"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

DAVLAT TILINI MUKAMMAL BILISH MONOPOLIYAGA QARSHI KURASHISHDA HAM MUHIM AHAMIYATGA EGA

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasida bugungi kunda ish yuritish hujjatlari, chiqish xatlari lotin alifbosida amalga oshirilmoqda.

Qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Asadulla Qayumovning maʼlumot berishicha, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-fevraldagi 52-sonli qaroriga asosan 2021-yil 1-apreldan boshlab masʼul lavozimlarga tayinlangan shaxslar uchun davlat tilini bilish boʻyicha daraja sertifikatlarini olish uchun Qoʻmita tizimida masʼul lavozimlarga tayinlangan shaxslar Davlat test markazining https://org.dtm.uz/ sayti orqali belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilmoqda.

Bugungi kungacha Qoʻmita tizimida masʼul lavozimlarga tayinlangan xodimlarning 9 nafari belgilangan test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtib, davlat tilini bilish boʻyicha daraja sertifikatini olishdi. Shu bilan birga, Qoʻmita tizimi xodimlarining 4 nafari test sinovlarida ishtirok etishdi.

Xodimlarning lotin alifbosidagi bilimlarini kengaytirib borish maqsadida A.Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazida oʻqishlar tashkil qilinmoqda.

Joriy yilning 2-iyun kuni qoʻmitada Prezidentimizning “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni va boshqa davlat tiliga oid normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan oʻquv-seminar tashkil qilindi. Unda Davlat tili rivoji yoʻlida barcha vazirlik va idoralarga yaqindan koʻmak berayotgan Malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosining imlo qoidalari, asosiy oʻzgarishlar haqida gapirib oʻtdi.




Shuningdek, seminarda qonunchilikdagi oʻzgarishlar, hususan 2022-yil 18-yanvar kuni qabul qilingan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida” Oʻzbekiston Respublikasining OʻRQ-746-sonli Qonuni hamda yangi tahrirdagi “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilgan yangi normalar haqida keng jamoatchilik vakillari xabardor qilindi.

“Qadring baland boʻlsin, ona tilim” shiori ostida Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti tashabbusi bilan nashr etilgan yangi kitoblar taqdimoti ham boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi direktori Azizjon Iminov ishtirok etib, qatnashchilarni jamgʻarma faoliyati bilan tanishtirdi.

Tadbirning ikkinchi qismida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Eng faol kitobxon” tanlovida faol ishtirok etgan xodimlar taqdirlandi.


Goʻzal Qodirova,

Oʻzbekiston respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish

qoʻmitasi raisining maslahatchisi


14.06.2022 3293