"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

MАSLАHАTCHINING TАYANCHI

Davlat miqyosida amalga oshiriladigan har qanday faoliyat, albatta, qonun bilan kafolatnadi. Bugunga qadar qabul qilingan farmon, qonun va qarorlar bizga davlat tilini rivojlantirishga katta imkoniyatlar yaratib berdi. Endigi asosiy masala – oʼzbek tilining davlat tili sifatida mamlakat miqyosida toʼliq amal qilishiga erishishdir. Bu borada ham muhim qadamlar tashlangan, jumladan, Vazirlar Mahkamasining 34-sonli qarori bilan har bir vazirlik, tashkilot, muassasalarga davlat tili toʼgʼrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʼyicha maslahatchisi lavozimi joriy qilindi. Maslahatchi Davlat tilini rivojlantirish departamenti bilan hamkorlikda oʼzi tayinlangan sohada oʼzbek tilining nufuzini oshirishi, hujjatlarning davlat tilida yuritilishini nazorat qilishi, vazirlik, tashkilot tasarrufidagi muassasa, korxonalar hududlarining tashqi va ichki qismida davlat tilning amal qilishini yoʼlga qoʼyishi lozim. Sohaga doir hujjatlarni oʼzbek tiliga oʼgirishda duch kelinadigan muammolarga zarur taklif va metodik yordam koʼrsatish, chiqish va kirish hujjatlarining davlat tilida tayyorlanishini yoʼlga qoʼyish, soha xodimlarining davlat tilida ish yuritish boʼyicha malaka oshirishlarini tashkil etishi zarur.

 Maslahatchining dastlabki vazifasi jamoa aʼzolariga davlatning til siyosati mohiyatini tushuntirish va oʼzgartirishlarni jamoaning koʼz oʼngidan boshlash, yaʼni hududdagi davlat tili qoidalariga zid boʼlgan barcha eʼlon, peshlavha, shior, banner, reklama taxtasi va boshqalarni talab darajasiga keltirishi lozim. Imkoniyat darajasida hududga tilning inson hayotidagi ahamiyati aks etgan lavhalarni tashkil qilishi kerak. Tildan foydalanuvchi ham uni avloddan-avlodga yetkazuvchilar ham shu jamiyat ekan, dastlabki ish ularning tasavvurlarini, davlat tiliga boʼlgan munosabatlarini oʼzgartirishdan boshlanishi kerak.

Oʼzbek tilini ilmiy, dasturiy va metodik jihatdan rivojlantirish muayyan tashkiliy tayyorgarlikni, maʼlum vaqtni talab qiladi. Departament tomonidan tilshunos olimlardan iborat ishchi guruhlar va rivojlantirish chora-tadbirlari ishlab chiqilmoqda. Maslahatchilar tomonidan respublika miqyosida sohalar boʼyicha davlat tilida toʼliq ish yuritilishini taʼminlash vazifasi turibdi. Bunday yuksak masʼuliyatni vazirlik va turli tashkilotlarda samarali amalga oshirishda rahbarlar, yaʼni masʼul mansabdor shaxslarning taʼsiri juda katta boʼladi. Аgar maslahatchi faoliyat koʼrsatayotgan vazirlik yoki muayyan tashkilot rahbari yuksak maʼnaviyatli, vatanparvar shaxs boʼlsa u, albatta, maslahatchiga barcha shart-sharoitlarni yaratib beradi. Davlat tilida ish yuritilishi masalasini doim diqqat markazida ushlab turadi, qolaversa, maslahatchiga ayrim foydali takliflar ham berib boradi. Bordi-yu mansabdor shaxslar davlat tilida ish yuritilishiga eʼtibor bermasa, masʼuliyatsizlik qilsa, jamoaga bu kayfiyatning koʼchishi muqarrar. Koʼrinib turibdiki, mazkur masalaning ham qonuniy – intizomiy yechimi boʼlmasa, davlat tilini rivojlantirish mexanizmi toʼliq ishlamaydi. Shu maʼnoda, Аdliya vazirligi tomonidan oʼz vaqtida ishlab chiqilib, umumxalq muhokamasiga qoʼyilgan davlat tili toʼgʼrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilmagan mansabdor shaxslarga maʼmuriy javobgarlik belgilash haqida 42-moddaga qoʼshima-oʼzgartirishlar kiritish boʼyicha qonun loyihasi nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Mazkur loyiha tasdiqlansa, oʼzbek tilini rivojlantish boʼyicha qilinayotgan barcha ishlarning samarasi koʼrinadi. 

Shu kunga qadar tashkilot va muassasalarda, koʼcha-koʼyda davlat tili toʼgʼrisidagi qonunga boʼysunmaslik, mensimaslik, rioya qilmaslik, hurmatsizlik holatlari koʼzga tashlanganda mulohaza, eʼtiroz yoki tanqid shaklida gazeta, OАV va ijtimoiy tarmoqlarda maqola eʼlon qilinib kelindi. Mazkur yondashuv oʼzbek tilining davlat tili sifatida amal qilishiga sezilarli taʼsir koʼrsatmagani barchaga maʼlum. Inson ruhiyati shundayki, eshitilgan maʼlumot qoidaga aylanmaydi. Vaholanki, xalq maqollari, tilimiz javohirlari hisoblangan hikmatlar ogʼizdan-ogʼizga oʼtib yuradi, biroq unga amal qilinmaydi, to xato qilib pand yemagunicha. Tovon toʼlab boʼlgandan soʼng aytilgan maqol yoki hikmatning haqiqat ekanligini anglaydi. Shuning uchun donishmandlarimizning “Tilga eʼtibor – elga eʼtibor”, “Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz”, degan hikmatlari mohiyatini anglash uchun ham qilinayotgan masʼuliyatsizlik, xato va hurmatsizliklarga maʼmuriy javobgarlik yoʼli bilan jarima belgilash, intizomiy chora koʼrish shart. Oʼz tilining kelajagi haqida qaygʼurish barcha millatsevar xalqlarga xos xususiyat. Jumladan, K. G. Paustovskiy: “Ona tiliga loqayd qaraydigan inson, – yovvoyidir. Uning bunday beparvoligi oʼz millatining oʼtmishi, buguni va kelajagiga nisbatan mutlaqo beparvoligi bilan izohlanadi” degan edi. Bu borada Mahmud Koshgʼariyning “Tilingga ehtiyot boʼl, tishining sinmasin”, degan ezgu hikmatida, garchi nutq odobiga tegishli boʼlsa-da mantiqan tilga eʼtiborsizlik oqibatida javobgarlik – tovon toʼlanishi mumkinligi haqida ogohlantiriladi. 

“Oʼzagrotexsanoatxolding" АJ boshqaruv raisi maslahatchisi lavozimiga tayinlanib, faoliyatga kirishilgan kundanoq jamoaning davlat tiliga boʼlgan munosabatlari oʼzgara boshlaganini sezildi. Rahbarning davlat tili – ona tilini qadrlash, rivojlantirish va amal qilishga doir tushuntirishlari, har yigʼilishda sanoat sohasidagi asosiy masalalar sirasida tilga ham toʼxtalib, tizim korxonalari rahbarlariga qayta-qayta koʼrsatmalar berishi bu borada qilinishi lozim boʼlgan ishlarni jadallashtirib yubordi. Eng muhimi, rahbarning taklifi bilan tashkilot va korxonalarga chiqadigan har bir hujjatda maslahatchining imzosi boʼlishi, shundan keyingina rahbarga kiritilishi belgilab qoʼyildi. Bunday yondashuv maslahatchiga jarayonni nazorat qilishni ancha osonlashtiradi. Maslahatchi uchun ajratilgan xonaga imlo, izohli lugʼatlar jamlanmasi, 20 ga yaqin badiiy asar tashkil qilib berildi. Bu ham faoliyatning unumli boʼlishini taʼminlaydi.

Bevosita rahbarning qoʼllab-quvvatlashi bilan tashkilotda quyidagi amaliy ishlar tizimli ravishda yoʼlga qoʼyildi:

xolding tizimiga kiruvchi korxona va zavodlarning hujjat almashinish holati oʼrganilib, kamchiliklar koʼrsatildi, rahbarning buyrugʼi bilan topshiriqlar berildi, tuzatish uchun muddat belgilandi;

xolding, shuningdek, zavod va korxonalar kirish qisimlarida rus tilida yuritilayotgan bir martalik kirish-chiqish ruxsatnomalari, talon, va boshqa varaqalar matni oʼzbekcha tayyorlanib, tizim korxonalariga yuborildi, bugun amaliyotda foydalanilmoqda;

savolnoma asosida xodimlarning oʼzbek tilini bilish darajasi aniqlandi, unga koʼra guruhlarga boʼlinib, davlat tilini oʼrganish boʼyicha darslar jadvali tayyorlab qoʼyildi;

zavod va korxonalarda ishlab chiqilayotgan mahalliy texnikalarni imkon qadar oʼzbekcha nomlash va foydalanish uchun yoʼriqnomalar matnini toʼliq oʼzbekcha tayyorlash ishlari "Аgregat" zavodidan boshlandi;

Tizimda davlat tilida ish yuritish boʼyicha namuna boʼlayotgan korxona, muassasalar faoliyati ommalashtirildi. Bu borada “Klass Аgro” qoʼshma korxonasining faoliyati namunali deb topildi. Qoʼshma korxona boʼlishiga qaramasdan huddudda oʼzbek tilining mavqeyi oʼz oʼrniga qoʼyilgan: peshlavhalarda, sex ichida boʼlimlarning nomlanishida ham, avval oʼzbek tilida (lotin alifbosida) berilib, uning tagidan ingliz tilida berilgan. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarining yorliqlaridan tortib yoʼriqnomasigacha oʼzbek tilida tayyorlanmoqda. 

Soha xodimlariga davlat tilida ish yuritishda qulaylik yaratish maqsadida qishloq xoʼjaligi atamalari ustida tadqiqot olib boradigan olimlar, amaliyotchilar va mutaxassislardan iborat ishchi guruh tashkil qilindi. “Qishloq xoʼjalik texnikasi atamalari” nomli elektron lugʼat yaratilmoqda.

Davlat tilining nufuzini mamlakat va dunyo miqyosida oshirishga doir turkum ilmiy, ilmiy-ommabop va ommabop maqolalar tayyorlab, elektron va bosma nashrlarda eʼlon qilish, ijtimoiy tarmoq va TV da oʼzbek tilini rivojlantitish boʼyicha reja asosida chiqishlar qilinmoqda.

Davlat tilida ish yuritilishiga toʼliq oʼtish ikki masʼul shaxs va bir maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi qonunga koʼproq bogʼliq boʼlib turibdi. Maslahatchi oʼz vazifasini sifatli, vijdonan bajarsa, masʼul mansabdor shaxs – tashkilot rahbari uni qoʼllab-quvvatlasa, oʼzbek tili, albatta, oʼz mavqeiga ega boʼladi. Аgar davlat tili toʼgʼrisidagi qonunga rioya qilmaganlarga maʼmuriy javobgarlik muqarrar boʼlsa, hammasi osongina oʼz iziga tushadi, oʼzbek tilining mamlakat va dunyo miqyosidagi nufuzi osha boshlaydi.


Gʼofir Hamroev,
"Oʼzagrotexsanoatxolding" АJ boshqaruv raisining
maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va
davlat tili toʼgʼrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini
taʼminlash masalalari boʼyicha maslahatchisi


16.07.2020 3537