"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Ma’naviyat karvoni zamini javohirlarga, qalblari ma’naviy gavharga to‘la navoiyliklar huzurida

Olam ahli bilingizkim ish emas dushmanlig‘,

Yor o‘ling bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish.

Alisher Navoiy

Yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ta’sirchanligini oshirish, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy islohotlarning mazmun-mohiyatini jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib etish orqali vatanparvar, xalqqa muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratishdek mas’uliyatli «yuk»larni yelkasiga ortgan «Ma’naviyat karvoni»ning navbatdagi manzili hazrat Nizomiddin Mir Alisher Navoiy bobomiz nomi bilan atalgan viloyat bo‘ldi. Taniqli shoiru yozuvchilar, ilmu fan arboblari, san’atkorlar, kino san’ati darg‘alaridan iborat karvon bepoyon kengliklar ichra yashayotgan mard va tanti, ma’rifatparvar insonlar vatani sari yo‘l oldi.

Toshkenti azimdan chiqqan poyezdimiz oldinga yeldek uchardi. Yana ijodiy safarga otlanganmiz, yana oldinda qanchadan-qancha samimiy uchrashuvlar, manfaatli fikr almashuvlar bizni kutmoqda.

Bizning Alisher Azimov boshchiligidagi ijodiy guruhimiz a’zolari viloyatning Konimex tumaniga kechga yaqin yetib bordi. Mehmonxonaga joylashiboq, Zafarobod shaharchasidagi 5-son kon boshqarmasi sari yo‘l oldik. Chunki bu yerda 300 ga yaqin konchilar va ularning oila a’zolari bizni kutishayotgan ekan. Konchi mehnatkashlar shoir-yozuvchilarimizning ijod namunalarini dildan tinglashdi, taniqli san’atkorlarimizga qo‘shilib, raqsga tushib, qo‘shiqlariga jo‘r bo‘lishdi. Shunday qilib, ilk ma’naviy-ma’rifiy tadbirimiz ko‘tarinki ruhiyatda boshlandi.

– Kombinatimiz asosan burg‘ilash ishlariga, uranni qayta ishlashga ixtisoslashgan, – deya tanishtirish barobarida so‘z boshladi 5-son kon boshqarmasi bosh muhandisi Sulton Mahmudov. – Bu yerda uch mingga yaqin ishchi faoliyat ko‘rsatib, oilalarining kundalik ehtiyojlarini qondiradi, ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib, madaniy dam oladilar.


Keyingi manzilimiz tuman Ma’naviyat va ma’rifat markazida bo‘ldi. Bu yerda ma’naviy merosimizning nodir namunalarini aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng yoyishga qaratilgan «Milliy qadriyatlar» taqdimoti o‘tkazildi. Bunda qozoq xalqining «Betashar» (bet ochar), «Tusaukeser» (tushov kesish), «Besekke salu» (go‘dakni beshikka solish), qoraqalpoq xalqlarining «Qiz uzatu» (kelin salom), choy qo‘yish kabi milliy urf-odatlari, marosimlari bizda olam-olam zavq-shavq bag‘ishladi. 

Shundan so‘ng "Navro‘z", "Do‘stlik", "Guliston" mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi, yoshlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ona Vatan madh etilgan she’rlar yangrab, mahalla ahli bilan samimiy muloqotga ulanib ketdi.

4-son bolalar musiqa va san’at maktabi ustoz-murabbiylari hamda o‘quvchilari bilan muloqot ham o‘zgacha tarovat kasb etdi. Bu maskanda o‘quvchilar do‘mbira, dutor, karnay-surnay, pianino kabi musiqa asboblaridan saboq olisharkan. «Shuhrat» medali sohibi, milliy estradamizda o‘ziga xos ovozga ega Umidjon Shahobovning tanbur chertish bo‘yicha o‘tkazgan mahorat darsi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulchehra Nosirovaning rollarni ijro etish san’ati, kinoaktrisa hamda teleradio boshlovchi Mukarram Bekmurodovaning dil so‘zlari, xushovoz xonanda Kamoliddin Mirsoliyevning maqom yo‘nalishidagi qo‘shiqlari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Mirza Karimning ota-ona, ustoz-murabbiylarga bag‘ishlangan she’rlari, qolaversa, O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyori Laziz Orziyevning boshlovchilik va so‘z o‘yinlari mahorati ishtirokchilarga manzur bo‘ldi.

Tadbir so‘nggida salkam 40 yillik ish stajiga ega bo‘lgan tajribali pedagog, maktab direktori Mahbuba Adnayeva kelgusi rejalar haqida zavq-shavq bilan so‘zlab berdi.

Muhimi, «Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz» shiori ostida o‘tkazilgan har bir tadbir barchamizga dili bir, dini bir, qadriyatlari bitta xalq ekanimizni takroran yodimizga solgandek bo‘ldi...

Xuddi shoir ta’kidlaganidek,

O‘zbek, Qozoq, Qoraqalpoq, Tojik, Turkmanmiz,

Olloh dargohida oqu, qora – barchamiz tengmiz.

Bani odammiz, basharmiz – ahil turkiymiz,

Qondosh, jondosh, dindosh, og‘a-inimiz!

INSONNING QADRI INSON BILAN

Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylag‘ay,

Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay.

Alisher Navoiy

Tadbirlarimiz doirasida Mehr-saxovat loyihasi ham mavjud bo‘lib, unga ko‘ra, qariyalar, nogironligi bor shaxslar, bemor yurtdoshlarimiz holidan xabar olish ko‘zda tutilgan. Biz ham tumanning «Navro‘z» MFYdagi bir necha xonadonlarda bo‘ldik. Ularning mahzun ko‘ngillariga biroz bo‘lsa-da, quvonch ulashishga harakat qilindi. Shoirlarimiz ta’sirchan ijod namunalarini o‘qishgan bo‘lsa, san’atkorlarimiz o‘zlarining diltortar navolari bilan ularni xushnud etishdi, dil bilan dildan suhbat qurishdi. «G‘animatim onajon» qo‘shig‘ini jo‘r ovozda xirgoyi qilishgan guruhimizning eng yosh va umidli xonandalari «Nihol» mukofoti sohibasi Guljahon Xolxo‘jayeva va Akmaljon Xolxo‘jayevlarning jarangdor ovozlaridan ular g‘oyat to‘lqinlanib, hatto ko‘zlariga sevinch yoshlari ham keldi. 

Quvonarlisi shundaki, mazkur MFYning Berdaq ko‘chasi 3-uyda yashayotgan nogironligi bor ayolning qizi – Arzigul Aldanazarovaning ishga joylashishi yuzasidan qilingan iltimosi bo‘yicha tuman hokimi o‘rinbosari Quvonchbek Shamsiyev tomonidan shu yerning o‘zidayoq amaliy yechimga kirishildi.

QADRI BALAND, MEHRI DARYO KONIMEXLIKLAR

Aql ila olam yuzin obod qil,

Xulq ila olam elini shod qil.

Alisher Navoiy

Erta tongdan "Yuksalish" MFYsi binosi turli xalq vakillari, yoshlar bilan gavjum. Ular bilan uchrashuv mazmunli, qiziqarli bo‘ldi. Yana bir quvonchli jihati – shu elning sevimli farzandi, viloyatning Konimex, Tomdi va Uchquduq tumanidan Oliy Majlis qonunchilik palatasiga deputat etib saylangan Axshagul Tulegenova bizga hamrohlik qildi va yaqindan yordam berdi.  Konimexliklar orasidan ikki nafar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, ikki nafar Qoraqalpog‘iston xalq artisti, 3 nafar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, o‘n nafarga yaqin xizmat ko‘rsatgan chorvadorlar faoliyat ko‘rsatishar ekan.

SAHRODA INNOVASIYA

Yana bir qiziq ma’lumot. Konimexlik cho‘ponlar Qizilqum yaylovlaridagi o‘tovlarida quyosh panellarini o‘rnatishmoqda. Bir paytlari faqat shamchiroqda o‘tiriladigan o‘tovlar endilikda elektr chirog‘ida nurafshon bo‘lmoqda.

Konimexning chekka ovullariga safarimiz ulkan taassurotlarga boy bo‘ldi. Tuman markazidan 250 kilometr uzoqlikda joylashgan qozoq, qoraqalpoq ovullariga yetib bordik. Shundoq yuzlaridan tabassum ufurib turgan bu kishilar o‘ta samimiy, mehmondo‘st va san’atsevar ekan. Ovuldagi har bir erkak kishi o‘z milliy cholg‘u asboblarini chalishni xush ko‘radigan, xushchaqchaq insonlar. 

KARVON YO‘LI: TOSHKENTDAN TOMDIGACHA

Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar viloyatning markazidan tortib, Tomdi tumanining eng so‘nggi ovullarigacha bo‘lgan chekka hududlarda ham qizg‘in davom etdi. Iste’dodli shoir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Humoyun Akbarovning ilhomi jo‘shib, «Tomdi, yuraklar yondi» she’ri dunyo yuzini ko‘rdi va shu kunning o‘zidayoq O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Toshpo‘lat Matkarimovning ajoyib ijrosida qo‘shiq bo‘lib butun navoiyliklar qalbidan joy oldi.

QATRADA AKS ETAR QUYOSh

Naf’ing agar xalqqa beshakdurur

Bilki, bu nafʼ o‘zungga ko‘prakdurur.

Alisher Navoiy

Millatlararo totuvlik muhitini yanada mustahkamlash borasida jonbozlik qilib faoliyat yuritayotgan tuman hokimi Ruslan Ro‘ziyev quyidagilarni so‘zlab berdi: – tumanimizning jami aholisi 40 mingdan ziyod bo‘lib, 14 ta turli millat va elat vakillari mehr-oqibat, bag‘rikenglik, o‘zaro totuvlikda: ovullaru mahallalarimizda o‘zbek, qozoq millatiga mansub, dili, tili va niyatlari bir xil insonlarning bir-biriga bo‘lgan shirin munosabatini ko‘rib, ko‘nglingiz yayraydi. Bir-birini izzatlab umrguzaronlik qilishadi.

Hududda fosforit xomashyosini chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan, 100 nafardan ortiq aholi ishlaydigan «Qizilqum fosforit» MCHJ tomonidan mineral xomashyo chuqur qayta ishlanib, qishloq xo‘jaligi va sanoat korxonalari uchun boyitilgan mineral mahsulot sanaladi.

Bundan tashqari, tumanda sement, yonuvchi slanets, fosforit va mineral tuzlar kabi noruda zaxiralar mavjud bo‘lib, viloyat va respublika sanoat korxonalarini xomashyo mahsulotlari bilan ta’minlab bormoqda.

Tuman boshqa hududlardan chorvachilik yo‘nalishi rivojlanganligi bilan ajralib turadi. Misol uchun, tuyachilik yo‘nalishini olaylik, boshqa hududlardagi fuqarolar tuya sutini iste’mol qilib, o‘zining sog‘ligini tiklab bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida, tibbiy xizmatlarning rivojiga hamda insonlarning salomatligi tiklanishiga munosib hissasini qo‘shmoqda.

Hududda eksport salohiyati rivojlanmoqda. Misol uchun, bundan besh yil oldin birgina qorako‘l terisi eksport qilingan bo‘lsa, hozirda meva-sabzavotlar, gips, qayta ishlangan jun, trikotaj materiallari eksportga chiqarilmoqda.

Muhimi, tuman hududining kattaligi, ovullarining olis-yaqinligi mutasaddilarning faoliyati shiddati, xalqchil islohotlarni amalga oshirishiga to‘sqin qilolmasligining guvohi bo‘ldik. Albatta, bularning zamirida tarqoq istiqomat qilayotgan konimexlarning o‘zaro ma’nan yaqinligi, madaniy birligi, samimiyligi va og‘izbirchiligi yotganini anglash qiyin emas.


NAVOIY VILOYATI RAQAMLARDA

Viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti raqamlarda ham kuzatishimiz mumkin. Jumladan, hisobot davrida yalpi hududiy mahsulot hajmi 105,5 foiz, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 105,3 foiz, xalq iste’mol mollari 106,9 foiz, qurilish-pudrat ishlari 108,6 foiz, chakana savdo 111,9 foiz, jami xizmatlar 114,7 foizga o‘sishi ta’minlandi. 

Shuningdek, 3 244 ta yangi kichik biznes sub’ektlari tashkil etildi. Ularning asosiy qismi Navoiy shahri (509 ta), Qiziltepa tumani (462 ta), Xatirchi tumani (389 ta) va Karmana (380 ta) tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Davlatimiz rahbarining «Tarmoqlar va hududlar o‘rtasida o‘zaro kooperatsiya bo‘lmas ekan, qo‘shilgan qiymat zanjirini va yangi industrial taraqqiyotni tasavvur ham qilib bo‘lmaydi», degan da’vatlari hudud taraqqiyotida o‘z isbotini topmoqda. Masalan, joriy yilning 20-21 oktyabr kunlari hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi tashkil etildi. Unda 1 613 ta, jumladan, 41 ta tarmoq va 1 572 ta hududiy ishlab chiqarish korxonalari mahsulotlari, jumladan, tog‘-kon metallurgiya, elektrotexnika, kimyo sanoati va qurilish materiallari sanoati mahsulotlari namoyish etildi. Shuningdek, yarmarkada energetika, metallurgiya sohasi va boshqa korxonalar ham o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etgani ham ilmiy-innovatsion rivojlanishdan darak beradi.

Umuman, Navoiy viloyati mavjud cheksiz imkoniyatlari va ulkan istiqbollari bilan mamlakatimizda munosib o‘rniga ega. Misol uchun, joriy yilning 9 oyligida yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha respublikaning 7,9 foiz va sanoat mahsulotlari bo‘yicha 16 foizini tashkil etgani holda har ikki ko‘rsatkichda ham uchinchi o‘rinni egallab turibdi.

MA’NAVIY EHTIYOJ: «HAR HAFTADA BITTA KITOB O‘QIYMIZ»

Kitob — beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai

Alisher Navoiy

Konimex tumaniga biriktirilgan Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisi Tohir Abdurahmonov viloyatda kitob mutolaasi tizimi yo‘lga qo‘yilganligi, bu «Har haftada bitta kitob mutolaa qilamiz» intellektual tanlovi deb nomlanganligini aytib qoldi.

"Kitobxonlik tanlovi viloyatimizdagi barcha tuman va shaharlarda har haftaning chorshanba, payshanba hamda juma kunlari e’lon qilingan bitta kitob muhokamasiga bag‘ishlab tizimli ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Kitob mutolaasi, asarlar mazmun-mohiyatini anglash insonni komil, zukko, teran tafakkur sohibiga aylantirishi, shubhasizdir", deydi u.

MUZEYLAR XALQ TARIXIDAN SO‘ZLAYDI

«Ma’naviyat karvon»ining ziyolilari tarixiy qadamjolar, ziyoratgohlar, muzeylarga tashrif buyurdi. Jumladan, viloyatdagi «Qatag‘on qurbonlari xotirasi» muzeyiga sayohat o‘zgacha bo‘ldi.

– Ushbu muzey Prezidentimiz topshirig‘i bilan tashkil qilingan bo‘lib, viloyatimiz ahlining yaqin 150 yillik og‘ir va zalvorli tarixini o‘z ichiga olgan. Ayniqsa, muzey ekspozitsiyalarida aks etgan yurtdoshlarimizning taqdiri,surgun va siyosiy qatag‘onlarga duchor qilinganlarning hayoti va qismati aks etgan lavhalar kishini o‘ylantiradi. 2020 yilda ishchi guruhimiz bilan birgalikda Navoiy viloyatining Nurota, Karmana, Xatirchi, Qiziltepa tuman davlat arxivlarida saqlanayotgan hujjatlar asosida 4000 dan ortiq qatag‘on qilingan vatandoshlarni nomma-nom aniqlashga muvaffaq bo‘ldik, – deydi muzey direktori, dotsent Xurshid Qurbonov.

Darhaqiqat, muzeylar xalq tarixidan so‘zlab, u elning asrlar davomida qo‘lga kiritgan yutuqlari, ilm-ma’rifatga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumot beradi, ko‘rgazmali, ishonchli, ilmiy asoslar bilan insoniyatga ma’naviyat ruhini tarqatadi.

SO‘NGGI SO‘Z O‘RNIDA

Umidim shulki, umidingga yetgaysan

Alisher Navoiy

bugungi islohotlarimizning tag-zamini «Inson qadri uchun» degan ustuvor tamoyilga tayanadi. Darhaqiqat, jahon minbarlarida ilgari surilayotgan xalqaro, mintaqaviy va milliy tashabbuslar, bularning barchasi Yangi O‘zbekistonning islohotlar yo‘li to‘g‘ri tanlanganidan dalolat beradi. Zotan, Ma’naviyat karvonining ezgu maqsadi ham ma’rifatli jamiyatni bunyod etishda beminnat ziyo ulashishdir...

Obiddin MAHMUDOV,

Respublika ma’rifat targ‘ibotchilari a’zosi

 

15.11.2022 281