"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Qadring baland bo‘lsin, Ona tilim!

    

    Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va  mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir. Ona tilimizning bor latofati, jozibasi va taʼsir kuchini, cheksiz imkoniyatlari munis onalarimiz allalarida, ming yillik dostonlarimizda, o‘lmas maqomlarimizda, baxshi va hofizlarimizning  sehrli qo‘shiqlarida  o‘z ifodasini topadi. Bu tilda  o‘zbek adabiyotining mashhur adiblari  Rabg‘uziy  “Qissasi Rabg‘uziy”, Yusuf Xos Hojib  “Qutadg‘u bilig”, Maxmud Qoshg‘ariy  “Devonu lug‘otit-turk”  asarlarini yaratib, ushbu asarlari  orqali til tarixidan so‘zladi. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy   “Xazoyin ul- maoniy ”dek bebaho va “Xamsa”dek shoh asarni bunyod etib, so‘z mulkining sultoni bo‘ldi.



Jonajon ona tilimizga eʼtibor Mustaqillik yillarida juda kuchaydi. Milliy tilimizni rivojlantirish borasida hurmatli Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan qator farmon va qarorlar qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi  Prezidentining  “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini  tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850–sonli Farmoni,O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi  PF-6084 –son Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining”Lotin yozuviga asoslangan  o‘zbek alifbosiga bosqichma bosqich to‘liq o‘tishni taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 61-sonli qarori shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-iyun kungi 118-son yig‘ilish bayoniga asosan o‘zbek tilini targ‘ib qiluvchi ijodiy izlanishlarni rag‘batlantirish va ommalashtirishga qaratilgan “Qadring baland bo‘lsin, Ona tilim!” respublika tanlovining o‘tkazishni  belgilanishi ham  jonajon ona tilimizga bo‘lgan eʼtiborning bir ko‘rinishidir.


Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan eʼtiborni  mustaqillikka bo‘lgan eʼtibor deb, davlat tiliga bo‘lgan ehtirom va sadoqatni  ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz kerak, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak. Bu oliyjanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni  amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak.



 

Farg'ona viloyati Dang'ara tumani maslahatchisi

Shahnoza Bohodirjanovna

 

19.08.2022 2925