"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

ISTEʼMOLCHILARGA REKLAMA VA ISHLAB CHIQARUVCHI HAQIDAGI MAʼLUMOTLAR DAVLAT TILIDA TAQDIM ETILADI

Endilikda reklamani dastlab davlat tilida berish qat'iy belgilanyapti va reklama beruvchining ixtiyoriga ko'ra, boshqa tillarda ham aynan qaytarilishi mumkin.

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida davlat tilini rivojlantirish maqsadida bir qancha farmonlar va qarorlar qabul qilindi. Shu bilan birga, amaldagi qonun hujjatlari Davlat tili haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga muvofiqlashtirilmoqda.

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan 2021-yilda “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida” hamda “Reklama toʻgʻrisida”gi qonun loyihalari ishlab chiqildi.

 

2022-yil 18-yanvar kuni qabul qilingan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilishtoʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartishlarkiritish haqida” Oʻzbekiston Respublikasining OʻRQ-746-sonli Qonuni 5-moddasi quyidagi mazmundagi 5-qism bilan toʻldirildi:

 

ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqidagi, savdo va xizmat koʻrsatish qoidalari toʻgʻrisidagi maʼlumot isteʼmolchiga DAVLAT TILIDA taqdim etiladi.

 

17-mart kuni Oliy Majlis Senatining 24 yalpi majlisida “Reklama toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahrirdagi loyihasi maʼqullandi. Qonun loyihasi 7 ta bob va 53 ta moddadan iborat. “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasida ham bir qator yangiliklar nazarda tutilgan. Ayniqsa, ushbu qonun loyihasida REKLAMA TILIga alohida eʼtibor qaratilgan.

Yaʼni shu paytga qadar amaldagi qonunimizda reklama tiliga boʻlgan talab mavjud emasdi. Amaldagi qonunning 5-moddasiga muvofiq, reklama uni beruvchining xohishiga koʻra, istalgan tilda berilishi mumkin edi. Ammo bu “Davlat tili haqida”gi qonunning 20-moddasiga muvofiqlashtirilmaganligi sababli koʻplab muammolar va reklama beruvchilarning eʼtirozlariga sabab boʻlib kelayotgan edi.

Endilikda reklamani dastlab davlat tilida berish qatʼiy belgilanyapti va reklama beruvchining ixtiyoriga koʻra, boshqa tillarda ham aynan qaytarilishi mumkin. Reklama mazmunining tarjimasi uning davlat tilidagi asosiy maʼnosini buzmasligi, shuningdek, tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni davlat tilida berilgan matnining pastki qismida gorizontal holatda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining 40 foizidan oshmasligi koʻzda tutilgan.

Qonun loyihasida tele va radiokanallarda tarqatiladigan reklamalar, bosma nashrlarda va Internet jahon axborot tarmogʻida joylashtiriladigan reklamalarning boshqa tillardagi tarjimasi belgilangan meʼyorlar asosida tartibga keltirilishi koʻzda tutilmoqda.

Shuningdek, qonunning yangi tahrirdagi loyihasida nafaqat til masalasi, balki maʼnaviyatimizga oid normalar ham oʻz aksini topmoqda. Yaʼni, qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyoti hamda xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda reklamaga qoʻyilgan talablar kuchaytirilmoqda. Qonun loyihasida voyaga yetmaganlarni reklamaning salbiy taʼsiridan himoya qilishga qaratilgan normalar ham mavjud.

Xususan,

- maktab darsliklari va daftarlarida reklama joylashtirish,

- reklamada narxlarni xorijiy valyutada koʻrsatish,

- axloq va maʼnaviyatning umum eʼtirof etilgan normalariga zid keluvchi shakl, ibora va obrazlaridan foydalanish,

- axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini koʻrsatmasdan reklama qilish taqiqlanmoqda.

 


Qodirova Goʻzal Toshkenboyevna,

 

Oʻzbekiston Respublikasi

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi

raisining maslahatchisi

20.04.2022 3005