"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

TILIMIZ RIVOJI UCHUN IZCHILLIK VA SOBITQADAMLIK ZARUR


Til — millat ko‘zgusi

Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish, o‘zbek tilining lug‘at boyligini oshiruvchi lingvistik, sohaviy-terminologik, izohli lug‘atlar yaratish, ta’lim muassasalarida davlat tilini o‘qitish tizimini takomillashtirish, “Sohada o‘zbek tilining qo‘llanilishi” fanlari joriy etilishi kabi vazifalar 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi.

Ya’ni, Prezidentimizning 2020-yil 20-oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi, uni 2020-2022-yillarda amalga oshirish dasturi tasdiqlandi. Shuningdek, ularning bajarilishi ta’minlanishining aniq ijro mexanizmlari, moliyaviy manbalari belgilab berilishi mazkur yo‘nalishdagi faoliyatni izchil tashkil qilish imkoniyatlarini yaratdi.

Mazkur farmonda belgilangan vazifalar asosida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida davlat tilini joriy qilish borasida aniq va tizimli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Sohada davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish hamda quyi organlarda davlat tilini joriy qilish borasida amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida vazirlik tasarrufidagi 5 ta oliy ta’lim muassasasi rahbarlari boshchiligida professor-o‘qituvchilardan iborat ishchi guruhlar tashkil etilib, ularning faoliyati tizimli yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan davr mobaynida mazkur ishchi guruhlar tomonidan tizim va hududiy tashkilotlar faoliyati 3 marta o‘rganilib, joylarda amaliy-uslubiy yordamlar ko‘rsatildi.

Tizimdagi boshqaruv apparati xodimlarining lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi bo‘yicha savodxonligi hamda davlat tilida ish yuritish asoslariga oid bilim va malakalarini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Toshkent davlat agrar universitetining o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi professor-o‘qituvchilari jalb etilgan holda 20 soatlik videodars tayyorlanib, vazirlikning masofaviy o‘qitish tizimiga joylashtirildi. Hozir boshqaruv apparatining 2800 nafardan ortiq xodimi kurslarga bormasdan ulardan o‘z ish joylarida jamoaviy va yakka tartibda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Vazirlikning hududiy tashkilotlarida davlat tilini joriy qilish masalalarida ushbu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi maslahatchilar bilan amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Natijada tizimdagi 231 ta tashkilot, korxona va muassasaning 203 tasi yoki 87,9 foizida davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilgan holda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida idoraviy ish yuritilishiga erishildi.

Sohada o‘zbek tilining lug‘aviy boyligini oshirish hamda sohaviy-terminologik bazani yaratish maqsadida “Qishloq xo‘jaligi atamalarining izohli lug‘ati” ishlab chiqildi. Ayni paytda “O‘zbekiston” nashriyotida uning matni tahrir qilinib, nashrga tayyorlanmoqda. Shuningdek, “Qishloq xo‘jaligi eksiklopediyasi”ni yaratish bo‘yicha amaliy loyiha tayyorlashga kirishildi.

Toshkent davlat agrar universitetining yaqinda o‘z faoliyatini boshlagan o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi o‘quv-uslubiy bazasini mustahkamlash choralari ko‘rilyapti. Vazirlik va xalqaro tashkilotlar homiyligida kafedra zaruriy badiiy adabiyotlar, ko‘rgazmali vositalar, kompyuter va orgtexnika jihozlari bilan ta’minlanmoqda.

Agrar tarmoq uchun kadrlar tayyorlashda soha fanlarining o‘zbek tilida o‘qitilishini takomillashtirish maqsadida oliy ta’lim muassasalarining o‘zaro uzviy va muvofiqlashgan faoliyatini tashkil etish choralari ko‘rildi. Mamlakatimizning qishloq xo‘jaligi tarmoqlari bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari mavjud 30 ga yaqin oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari ishtirokida maxsus anjuman o‘tkazilib, ushbu yo‘nalishdagi muammolar tahlil qilindi, oliy o‘quv yurtlariaro kengash tashkil etildi, hamkorlikdagi vazifalar ko‘lami belgilandi.

Sohaga oid fanlar o‘zbek tilida o‘qitilishi, yangi avlod darsliklarining davlat tilida yaratilishi, oliy ta’lim muassasalari ixtisoslik hamda o‘zbek tili va adabiyoti kafedralarining hamkorlikdagi ilmiy-pedagogik va innovatsion faoliyatini samarali tashkil etish choralari ko‘rilmoqda.

Shu bilan birga, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini mustahkamlash borasida oldimizda muhim vazifalar turibdi.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda yuritilayotgan ochiqlik siyosati yurtimizning globallashuv jarayonlariga tobora jadal kirib borishida muhim omil bo‘lmoqda. Xalqaro munosabatlarning faollashuvi, yoshlarimizning xalqaro reytingda yuqori mavqega ega oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishi, ilg‘or xorijiy tajriba va texnologiyalar joriy qilinishi, iqtisodiyotda xorijiy sarmoyalar salmog‘i va qo‘shma korxonalar geografiyasi kengayishi ushbu yo‘nalishdagi faoliyatimizni keng qamrovda izchil amalga oshirishni talab etmoqda. Bunda, birinchi navbatda, sohaga jadal kirib kelayotgan xalqaro va xorijiy so‘zlarning o‘zbek tilidagi aniq ma’noni anglatuvchi o‘xshash atamalarini qo‘llash masalasi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.

Qishloq xo‘jaligi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha bosh oliy ta’lim muassasasi hisoblanmish Toshkent davlat agrar universiteti kafedralari tomonidan o‘z fanlari doirasida zamonaviy ilmiy va o‘quv adabiyotlar hamda darsliklarda qo‘llanilayotgan xalqaro so‘zlar va xorijiy atamalar, xalqaro so‘zlarning o‘zbek tilidagi izohlari bayon etilgan 23 ta lug‘at tayyorlandi.

Mazkur yo‘nalishdagi faoliyatni takomillashtirish borasida ilmiy, amaliy va uslubiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan shartnoma imzolandi.

Xorijdagi qishloq xo‘jaligi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talaba yoshlarimiz bilan aloqani yo‘lga qo‘yish orqali ularning kelgusida o‘z mehnat faoliyatini mamlakatimizda davom ettirishlarini ko‘zda tutib, davlat tilida ish yuritish asoslari bo‘yicha bilim va malakasini oshirishga kirishildi. Dastlabki jarayonda Rossiya Federatsiyasining hamkor 7 ta oliy o‘quv yurti ma’muriyati bilan kelishilgan holda Toshkent davlat agrar universitetida tayyorlangan 20 soatlik videodars o‘zbekistonlik talabalarning jamoaviy va yakka tartibda bilim olishi uchun taqdim etildi.

“Taraqqiy etgan millatlarni onalari o‘qitar ekan, biz avval onalarimizni o‘qitib, ularga til o‘rgatishimiz kerak, chunki bizning ilm va tilimiz ulardandir”, degan edi Mahmudxo‘ja Behbudiy.

Aksariyatimiz ilk saboqni onamizdan olganmiz. Alifboni o‘rganish, harflarni bir-biriga “to‘qishtirib” o‘qish, gap yasash boshlang‘ich ta’limda dastlabki bosqichdagi eng qiyin va cheksiz sabr-bardosh talab etadigan jarayonligini hatto eng mohir ustozlar ham e’tirof etishadi. Bolaning ilmga qiziqishi, alifbo tufayli murg‘ak qalbida o‘zi uchun dastlabki kashfiyotlar ochishi o‘qituvchilarning darslarida shakllansa, onasi qunt bilan bergan saboqlari tufayli ongida tomir otadi, o‘qib berilgan ertaklar orqali kitobga mehri uyg‘onadi.

Hozirgi paytda bolalar ongi va dunyoqarashi shakllanishida kundalik faoliyatimizga jadal singib borayotgan axborot texnologiyalari muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Televidenieda bolalar uchun namoyish etilayotgan “zamonaviy xarakter”dagi ko‘rsatuvlar, animatsion va multfilmlar, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videoo‘yinlardagi muomala odobi va madaniyati murg‘ak qalblarda g‘alizlik uyg‘otayotganini hech birimiz xolisona baholamayapmiz.

Ommaviy axborot vositalarida, ayniqsa, televideniye va radioning ayrim kanallarida boshlovchilar hamda ko‘rsatuv, eshittirishda ishtirok etayotganlar tomonidan adabiy tilda muloqot qilishiga e’tibor susayib ketgani sababli ko‘p hollarda turli shevalar va rus, ingliz so‘zlari aralashtirib qo‘llanishi tobora odatiy tusga kirib bormoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ommalashayotgan ko‘plab video, ovozli va matnli materiallarda o‘zbek adabiy tili me’yorlarini mensimaslik holatlari hech bir qolipga sig‘maydi.

Matbuot erkinligi bilan birga so‘z mas’uliyatini kuchaytirish, noshirlik faoliyatini ham davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish lozimga o‘xshaydi. Zero, matbuot avvaldan savodxonlikni oshirish uchun ham muhim manbalardan hisoblangan.

Matbuot va kitob do‘konlaridagi ayrim davriy hamda adabiy nashrlar sahifalarida ko‘zga yaqqol tashlanadigan imloviy xatolarni ko‘rib, mutolaa istagi ham susayadi kitobxonda.

“Reklama to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri qabul qilinib, ko‘p joylardagi o‘zga tildagi bannerlar olib tashlandi. Zamonaviy rusumdagi elektron tablolar o‘rnatildi. Afsuski, ularda ham reklamalar qonun talablariga zid ravishda ora-sira rus tilida targ‘ib qilinishi davom etayotganining guvohi bo‘lib turibmiz.

Xulosa qilib aytganda, mazkur yo‘nalishdagi faoliyat har birimizdan izchillik va sobitqadamlikni talab etadi. Holbuki, ajdodlarimizning buyuk merosi – milliy ma’naviyatimiz, madaniyatimiz va tilimizni asrab-avaylab, ularni kelgusi avlodlarga yetkazish har birimizning muqaddas burchimizdir.


“Yangi O‘zbekiston” 210-son,

13-oktabr 2022-yil.

Eshmirza ABDUALIMOV,

qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi 

13.10.2022 1549