"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

MASLAHATCHI MUSAHHIH EMAS

Hech bir mezbon o‘z uyiga kelgan mehmonga xom-xatala, chala pishgan, bemaza taomni qo‘ymaydi. Nega?! Chunki u mehmonidan uyaladi. Nomus qiladi. Shuning uchun mehmon kelganda, hatto “yo‘qni bor” qiladi. Davlat tilida chala-yarim, sifatsiz matn, xat-hujjat tayyorlashdan ham shu taxlit uyalishimiz kerak.

So‘zimiz – bizning yuzimiz. Xatimiz esa bamisoli ko‘zgu.

U o‘zligimizni, boru yo‘g‘imizni aks ettirib turadi. O‘ylab qarasak, o‘zbek tili dunyoning eng boy tillaridan biri ekanini anglaymiz. Ammo ba'zi birlarimiz nutqimizda, so‘zimizda uning bu imkoniyatlaridan foydalanmaymiz. Aksincha, “borni yo‘q” qilib ko‘rsatamiz.

O‘zbek tilining davlat va jamiyat hayotidagi mavqeini yanada oshirish, “Davlat tili haqida”gi qonunni bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish maqsadida, Prezidentimiz tomonidan 2019-yil 21-oktyabrda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan edi. Eng quvonarlisi, 21-oktyabr O‘zbekistonda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-yanvardagi qarori bilan Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tuzildi va barcha davlat organlari, vazirliklar va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarda ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi tashkil etildi.

Shuning natijasi o‘laroq, hozirgi kunda respublikamizdagi vazirlik, idora va tashkilotlarda rahbarning ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilishni ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahatchilar faoliyat yuritmoqda.

Bu tashabbus yurtimizda davlat tilining nufuzini oshirish, uni rivojlantirish maqsadi yo‘lidagi muhim qarorlardan biri bo‘ldi. Bir qarashda bizning vazifamiz oddiydek ko‘rinadi. Ammo zimmamizga yuklatilgan vazifalar qanchalik muhim va ulkanligini bu lavozim darajasi bejizga rahbar o‘rinbosari maqomiga tenglashtirilmaganidan ham bilib olsa bo‘ladi.

Mamlakatimizda davlat tilini rivojlantirishga jiddiy e'tibor berilayotgani, bu borada tarixiy ishlarga qo‘l urilayotgani ham masalahatchilarning zimmasiga yuklangan vazifa nechog‘lik mas'uliyatli ekanini ko‘rsatadi. Bu vazifa shu qadar zalvorliki, vazirlik, idora va tashkilotda faoliyat yuritayotgan maslahatchi shu yukni chuqur his qilgan holda, o‘z ish joyida davlat tili siyosatini amalga izchil tatbiq etilishini ta'minlashi, uni monitoring va nazorat qilishi, davlat tilida ish yuritishning oqilona usul va choralarini ishlab chiqishda faollik ko‘rsatishi zarur.

Jumladan, maslahatchi quyidagi vazifalarni amalga oshirishi talab etiladi:

– mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha sohalarida, davlat boshqaruvi, zamonaviy va innovasion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, harbiy ish, tibbiyot va boshqa sohalarda davlat tilining imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish;

– davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish;

– davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;

– davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan, shuningdek, uni rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

– o‘zbek tilining yozma nutqi me'yor va qoidalarini ishlab chiqish bo‘yicha hamda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish;

– davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va boshqa tashkiliy ishlarda faol ishtirok etish.

Aytish kerakki, bu lavozimga tayinlangan maslahatchilar bor kuch-imkoniyatini ishga solib, o‘ziga belgilangan vazifalarni baholi qudrat bajarib kelayapti. Ammo muammo shundaki, ular ishlayotgan jamoalarda aksar holatlarda maslahatchilarga “korrektor”, ya'ni “musahhih” sifatida qaralmoqda. Aslida – bu sharaf (!). Chunki sizga xatolarni to‘g‘rilovchi, tuzatuvchi sifatida munosabatda bo‘lish – ishonchning yuksak namunasi. Biroq hayhotday idorada hamma o‘z bilganicha yozaversa, o‘z ustimda ishlay, imkon qadar tayyorlayotgan hujjatlarimning xatosini o‘zim bartaraf etay, keyin korrektorga ko‘rsatay, demasa, aksincha, oyligini olyaptimi, xatolarni tuzatsin-da, uning vazifasi xatolarni tuzatish qabilida tayyorlagan hujjatini imlomi, tinishmi, uslubiymi va yana boshqa xatolari bilan uning stoliga olib kelib tashlasa... Ishing shu, mana shularni tuzat deganday... Yo‘q, har kim o‘z ishini qilishi kerak.

Munosabat shu taxlit davom etaversa, maslahatchi “musahhih”likdan bo‘shamay, idorada davlat tilini rivojlantirish bilan bog‘liq islohotlar maromiga yetmay qolishi aniq. Bugun davlat tilida ish yuritish, davlat tilini rivojlantirishda faollik ko‘rsatish, ushbu tadbirlarda bevosita ishtirok etish nafaqat maslahatchilar, filolog mutaxassislar, shoir va adiblar, balki har bir fuqaro, har bir xizmatchi, har bir xodimning vazifalaridan bo‘lishi kerak.

Avvalo, idorada ishlayotgan har bir xodim o‘z oldiga savol qo‘yishi kerak. Xo‘sh, men bugun o‘z shaxsiy ish faoliyatimni davlat tili talablariga muvofiq tashkil qilyapmanmi?

Shu savolga javob berish asnosida, u o‘zi tayyorlagan xat-hujjatiga tanqidiy ruhda nazar solishi, undagi xatolarni maslahatchi tahririga kiritishdan oldin imkon qadar o‘zi tuzatishi, bu borada davlat tiliga oid bilimlarini ishga solishi, ana undan keyin mutaxassis e'tiboriga havola etishi lozim. Maslahatchi ham, o‘z navbatida, xodim tomonidan tayyorlangan matnlarni diqqat bilan ko‘zdan kechirishi, uning yo‘l qo‘ygan xatolarini tuzatishi, kerakli yo‘l-yo‘riq berishi, bir so‘z bilan aytganda, barcha mutaxassis davlat tilida ish yuritish yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib, o‘zaro yakdil jamoa bo‘lgan holda, o‘z ustida ishlashi va birgalikda samarali natijaga erishishi kerak.

Shunday ekan, bugun biz davlat tiliga hurmatni har qadamda, har nafasda his qilib yashashimiz, ishlashimiz lozim. Ayniqsa, bu borada idoralarda faoliyat yuritayotgan har bir xodim egallab turgan vazifasidan qat'i nazar, avvalo, davlat tiliga ehtirom bilan munosabatda bo‘lishi, ikkinchidan, davlat tilida ish yuritishi, buning uchun esa muntazam ravishda o‘z ustida ishlashi, mutaxassislardan o‘qib-o‘rganishni odatiy mashg‘ulotga aylantirishi zarur.

O‘zimiz chiroyli so‘zlasak, madaniyatli bo‘lsak, yozgan yozuvlarimizning go‘zalligi-yu xatosizligidan nafaqat atrofdagilar, avvalo, farzandlarimiz hayratga tushishsa, qanday yaxshi. Shubhasizki, ular ham xuddi shu yo‘ldan qadam tashlaydilar, bizga havas qiladilar...

Ha, boshqacha aytganda, har birimiz “musahhih”lik qilish darajasida bo‘lishimiz zarur.


Bahodir VALIYEV,
Favqulodda vaziyatlar vaziri maslahatchisi

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!

Bizning manzil: 

http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep


01.08.2020 3405