"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Reklamalar davlat tilida ifodalanadi


Tilni asrash, rivojlantirish millatning yuksalishi ekanligini hammamiz yaxshi bilamiz. Keyingi yillarda o‘zbek tilining davlat tili sifatida nufuzi ancha oshdi, unga bo‘lgan e’tibor kuchaydi.

2022-yil 7-iyun kuni qabul qilingan va 9-sentabrdan kuchga kirgan yangi tahrirdagi "Reklama to‘g‘risida"gi qonunda ham davlat tilining nufuzini yanada oshirish, milliy qadriyatlarimizni asrash va yuksaltirishga qaratilgan yangi normalar, qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Qonunning 6-moddasi “Reklamaning tili” deb nomlangan bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatilishi belgilab qo‘yildi. Boshqa tillarda so‘zlashuvchilarni kamsitmagan holda, shuningdek, reklama mazmunining tarjimasi quyidagi talablarga rioya etgan holda boshqa tillarda takror berilishi mumkinligi belgilandi.  

Unga ko‘ra reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi asosiy ma’nosini buzib ko‘rsatmasligi kerak. Tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining qirq foizidan oshmasligi kerak.    

Reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining o‘lchami O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matni harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi kerak.  

Tele va radiokanallarda, shuningdek, bosma nashrlarda tarqatiladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi har kungi umumiy reklama hajmining yigirma foizidan oshmasligi kerak. Belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari), bosma usulda terilgan bo‘g‘inli belgilar (logotiplar) asli qaysi tilda bo‘lsa, shu tilda keltirilishi mumkin.  

Qonunda asosiy tushunchalar qatoriga axloqsiz reklama, nomaqbul reklama, rag‘batlantiruvchi aksiya kabi yangi tushunchalar ham kiritildi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda reklama davlat tilida tarqatilishi va reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning davlat tilidagi asosiy ma’nosini buzib ko‘rsatmasligi kerak. Yangi tahrirdagi qonunga ko‘ra, quyidagilar taqiqlanadi.  

– Ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish;  

– Ta’lim muassasalarida foydalaniladigan bosma nashrlar (darsliklar, kundaliklar, daftar va boshqalar)da tovarlarni reklama qilish;  

– Narxlarni (tariflarni) chet el valyutasida ko‘rsatish;  – Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda axborot mahsulotini yosh tasnifini ko‘rsatmasdan reklama qilish;  

– Milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek, axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish;  

– Energetik ichimliklarning reklamasini soat 7:00 dan soat 22:00 gacha televideniye va radio orqali reklama qilish;  

– Tamaki mahsulotlarini hamda tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarini reklama qilish.  

Bundan tashqari, dori vositalarini reklama qilishda taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko‘rinishi shifokorlarning tashqi ko‘rinishiga o‘xshash shaxslarning ishtirok etishi taqiqlanadi.  

Farg‘ona viloyatida yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyatini aholiga, tadbirkorlik sub’ektlariga, reklama tarqatuvchilarga tushuntirish va targ‘ibot-tashviqot ishlari doimiy ravishda olib borilmoqda. Hamkor tashkilotlar bilan joyiga chiqib, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar uyushtirilmoqda. Tushuntirishlar natijasida boshqa tilda yozilgan reklama vositalari olib tashlanmoqda va davlat tilida yangilanmoqda. Barcha tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlari, reklama tarqatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ichki, tashqi, OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarni yangi tahrirdagi qonunning 6-moddasi talablari asosida davlat tilida tayyorlanishi va joylashtirilishiga alohida e’tibor qaratishlari lozim.  

Sohibjamol Tongotarova,  

Farg‘ona viloyati hokimining maslahatchisi

manba

 

25.11.2022 253