroyli ism tanlab bergan ekanlar. Hatto ism o‘z sohibining fe’l-atvoriga, taqdiriga ta’sir etishi bejiz e’tirof etilmagan. Ota-bobolarimiz ismlarga tole yashirin ekanini his qilganlar va bolalarini go‘zal ismlar bilan ataganlar. Afsuski, bugun ayrim kishilar uchun ismning ma’nosidan ko‘ra, ma’nisiz bo‘lsa-da, uning yaltiroqligi, jarangdorligi muhim, chog‘i.

Ko‘p hollarda farzand dunyoga kelganda, ota-onalar ularga ism qo‘yish borasida bosh qotiradilar-u, ismning ma’nosi haqida o‘ylamaydilar. Hozirgi kunda shunday bir holatlarni ham kuzatishimiz mumkinki, farzandlariga hech qanday ma’noga ega bo‘lmasa-da, ma’nosi g‘aliz bo‘lsa-da, kimlargadir havas qilib, umuman, dinga to‘g‘ri kelmaydigan, zamonaviy hamda mashhurlar ismlarini qo‘yish odat tusiga kirgan. Shu ismni qo‘yganda jaranglab tursin, boshqa ismlardan ajralib tursin, deb. Masalan, Shoxsanam, Tavifa, Samira, Simran, Zinnura, Hyuram, Indira... Bu kabi yangicha ismlarni qo‘yish urfga kirdi. Sug‘diyonaniSagdiana” yo IbrohimniIbragim” deyish G‘arbga ko‘r-ko‘rona taqlid qilishday gap. Sport ishqibozlari esa o‘zining sevimli yulduzlarining ismlarini farzandiga qo‘yadigan bo‘lishdi: o‘zbek bolasi Zinedin, Ronaldo, Messi ismlari bilan chaqiriladigan bo‘ldi. Yoki bir ayol “Esmeralda” serialini ko‘rib, qiziga “Esmeralda” deb ism qo‘ygan. Bu kabi holatlarga ko‘p duch kelish mumkin.

Bular boshqa-boshqa mavzulardir balki, lekin ularni tutashtiradigan savol bir: ism qo‘yish mas’uliyatini qachon his qilamiz?

Vatanparvarlik o‘zlikni anglashdan boshlanadi. O‘zliging esa, avvalambor, ota-onang bergan noming, ismingdir.

 

  

Zebiniso Hakimova

Davlat xizmatlari agentligining maʼnaviy-maʼrifiy
 ishlar samaradorligini oshirish va davlat
tili toʼgʼrisidagi qonun hujjatlariga rioya
 etilishini taʼminlash masalalari boʼyicha maslahatchisi 

28.02.2022 3757