"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Zamonaviy o‘zbek ayolining qiyofasi: tenglik, ishonch va qatʼiyat timsoli

Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida ayollarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularning jamiyat hayotidagi nufuzini oshirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, salomatligini muhofaza qilish, intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Zero, yurtboshimiz taʼkidlaganidek, “Аyoli eʼzozlangan yurt qudratli bo‘ladi”. Binobarin, ayolni eʼzozlash, xotin-qizlarga munosib g‘amxo‘rlik ko‘rsatish xalqimizga xos yuksak fazilatlardan biridir.

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligida tizimda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash, mehnat faoliyatini rag‘batlantirish ishlarini o‘rganish, amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan "Zamonaviy o‘zbek ayoli portreti: tenglik, ishonch va qatʼiyat timsoli" mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda agentlik Markaziy apparati, tizim tashkilotlari xodimalari markaziy studiyadan, tizim tashkilotlarining hududiy filiallarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar esa onlayn tarzda qatnashdilar.

Tadbirda Maʼnaviyat targ‘ibotchilar guruhi aʼzosi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bo‘lim boshlig‘i, “Shuhrat medali” 2022-yilgi sohibasi, shoira Farog‘at Xudoyqulova, Xadichai Kubro ayol-qizlar islom bilim yurti direktori, falfasa fanlari bo‘yicha falsafa doktori Nozima Ibragimova, 2022-yilgi Zulfiya mukofoti sovrindori, ToshDShI talabasi Baxodirova Sevara ishtirok etishib, mavzu doirasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.



Maʼlumki, Davlatimiz rahbari har qanday jamiyat va davlatning qay darajada xalqparvar hamda adolatli ekani uning xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati va g‘amxo‘rligi bilan belgilanishini alohida taʼkidlab keladi. Binobarin, so‘nggi paytlarda O‘zbekistonda xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning har tomonlama faolligini oshirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanib, keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Tadbirda 2022-yil mart oyining boshida bu sohada ikkita tarixiy farmon qabul qilingani ham shundan dalolat beradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 7-martda qabul qilingan “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish borasida tub burilish davri boshlanganiga yorqin misol bo‘la olishi alohida qayd etildi.

Tadbirda oila, xotin-qizlar va keksa avlod vakillari bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish, mahallalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada takomillashtirish, mahallabay ishlashga masʼul bo‘lgan shaxslar faoliyatini samarali tashkil etish va o‘zaro hamkorligini taʼminlash maqsadida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan O‘zbekistonda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) bo‘linmalari tashkil etilishi esa xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va faolligini oshirish, gender tenglik kafolatlarini taʼminlash, ilmiy faoliyatga keng jalb qilishning taʼminlanishi uchun xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.

Bosh direktor maslahatchisi N.Mamadalieva hozirgi kunda har bir xotin-qiz demokratik jarayonlarning kuzatuvchisi emas, balki faol va tashabbuskor ishtirokchisi bo‘lmog‘i lozimligi, mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida mehnat qilayotgan ayollarning fidokorona xizmatlarini qadrlash va ularning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, o‘z sohalari rivojida samarali izlanishlar qilayotgan xotin-qizlar doimiy diqqat-eʼtibordaligi, ayollarning erkaklar bilan tengma-teng mehnat qilishi, ilm bilan shug‘ullanishi, yuqori lavozimlarni egallab, o‘z qobiliyatini namoyon etishiga zamin yaratishga intilishini to‘laqonli taʼminlash Аgentlik rahbariyatining oldida turgan muhim vazifalardan biri ekanligini alohida taʼkidladi.

Darhaqiqat, yurtimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosati xotin-qizlarimizga chinakam baxtli yashashi, ularning huquq va erkinliklarini taʼminlash, intellektual va maʼnaviy yuksalishi, kasbiy hamda oilaviy majburiyatlarni hamohang tarzda bajarishi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Davlat hokimiyatining oliy organlarida, shuningdek, shahar, tuman hokimi, vazir, elchi kabi masʼuliyatli lavozimlarga ayollarning tayinlanayotgani ham ularga bo‘lgan ishonchning ortib borayotganidan dalolat beradi. Shu o‘rinda taʼkidlash joizki, bugungi kunda Аgentlik Markaziy apparati, 5ta tizim tashkiloti va viloyatlardagi 36ta hududiy filiallarida 420dan ortiq xotin-qizlar faoliyat yuritsalar, shulardan 1 ta fan doktori, professor, 2ta fan nomzodi, bir nafar «Shuhrat» medali, 1 nafar “Mo‘ʼtabar ayol” ko‘krak nishoni sohibi, 5 nafari doktorlik dissertatsiyasi ustida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar, 10dan ortiq xotin-qizlar oliy taʼlimning magistratura bosqichida taʼlim oladilar. Аgentlik tizimi jamoasining asosiy hissasi erkaklarga to‘g‘ri kelsa ham, tizim xotin-qizlarning 38 nafari boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, bo‘lim boshlig‘i, mudir va sertifikatlashtirish organlari rahbarlari hisoblanadi. Ular orasida 2021-yilda o‘tkazilgan “Yilning eng faol yosh xodimi” tanlovida viloyatlardan 3 nafar qiz viloyat bosqichi, tizim tashkilotlaridan 1 nafar qiz tizim tashkilotlari o‘rtasida respublika bosqichida sharafli o‘rinlarni egallagan. O‘zbekiston Standartlar instituti Matbuot kotibi esa taniqli shoira, O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi aʼzosi hisoblanadi. Аgentlik tizim tashkiloti hisoblangan O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti ilmiy xodimi esa Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkazilgan yosh olimlarni chet elga stajirovkaga yuborish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda g‘olib chiqib, Turkiyada stajirovkaga borish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Аgentlik Markaziy apparati va tizim tashkilotlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filiali xodimalarining ilmiy maqolalari yuqori impakt faktorga ega bo‘lgan xalqaro jurnallarda sohaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy maqolalari eʼlon qilingan.



Аgentlik markaziy apparati, uning tizim tashkilotlari va hududiy filiallarida o‘tkaziladigan ko‘plab maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar asosiy mavzulari ham aynan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab quvvatlash, ularni rag‘batlantirish, erishayotgan yutuqlarini keng ommalashtirishga bag‘ishlangandir. Joylarga amalga oshiriladigan xizmat safarlari davomida ham xodimalarning ishlash sharoiti o‘rganiladi, ularning taklif mulohazalari tinglanadi va amaliy yordamlar beriladi. Psixologlar yordamida xotin-qizlarning jamiyatda o‘z o‘rnini qatʼiy egallashi va o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirishga bag‘ishlangan seminar-treninglar tashkil etiladi. “Jaholatga qarshi maʼrifat” turkum tadbirlarida “ommaviy madaniyat”, giyohvandlik kabi maʼnaviy tahdidlarga qarshi kurashish, el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik kabi salbiy illatlarning oldini olish, kiyinish madaniyatiga qaratilgan tadbirlar tashkil etiladi. Bu yil ham Аgentlik tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada jadallashtirish, chet el stajirovkalariga yuborish, magistraturaga o‘qish kirishlari, o‘rta maxsus maʼlumotiga egalarning bakalaviatura bosqichiga o‘qishga kirishlari, tizimda rahbar ayollar sonini ko‘paytirish bo‘yicha tizimli ishlar olib boriladi.

Tadbirda respublikamizda olib borilayotgan gender siyosati masalalariga alohida to‘xtalib, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlarining mazmun-mohiyati haqida qisqacha to‘xtaldi. Binobarin, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘rgatish va bandligini taʼminlash ishlarini markazlashtirilgan holda tashkil etish tajribasi dunyoning bironta mamlakatida mavjud emasligi, hech qaysi davlat millionlab ayollarning dardu tashvishlari bilan qiziqmasligi, ularning xonadoniga kirib, yashash sharoitiyu kam-ko‘stini o‘rganmasligi, yordamga muhtoj ayollarni alohida daftarga kiritib, og‘irini yengil qilish haqida qayg‘urmasligi va bu borada O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatga, tom maʼnoda, o‘rnak, namuna ko‘rsatayotganini aniq hayotiy misollar bilan gapirdi.

  Tadbir mehmonlaridan biri Maʼnaviyat targ‘ibotchilar guruhi aʼzosi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bo‘lim boshlig‘i, “Shuhrat medali” 2022 yilgi sohibasi, shoira Farog‘at Xudoyqulova ham yuqorida bildirilgan fikrlarni qo‘llab quvvatlagan holda, o‘zining hayot yo‘li ushbu so‘zlarning tasdig‘i va namunasi ekanligini alohida taʼkidladi. Talaba qizning eng chekka qishloqqa kelib bo‘lib tushishi, hech qanday sharoit yo‘q bo‘lganda ham oilaning namunali bekasi bo‘lganligi, hatto o‘rta maʼlumotga ham ega bo‘lmagan qaynonaning taʼlimini olib “qarqara kelin” bo‘lganligi, bugungi baxtli hayotiga erishish yo‘lidagi hayot quvonchlari va tashvishlarini hayot sinovlari sifatida qabul qilib, faqat yaxshi niyat va orzu havasda kurashganligi va oxir oqibatda qilgan mehnatlari natijasi sifatida Davlatimiz rahbari tomonidan eʼtirof etilib shu yil “Shuhrat medali” sohibiga aylanganligini faxr bilan tadbir ishtirokchilarga gapirib berdi. Bu yutuqlarning zamirida tinimsiz mehnat, mustahkam bilim, doimiy o‘z ustida ishlash, fidoiylik, va ayni vaqtda ayollik latofati va or nomusini saqlab qolishdek ulug‘ fazilatlarga ega bo‘lish har bir xotin-qizning asosiy maqsadi bo‘lishi kerakligini taʼkidladi. Qaynonasi talaba kelinni olganda “men o‘qimaganman, pensiyamni ham bitta chiziq bilan chizib qabul qilib olaman, sen o‘qigansan, shu o‘qiganing bilan boshqa ovsinlaringa bir ibrat bo‘lginchi” deb oila degan katta qozonga solib qanday “qaynatgan”lariyu va qanday qilib qaynonasining taʼbiri bilan aytganda “yomon qaynona”ning namunali keliniga aylanganini ibratli misollar bilan so‘zlab berdi.

Tadbirning yana bir mehmoni Xadichai Kubro ayol-qizlar islom bilim yurti direktori, falfasa fanlari bo‘yicha falsafa doktori Nozima Ibragimova diniy va dunyoviy ilmlarda xotin-qizlar masalalari xususida so‘z yuritdi. Taʼkidlanishicha, islom dinida barchaga birdek xitob qilinib, erkak va ayollarga tenglik ila muomala qilingan, haq-huquqlarda birini boshqasidan ustun qo‘yilmagan. Shuningek, islom shariati umumiy shaklda aniq maqsadga erishishni ko‘zlagan bo‘lib, u “himoya” deb ataladi. Himoya esa turli jabhalarda, turli shakllarda namoyon bo‘ladi. Xususan, ayollarning shaʼni, ularga taalluqli bo‘lgan barcha narsa himoya etiladi. Shu sababdan ham Qurʼoni karim va sunnati nabaviyda ayollarga oid haq-huquqlar, nozik va daqiq taʼriflar alohida eʼtibor bilan keltiriladi, adolat, latofat va mehr ila bayon qilinadi. Shularni eʼtiborga olgan holda, olima Nozima Ibragimova ayolning qiz, rafiqa va ona sifatida umr kechirishi va uning umr bosqichlarida ehtiromi va himoyasini ko‘zda tutgan bir qancha oyat va hadislardan namunalar ham keltirdi. Qurʼoni Karimning eng katta suralaridan biri – “Niso”da ham ayollar ulug‘lanib, Аlloh taolo ushbu surada insonlarni ayollarga adolatli munosabatda bo‘lishga daʼvat etishi va bu ilohiy so‘zlar zamirida teran hikmat borligi qalblarni junbushga keltirishini alohida taʼkidladi. Аyollarga bo‘lgan ikromning namunalaridan yana biri shuki, ushbu surada ayollar va erkaklar lafzlarining teng miqdorda keltirilganidir. Islom dini ayollarning shaʼnini ko‘tarib, ularning turmush tarzini go‘zallashtirgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ayollarga o‘z erlariga itoat qilishni, erkaklarga esa jufti halollariga mehribonlik qilishni buyurganlar. Qizlarni majburlab erga berish, ularning mollarini yeyishni man qilganlar. Xadichai Kubro islom bilim yurtidagi 120 ta qizga “ona”, 50ta kelinga “qaynona”lik qilayotgan Nozima Ibragimova hozirgi vaqtda ayrim o‘smir va yosh qizlar, kelinlar hulqidagi nuqsonlar, kiyinish madaniyatidagi milliy urf-odatlarga mos bo‘lmagan ko‘rinishlar, ularning xarakteridagi eʼtibor qaratish kerak bo‘lgan jihatlar, farzand tarbiyasidagi onaning o‘rnak bo‘lishi, qiz bolaning bilim olishi avlodning ziyoli bo‘lishi qo‘yilgan qadam ekanligi haqida ham to‘xtaldi.

Tadbirning eng hayajonli daqiqalari 2022 yilda Zulfiya mukofotini aynan Prezidentimiz qo‘llaridan olgan Toshket davlat Sharqshunoslik universiteti talabasi Bahodirova Sevaraning mukofotni olguncha boshidan o‘tkazganlari haqida hikoyasi bo‘ldi. Sevaraning aytishicha, u 7 yil davomida Zulfiya mukofotini olish uchun kurashgan, tanlovlarda ishtirok etgan, ijod qilgan, o‘z ustida ishlagan. Uning asli ismi Yodgora bo‘lganligi va otasini ko‘rmaganligi, lekin ko‘rmagan va tanimagan otasi bilan faxrlanishi, maqtanishi, g‘ururlanishi, maqtov va rahmatlar eshittirishi unga kuch bag‘ishlaganini hayajon bilan gapirib berganida zalda o‘tirganlarning ko‘zlari namlandi. Yoshgina qizchaning qalbidagi umid va ishonch tuyg‘ulari, jasorat va matonati, yolg‘iz onasining bergan har bir o‘gitiga qatʼiy amal qilishi va oxir oqibatda Prezidentimizning qo‘llarida yuksak mukofotni olayotganida Davlatimiz rahbarining uni tabriklaganlari, aytgan tilaklari ishtirokchilarning havasini keltirmasdan qolmadi. Sevara o‘zining ijod namunalaridan o‘qib berarkan, sheʼrlaridagi o‘ziga xoslik insonni maftun etmasdan qolmasligini tan olish kerak.

Tadbirda ishtirokchilar mehmonlarga o‘zlarining qiziqtirgan savollariga javob oldilar, dildan suhbat ham bo‘lib o‘tdi. Taʼkidlash joiz, tadbir mehmonlari uch xil taqdir egasi, uch xil yo‘nalish vakili, yoshi, mavqeidan qatʼiy nazar jamiyatda o‘zini o‘rni topa olgan va atrofdagilarga o‘rnak va namuna bo‘ladigan ayollar misolida tenglik, ishonch va qatʼiyat timsoli bo‘lgan zamonaviy o‘zbek xotin-qizlarining qiyofasini ko‘rish mumkin.

Darhaqiqat, ayol go‘yo qalb gavhari. Аyol borki, olam munavvar. Ona – mehribonlik timsoli, opa-singil – qalb malhami, qiz farzand – ertangi kunimiz. Ularga yaxshilik qilish esa dunyoda baxt, oxiratda saodatga erishish sabablaridandir. Shunday ekan, xotin-qizlarimizning nurli yuzlariga tabassum ila boqib, mehribonlik va oilaviy mehr-muhabbat asosida hayot kechirish uchun barchamiz masʼulmiz. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev taʼkidlaganidek, ayol baxtli bo‘lsa, oila va jamiyat ham albatta baxtli bo‘ladi. Shuning uchun ham barchamiz – Prezidentdan tortib eng quyi bo‘g‘indagi rahbar va mutasaddilar ana shu oliy mezonga amal qilib ishlashimiz zarur. Shundagina xalqimiz ham, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi.

 

                                                             Naibaxon Mamadalieva

                                                 O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori maslahatchisi, fil.f.d.

30.03.2022 3508