"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

DUNYOLARGA TARALSIN ELIM SHA`NI, TILIM JILOSI

Til – millat g‘ururi

1989-yil 21-oktabrda “Davlat tili haqida”gi tarixiy qonun qabul qilingan kun sevinchlari, hayajonlari hamon yodimizda. 2020-yil 10-aprelda “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi esa barchamizning ruhiyatimizni, ko‘nglimizni yanada ravshan qildi. G‘ururimiz, nomusimiz, shaʼnimiz bo‘lmish ona tilimiz mavqei yanada yuksalib borayotganidan boshimiz ko‘kka yetdi. Endi har yili 21-oktabr sanasi nafaqat butun mamlakatimiz bo‘ylab, balki dunyoning turli burchaklarida katta bayram sifatida nishonlanib kelinmoqda.

Shu kungacha davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosini taʼminlash maqsadida Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xorijda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish hamda uni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tegishli mexanizmlar yaratildi. O‘zbek tili dunyoning ko‘plab mamlakatlarida 70 ga yaqin universitet va 100 dan ziyod maktabda o‘rganilmoqda. O‘zbek tili o‘qitilayotgan davlatlar ichida biz bilan alohida strategik hamkorlik aloqalari o‘rnatgan davlatlar safi ham kengayib borayotgani quvonarlidir.

Xususan, Janubiy Koreyadagi eng yetakchi oliy taʼlim maskanlaridan biri hisoblangan Xankuk xorijiy tillar universitetida o‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalar soni bugungi kunda 60 nafardan ko‘proqni tashkil etmoqda. Ushbu talabalarga o‘zbek tilini o‘rgatish bilan birga, ularni xalqimizning boy tarixi, madaniyati, urf-odat va anʼanalari bilan tanishtirishda universitet professori Li Ji In, vatandoshlarimiz professor Aziza Mashrabbekova va fan doktori Dilnoza Kalonovaning hissasi katta. Taʼkidlash joizki, milliy bayramlarimiz arafasida koreyalik bu yoshlar o‘zbek tilida ravon so‘zlab, xalqimizga qizg‘in bayram tabriklarini yo‘llab kelmoqda. Bu esa, albatta, o‘zbekistonliklarga o‘ziga xos faxr bag‘ishlamoqda.

Yaqinda “Vatandoshlar” jamoat fondi delegatsiyasining Xankuk xorijiy tillar universitetida bo‘lib, ushbu taʼlim muassasasida o‘zbek tilini o‘rganayotgan koreys talabalari hamda ularning ustozlari bilan hech qanday tarjimonsiz dildan suhbatlashgani ham bugun ona tilimiz qiziquvchilar soni kun sayin ortib borayotganini yana bir bor isbotlab berdi.

O‘z navbatida, Berlinda joylashgan Gumboldt nomidagi universitetning Markaziy Osiyo bo‘limida xorijlik talabalar uchun o‘zbek tili kurslari tashkil etilgan. Ushbu bo‘limda 2 ta kursda 18 nafar talaba o‘zbek tilini o‘rganmoqda. O‘zbek tili kurslarida qatnashuvchilarning soni kelib tushadigan murojaatlarga ko‘ra har yili o‘zgarib turadi. Ushbu kurslarni tugatgan talabalarning aksariyati keyinchalik O‘zbekistonning siyosiy-iqtisodiy, ilmiy-madaniy hayotiga oid mavzularda diplom yoki ilmiy ishlar himoya qilishga ishtiyoq bildirmoqdalar. Jumladan, universitetda Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari, o‘zbek tili va adabiyoti bilimdoni, taniqli olima, “Do‘stlik” ordeni sohibasi professor Ingeborg Baldauf xorijlik yoshlarga o‘zbek tilidan saboq berib kelmoqda.

I.Baldauf O‘zbekistonda jadidchilik harakatining yorqin namoyandalari Cho‘lpon, Behbudiy va Fitrat hayoti va ijodini ham chuqur o‘rgangan. Ushbu izlanishlari natijasida “XX asr o‘zbek adabiyoti” monografiyasini yozib, nemis va o‘zbek tillarida nashr ettirgan. U, shuningdek, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukrulloning “Kafansiz ko‘milganlar” asari va yozuvchi Uchqun Nazarovning “Chayon yili” romanini nemis tiliga tarjima qilgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida esa 7 ta oliy taʼlim maskanida o‘zbek tilini o‘rgatish kurslari tashkil etilgan. Indiana, Ogayo, Vayoming, Chikago, Arizona universitetlari, “Sietl-O‘zbek mahallasi” vatandosh uyushmasi, British Kolumbiya universiteti huzuridagi o‘zbek tilini o‘qitishning onlayn kurslari shular jumlasidandir.

Shuningdek, hozirgi vaqtda vakolatxona bilan birgalikda O‘zbekiston Prezidentining 2022-yil 22-maydagi “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalk shoiri Abdulla Oripov uy-muzeyini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorlaridan kelib chiqib, AQShda adibning uy-muzeyini tashkil etish hamda ushbu masala bilan bog‘liq tashkiliy ishlarni hal qilish imkoniyatlari o‘rganilib chiqilmoqda.

Joriy yil 21-sentabr kuni mamlakatimizning Boku shahridagi elchixonasi tomonidan Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi (OMFA) bilan hamkorlikda Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro” (“Shoirlar bo‘stoni”) kitobining ozarbayjon tiliga tarjima qilingan nashri taqdimoti tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi vakillari, Ozarbayjon-O‘zbekiston parlamentlararo ishchi guruhi rahbari, deputat E.Ibragimov, akademiya rahbariyati va xodimlari, videokonferensaloqa orqali mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar “Tazkirat ush-shuaro” asari nafaqat Ozarbayjonni, balki butun turkiy dunyoni qamrab olganini taʼkidladi. Ushbu kitobning ozarbayjon tiliga tarjima qilinishi davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishiga alohida urg‘u berildi.

Bundan tashqari, Daniyadagi “O‘zbek tashabbuslari” uyushmasi rahbari Maʼrifat Akbarova Orxus shahrida o‘zbek oilalari orasida o‘zbek tili va milliy qadriyatlarini saqlab qolish, o‘zbek farzandlariga o‘zbek tili, tarixi, madaniyati va anʼanalarini o‘rgatish bo‘yicha kurslar tashkil qilgani alohida tahsinga sazovor.

Joriy yilda, shuningdek, ona tilimizni xorijiy hamkorlar bilan ishlashda faol foydalanishini taʼminlash maqsadida Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro munosabatlar bo‘yicha axborot-tahliliy markaz xodimi I.Shamsimuhamedovning Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlikda “Diplomatik terminlar izohli lug‘ati” 1000 nusxada nashr etildi va yurtimizdagi manfaatdor tashkilotlar hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimizga tarqatildi.

Albatta, o‘zbek tilining xorijdagi nufuzini yanada oshirish yo‘lida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar talaygina. Jumladan, hozir biz xorijiy fuqarolarni o‘zbek tiliga o‘rgatishga mo‘ljallangan zamonaviy va sifatli o‘quv qo‘llanmalar yaratish va ularni muntazam takomillashtirib borishga harakat qilyapmiz. Chet elliklarga o‘zbek tilini o‘rgatishga ixtisoslashgan o‘qituvchilarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish hamda mamlakatimizda nashr etilayotgan yangi adabiyot va qo‘llanmalarni xorijga tezkor ravishda yetkazib berish mexanizmini yaratish bo‘yicha ham qator vazifalar belgilangan. Mazkur vazifalarni ado etish bizga juda katta masʼuliyat yuklashi bilan birga yuksak sharaf ham bag‘ishlaydi. Zero, elimiz shaʼni, tilimiz jilosi dunyo bo‘ylab taralishida munosib hissa qo‘shish baxti hamisha qalbimizga ravshanlik olib kiradi.

Anvar ABDUHALIMOV,

tashqi ishlar vaziri maslahatchisi

15.10.2022 1743