"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

GULLARGA BURKANGAN NAMANGAN YOXUD AXSIKENT BUYUK TARIXIMIZ KO'ZGUSI

GULLARGA BURKANGAN NAMANGAN YOXUD AXSIKENT BUYUK TARIXIMIZ KO'ZGUSI

 

Joriy yilning may oyida Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi va Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining bir guruh xodimlari Namangan shahrining ziyorat va turistik maskanlariga sayohatga uyushtirishdi.

Qo'mita xodimlarining  sayohati Namanganning qadimiy maskanlari bo'lmish Mavlono Lutfilloh nomli madaniyat va istirohat bog'idan boshlandi. So'nggi yillarda bu erda keng obodonlashtirish ishlari olib borilgan, xususan Mavlono Lutfilloh maqbarasi ta'mirlangan. Qo'mita xodimlari shuningdek, Bibiona ziyoratgohi, u erdagi bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi. So'ngra 3 ming yillik tarixga ega Axsikent arxeologik yodgorligi navbatdagi sayyohlik manzili bo'ldi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bu erga qayta hayot bahsh etildi, ya'ni ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirilib, sayyohlar uchun qulayliklar yaratildi.




Qo'mita xodimlari muzeydagi yodgorliklar, ajdodlarimizning zakovati mahsuli bo'lmish buyumlar bilan tanishdi. Axsikent eramizdan avvalgi III asrda tashkil topgan bo'lib, qadimgi Farg'ona davlatining poytaxti, Buyuk ipak yo'lining asosiy shaharlaridan biri bo'lgan. Tarixiy manbalarda, xususan, “Boburnoma”da bu kentning alohida ahamiyati haqida ko'p yozilgan. Qadimdan bu erda er osti suv inshooti bo'lgani bois mudofaa uchun qulay sanalgan.

Shahar Ark, ichki va tashqi shahardan iborat bo'lgan. Bu erda o'z davrida shishasozlik, kulolchilik, temirchilik, qurolsozlik kabi hunarmandlik turlari rivojlangan. 1620 yillarga kelib zilzila oqibatida ulkan shahar vayron bo'lgan.

Bugungi kunda xarobalarning 60 gektarga yaqin qismi saqlanib qolgan bo'lib, Farg'ona vodiysidagi eng katta arxeologik yodgorlikdir. Arxeologlar tomonidan temirchilar ustaxonasi, X-XIII asrlarga oid hammom qoldiqlari, askarlar xonalari, jome' masjidi, mudofaa devorlari, er osti irrigatsiya tarmoqlari, hunarmandlar mahallasi, hukmdor qarorgohi – Ark qazib o'rganilgan.

Mazkur yodgorlik Namangan viloyatining sayyohlik salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Yurtimiz va xorijdagi sayyohlik ko'rgazmalarida qadimiy Axsikent haqida ham taqdimotlar o'tkazilmoqda. Buning samarasida mahalliy va xorijiy sayyohlar o'rtasida tarixiy yodgorlikka qiziqish ortmoqda. Hozirga qadar Bel`giya, Avstriya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya, eron, Pokiston, Hindiston kabi davlatlardan sayyohlar tashrif buyurgan.

Yaqinda Namangan shahrida an'anaviy tarzda o'tkaziladigan Xalqaro “Gullar festivali” bo'lib o'tdi. Gullar shahri Namangan anvoyi gullarga burkandi. Ushbu ajoyib manzarani tomosha qilish, undan zavq olish uchun mamlakatimizning turli hududlaridan va xorijdan mehmonlar tashrif buyurdi. Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi xodimlari ham “Gullar festivali” tadbirlarida ishtirok etishdi.

 

                                                                                                                                  Go‘zal QODIROVA,

Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi raisining maslahatchisi

08.06.2022 3120