"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

TIL EKOLOGIYASI

Har bir davrning o‘ziga yarasha kundalik ehtiyojda ishlaydigan leksemasi (jargonlari) mavjud bo‘ladi. XXI asr yoshlarining so‘zlashuv jarayonida, nutqida "ko‘cha" tili, umumiste’molga kirib kelayotgan yangi iboralar talaygina. Bu leksik birliklar ma’nosini anglamay ishlatish, ba’zi iboralarning mazmuniga e’tibor bermasligimiz oqibatida ba’zi o‘smirlar ongi va nutqida ushbu so‘zlar o‘rnashib qolmoqda. Masalan: otasini “paxan” (“paxan” aslida o‘g‘riboshi degani) deb chaqirishlari yoki o‘z sevgan qizlarini mening “tyolkam” (“tyolka” ruschada sigirning bolasi) deyishlari yosh avlodning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligi afsuslanarlidir. “Jargonlarning ko‘pchiligi o‘tkinchi, vaqtincha bo‘lib, ular davr, sharoit o‘zgarishi bilan tez o‘zgaradi. Ba’zan jargonlar oddiy so‘zlashuvga o‘tib, undan adabiy tilga o‘tib ketishi ham mumkin”. So‘zning o‘zlashishi va uning milliy til faol lug‘ati tarkibiga kirishi yangi tushunchaning ayni shu jamiyat bag‘rida yuzaga kelmagani, yangi so‘zga tilda semantik va shaklan muqobil yo‘qligi, asimmetriya hodisasi, taqlid, ibrat olish va boshqa psixologik omillar sababli amalga oshadi. Shuningdek, “terminologiya yoki jargonning kelib chiqish manbasiga ko‘ra bir xil bo‘lishiga intilish, atalayotgan narsaning maqomini ko‘tarishga qiziqish” ham so‘z o‘zlashuvi jarayonida muhim ahamiyatga ega. 

Ko‘cha-ko‘yda, ayniqsa, bozor hududlarida 10-12 yoshdagi o‘smirlarning o‘zaro gap-so‘zlarida ishlatiladigan: “Izdivatsa qilyapsanmi?”, “Kimga sakravossan?”, “Duxingga o‘tqazib qo‘yaman, chundingmi?”, “Hayotingga tochka qo‘yib qo‘yaman”, “San manga problema sozdat qima”, “Sochib tashayman» va hokazolar ko‘p uchraydi. Ushbu iboralarni qog‘oz ham, qalam ham ko‘tara olmaydi. “So‘zning argo, ya’ni sotsiolektning bir qismi ekanligini bildiradi, ikki jildli izohli lug‘atda esa bu holat kuzatilmaydi”.

Ommaviy axborot vositalari adabiy tilni, to‘g‘ri va nafis talaffuzni targ‘ib etuvchi muhim minbar hisoblanadi. Shuningdek, televideniye bu o‘rinda yetakchi hisoblanadi. Lekin so‘nggi paytlarda xususiy kinostudiyalarda suratga olinayotgan filmlarning ko‘payishi va ularning teleekranda takror-takror namoyish etilishi natijasida tilimiz jargon so‘zlar, “ko‘cha terminlari” bilan aralashib, til boyligimizga katta zarar yetkazmoqda. Misol sifatida aytadigan bo‘lsak, “Bojalar” guruhi tashabbusi bilan ancha mashaqqat evaziga yuzaga kelgan “Boyvachcha” filmida “tesha tegmagan” g‘aliz, g‘ayrimantiqiy so‘zlar, juda ham ko‘p. Ular yoshlar ongiga salbiy ta’sir o‘tkazayotgani ham sir emas. Yaqinda bog‘da o‘tirgandim, 10-12 yoshlardagi bolakay, “Boyvachcha” filmidagi jumlalarni yodlab olgani va bu ko‘chirmani o‘z nutqida qo‘llayotganiga guvoh bo‘ldim. Bola yonidagi o‘zi tengi qizchalarga qarab: “Hov, manga qaralaring, man sanlani paypoqdek almashtiraman”, degan holda fikrini yetkazishga harakat qilardi. To‘g‘ri kichik yoshdagi bu bola o‘zi aytayotgan gapning mazmunini hali to‘liq anglamasligi mumkin. Lekin ongiga o‘rnashib qolgan ma’no vaqt o‘tgan sari tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Yoshlar orasida ommalashib borayotgan yana bir salbiy holat - vulgar so‘zlardan faol foydalanishdir. E’tibor berilsa, hozirgi kunda eng yaqin do‘stlar ham bir-birlariga xaqoratli so‘zlar bilan murojaat qilishadi. Aytaylik, “ha shilta, qalesan?”.

Hozirda ba’zi bir yoshlar tomonidan foydalanilayotgan bu vulgar so‘zlar teleekran orqali minglab xonadonlarga, murg‘ak yoshlarning ongu – shuuriga o‘rmalab kirib borayotgani, ayrim badiiy asarlarni ham chirmovuq yanglig‘ o‘rab olayotgani bizni tilimizning mavqei uchun mas’ul kishilarni tashvishga solayotgani aniq.

Demak, izohli lug‘atlarda keltirilgan illyustrativ misollar so‘zlarning turli ma’no qirralarini ko‘rsatishga, o‘z navbatida, til egasi bo‘lgan millatning dunyoqarashini namoyon etishga xizmat qiladi.

Dunyo tilshunoslari tomonidan ekolingvistika sohasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlardan biri “Til ekologiyasi” (Ekology of languages) bo‘lib, unda muayyan tildagi leksik birliklarni sof holda saqlab qolish va ulardan to‘g‘ri foydalanish masalalariga e’tibor qaratilgan. Ustoz Abdulla Qahhor ham “Nima uchun ko‘cha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi?”, deya tilning sofligini saqlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratgan.

Xulosa o‘rnida, adabiy til - millat ramzi, ya’ni millatning saviyasini, madaniyatini ko‘rsatadi. Shunday ekan, uning sofligi uchun kurashish har birimizning faxrli ishimizga aylanmog‘i lozim.


X.Xo‘janazarov,
Quvasoy shahar hokimi maslahatchisi

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!

http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep

14.07.2020 4898