"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Ona tili o‘qitilishida oqsoqliklar ko‘p


Millat ruhi

Bugungi kunda Yer yuzidagi 50 milliondan ortiq aholi o‘zbek tilida gaplashadi. Yurtimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Mamlakatimizda shakllangan odil til siyosati bois so‘nggi yillarda ona tilimizning mavqeyini yuksaltirish, uni chinakam davlat tiliga aylantirish uchun keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Xususan, Hukumat tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamentining tashkil etilgani, vazirlik, tashkilot va idoralarda rahbarning til masalalari bo‘yicha maslahatchilari faoliyat ko‘rsatayotgani — bu boradagi ijobiy siljishlarga hissa bo‘lib qo‘shilmoqda.

Yurtboshimizning 2020-yil 20-oktabrdagi farmoni bilan “2020—2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi” tasdiqlanib, vazifalar belgilab berilgan. Ular qatorida taʼlim muassasalarida davlat tilini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish sohasida 2025-yilga qadar davlat maktabgacha taʼlim tizimida o‘zbek tilli guruhlar  qamrovini 72 foizga, 2030-yilgacha esa 80 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. 2030-yilga qadar umumtaʼlim maktablarida o‘zbek tili fanini o‘qitish ko‘lamini amaldagi haftada 84 soatdan 110 soatgacha oshirish, oliy taʼlim muassasalarida o‘zbek tili kafedralari sonini 2025-yilga qadar 120 taga yetkazish, filologiya taʼlim yo‘nalishlarida “Kompyuter lingvistikasi”, “Amaliy filologiya” yo‘nalishlarini tashkil qilish, shuningdek, o‘zbek tilidagi mavjud lug‘atlar asosida uzluksiz taʼlimning barcha turlari uchun o‘quv lug‘atlarini yaratish kabi marralar belgilangan va bugungi kunda bu borada ishlar tizimli amalga oshirilmoqda. 

Ammo ochig‘ini aytganda, uzluksiz taʼlim tizimida o‘zbek tilining yoki ona tili va adabiyot fanining o‘qitilishida bir qator oqsoqliklar mavjud. Shu kabi kamchilik va muammolarning raqamlariga to‘xtalamiz. Kadrlar sifatiga baho Taʼlim inspeksiyasi tomonidan o‘tkaziladigan pedagog kadrlar attestatsiyasi natijalari bilan o‘lchanadi. So‘nggi ikki yilda ona tili va adabiyoti fanidan pedagog kadrlar attestatsiyasi natijalariga ko‘ra jarayonda ishtirok etgan 6736 nafar pedagogdan 7% i aʼlo, 16,5%i yaxshi, 22,4%i qoniqarli va 54,1%i qoniqarsiz natija ko‘rsatganligining o‘zi tashvishli signal sifatida qaralishi lozim.

Bundan tashqari, har yili eʼlon qilinadigan maktablar reytingini aniqlash jarayonida maktab o‘quvchilarining ona tili bo‘yicha ko‘nikmalari alohida indikator sifatida baholanadi. Xususan, o‘tgan yilgi maktablar reytingini aniqlash jarayonida 9-sinf o‘quvchilaridan ona tili fanidan diktant olinganda ularning 27 foizi qoniqarsiz natija qayd etgan. Ushbu natijalar ham o‘quvchilarda yozma nutq ko‘nikmalarining yetarli darajada shakllanmayotganligi – taʼlim mutasaddilari, ustoz o‘qituvchilar oldiga ulkan vazifalarni qo‘yadi.

Uzluksiz taʼlim tizimida fan dasturlarining uzviyligi taʼminlanmaganligi taʼlim sifati va samaradorligiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda. Birgina o‘zbek tili fanidan mavjud o‘quv dasturlari tahlil qilinganda, takrorlangan mavzular 13 ta, uzviyligi taʼminlanmagan mavzular 42 ta, qisqartirilishi taklif yetilgan mavzular soni 40 ta, yangi kiritishga yoki takomillashtirishga taklif yetilgan mavzular soni 94 ta, xalqaro tadqiqotlar bo‘yicha kiritiladigan mavzular soni 35 ta yekanligi aniqlandi va dasturlar mutaxassislar tomonidan to‘g‘rilandi. Ushbu o‘quv dasturlari ikkinchi marta taʼlim inspeksiyasi saytidagi (http://www.uzviylik.tdi.uz) muhokama portaliga joylashtirildi va ularga 200 dan ortiq takliflar bildirildi. Keyingi bosqichda o‘zbek tili fani konsepsiyasi va 4 ta o‘quv dasturi (maktabgacha taʼlim, umumiy o‘rta taʼlim, AL, PT va OTM uchun) Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti, Prezident taʼlim muassasalari agentligi hamda Navoiy davlat pedagogika institutida ekspertizadan o‘tkazildi. Ekspertizada 66 ta kamchilik va takliflar aniqlanib, ulardan 34 tasi dastur mazmuniga kiritildi, 3 tasi asoslantirildi.

O‘zbek tili taʼlimi o‘zga til o‘quvchilarini o‘zbek tilini o‘rganish, anglash, fikrini shu tilda og‘zaki va yozma bayon yetish orqali o‘zbek xalqining madaniyatini o‘rgatish, barkamol shaxs sifatida tarbiyalash, unda ezgu maʼnaviy sifat va ijodiy qobiliyatlarni rivojlantirishda alohida ahamiyat kasb yetadi. Buning uchun yoshlarni milliy va jahon madaniyatining eng sara asarlari bilan tanishtirish orqali ularda badiiy asar qahramonlaridagi turli maʼnaviy-axloqiy sifatlashlarga faol hamda asosli mantiqiy va hissiy munosabat uyg‘otish lozim bo‘ladi.

Boshlang‘ich maktabda 6 yil davomida jami 6-9 ta fan o‘qitiladi, 5892 soat hajmda, shundan koreys tilining ulushi 421 soatni (7,1%) ni tashkil yetadi. O‘rta maktablarda 3 yil davomida jami 3366 soat hajmda 10 ta fan o‘qitiladi, shundan koreys tilining ulushi 442 soatni (13,1%) ni tashkil yetadi, yaʼni koreys tili haftasiga 4-4,5 soatdan o‘qitiladi. Yuqori 11-12 sinflarda tanlov fanlarining o‘quv rejasiga binoan koreys tili haftasiga 8 soat o‘qitilsa, asosiy tanlov fani sifatida “Turmushdagi koreys tili” 4 soat hajmida, chuqurlashtirilgan tanlov fani sifatida “Muloqot” 4 soat, “O‘qish” 8 soat, “Kompozitsiya” 8 soat, “Grammatika” 4 soat, “Adabiyot” 8 soat hajmda o‘qitiladi.

Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonda “Ona tili va adabiyoti” fani misolida 2018-2019-o‘quv yilida 73,5 soatdan 68 soatga (-5,5), 2020-2021 o‘quv yilida 68 soatdan 57 soatga (-11 soat), yaʼni 2 yilda jami 16,5 soat (25 foiz)ga qisqargan.

Ammo o‘zbek tili (davlat tili)ning ulushi esa 2018-yilda 16 soatdan (6,2%) 2021-yilda 21 soatga (8,4%) yaʼni +2,2% ga oshgan. Keyingi o‘quv yilida 21 soatdan 27 soatga oshgan. Bu esa mamlakatimizda taʼlim o‘zbek tilidan boshqa tilda olib borilayotgan maktablarda davlat tilining o‘qitilishga bo‘lgan eʼtiborning kuchayganligidan dalolat beradi.

Taraqqiyot bor joyda yangi bilim va yangi yondashuvlarga ehtiyoj sezilishi tabiiy. Shu bois ona tili va xorijiy tillarni, o‘zbek va jahon adabiyotini o‘qitishni zamon talabiga hamohang tashkil etish, mavjud muammolarni bartaraf etish ertangi istiqboldagi yutuqlarimiz kafolatidir.

Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2021-yil 10-fevraldagi qarori va uning ilovasidagi yo‘l xaritasida — hujjatlar loyihalarini ilmiy lingvistik ekspertizadan o‘tkazish, Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi, imlo qoidalari va davlat tilida ish yuritishni o‘rganish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish, elektron dasturiy taʼminotlarini tayyorlash, vazirlik, idora va tashkilotlarda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va yangi imlo qoidalarini o‘rganishga mo‘ljallangan uslubiy qo‘llanma, imlo, atama, joy, kishi nomlari, o‘quv lug‘atlari tayyorlash, kirilldagi adabiyotlarni lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosiga o‘tkazish, yangi alifbodagi yozuvda ish yuritishga to‘liq o‘tish kabi vazifalar belgilangan.

Unga ko‘ra Taʼlim inspeksiyasi buyruqlari to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida rasmiylashtirilmoqda. Tashqi va binolar ichidagi yozuvlar, lavhalar, reklamalar, ish qog‘ozlari, blanklar, peshlavhalar, stendlar, Taʼlim inspeksiyasi rasmiy veb-sayti, eʼlonlar va ommaviy targ‘ibot materiallari lotin yozuviga o‘tkazildi. Ish yuritish hujjatlari lotin yozuvida ishlab chiqilishi va qabul qilinishi nazoratga olindi. Adliya vazirligida lingvistik ekspertizaga bag‘ishlab o‘tkazilgan seminarlarda ishtirok yetildi. 2021-2022-yillarda 20 nafarga yaqin xodimlar Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi markazda malaka oshirishdi. “Davlat tilida ish yuritish” kitobidan foydalanish bo‘yicha “DTRM-Taʼlim" kanalidan foydalanish yo‘lga qo‘yildi. O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan chop yetilgan “Davlat tilida ish yuritish” kitobi barcha xodimlariga tarqatildi. Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU bilan o‘zbek tili taʼlimida uzviylikni taʼminlash, uzluksiz taʼlim tizimi Milliy o‘quv dasturlariga bag‘ishlangan konfrensiya va seminarlarda ishtirok yetib kelinmoqda.

Taʼlim inspeksiyasi o‘z faoliyati davomida uzluksiz taʼlim tizimida o‘quv jarayonlarini, taʼlim sifatini nazorat qilib boradi. Maʼlumki, sifatli taʼlim – bu pedagogning salohiyatiga bog‘liq, taʼlimning sifati o‘qituvchining sifatidan yuqori bo‘la olmaydi. Attestatsiya jarayonlari uchun ishga tushirilgan https://pedkadr.tdi.uz/ platformasi to‘liq lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosiga o‘tkazilib, unda 500 mingga yaqin o‘qituvchilar bazasi jamlandi. Joriy yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan attestatsiya natijalariga ko‘ra jami pedagoglarning 16 ming 190 nafari, yaʼni 6 foizi oliy malaka toifasi, 53 ming 662 nafari yaʼni 19 foizi birinchi malaka toifasi, 104 ming 782 nafari yaʼni 38 foiz ikkinchi malaka toifasi olishga muvaffaq bo‘lishgan bo‘lsa, 22 ming 626 nafar 8 foiz pedagoglarga mutaxassis malaka toifasi berish to‘g‘risida, 20 ming 30 nafar 7 foiz pedagoglarga nisbatan esa “Mutaxassis lavozimiga muvofiq emas”ligi to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi. Shuningdek, attestatsiyada ishtirok etib, past natija qayd etgan 61 489 (22,1%) nafar pedagoglar o‘z ixtiyori bilan navbatdan tashqari qatnashganliklari sababli ularga nisbatan salbiy qarorlar qabul qilinmadi, yaʼni amaldagi toifasi pasaytirilmadi. Ushbu attestatsiya jarayonida ona tili, adabiyot va o‘zbek tili o‘qituvchilarining toifalari ijobiy tomonga o‘sayotganligi kuzatildi.

Yana bir faoliyatimiz taʼlim muassasalari attestatsiyasi va akkreditatsiyasi bilan bog‘liq. Respublikadagi mavjud barcha davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim, umumiy o‘rta taʼlim, professional taʼlim, o‘rta maxsus va oliy taʼlim tashkilotlari attestatsiyadan o‘tkazilib akkreditatsiyalanadi va bu jarayonlar ONAKS.uz elektron platformasi orqali amalga oshiriladi. Attestatsiya — bu Taʼlim muassasasi faoliyatini baholashda davlat nazoratining asosiy shakli hisoblanib, taʼlim muassasasida kadrlar tayyorlash mazmuni, darajasi va sifatining davlat taʼlim standartlari hamda davlat talablariga muvofiqligini aniqlashdan iborat. Davlat akkreditatsiyasi - yesa Taʼlim muassasasi faoliyatining davlat taʼlim standartlari va davlat talablari mezon va talablariga javob berishining davlat tomonidan eʼtirof yetilishi hamda uning bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi maʼlumot to‘g‘risidagi hujjatlarni topshirish huquqini berishdan iborat. Ushbu jarayonlar ham to‘liqligicha lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida amalga oshirilmoqda.

Taʼlim tashkilotlari rahbarlari tadbirkorlar hisoblanadi, o‘zlari asos solayotgan tashkilotga nom tanlash ularning ixtiyorida. Tadbirkorlarda Nodavlat taʼlim muassasini tashkil yetishdan asosiy maqsad moliyaviy manfaat hisoblanadi, odamlarni qiziqtirish uchun xorijiy nomlardan, turli reklamalardan foydalanadi.

Muxtasar qilsak, yurtboshimiz aytganlaridek har birimiz davlat tiliga bo‘lgan eʼtiborni mustaqillikka bo‘lgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz lozim, bu harakatni barchamiz o‘zimizdan boshlashimiz, amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak.

Mayli “Davlat tili to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni, “Yangi tahrirdagi o‘zbek tili imlosi”ning qabul qilinishi vaqtincha orqaga surilayotgandir, lekin biz maslahatchilar har birimiz o‘z ishxonalarimizda bor imkoniyatlar doirasida belni mahkam bog‘lab, o‘zbek tilining mavqeyini oshirish, davlat tilini rivojlantirish sohasida normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini o‘z vaqtida taʼminlash, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy yetish, qo‘yingki ustoz Nizomiddin Maxmudov taʼkidlaganidek, jamiyatda til sezgisi va so‘z sevgisi barqarorlashuviga o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak. Bu esa ishonamizki, Yangi O‘zbekiston strategiyasining adolatli ijtimoiy siyosat yuritish yo‘nalishida “Taʼlim va tarbiya bo‘yicha yangi imkoniyatlarni ishga solish, ilm-fan – innovatsion taraqqiyot asosi”ning yaratilishiga xizmat qiladi.

 

 Abdurahim NASIROV,

Taʼlim inspeksiyasi boshlig‘ining maslahatchisi,

filologiya fanlari doktori, dotsent

24.11.2022 432