"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

ODDIY LUG‘ATDAN MILLIY TIL KORPUSIGACHA

Til — millat ko‘zgusi

Davlatimiz rahbarining 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan mamlakatimiz xalqiga yo‘llagan tabrigida taʼkidlanganidek, oxirgi uch yilda o‘zbek tilining davlat tili sifatida rivojlanishi, jamiyatimizda keng qo‘llanishi va ilm-fan sifatida taraqqiy etishida 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan davlat tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining qabul qilinganligi alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Ayniqsa, tilimizning sofligini saqlash, uning lug‘at boyligini oshirish va taraqqiy ettirish borasida muhim natijalarga erishilmoqda. Bugungi kunda oddiy lug‘atdan tortib milliy til korpusini yaratishgacha jarayonlarda olib borilayotgan saʼy-harakatlar natijasida davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga integratsiyalashuvi taʼminlanmoqda.

O‘tgan qisqa davr mobaynida mutaxassislar tomonidan izohli, o‘quv va turli sohaga oid terminologik lug‘atlarning yaratilishi borasida katta qadam tashlandi. Jumladan, ijtimoiy-siyosiy terminlarning qisqacha izohli lug‘ati, bank-moliya terminlarining izohli lug‘ati, xalqaro munosabatlarga oid terminlarning izohli-illyustrativ lug‘ati, jismoniy tarbiya va sport atamalarining izohli lug‘ati, o‘zbek raqsi terminlarining izohli lug‘ati, tashkilot, korxona va muassasa nomlarining izohli-tavsifiy lug‘ati, korpus lingvistikasi atamalarining qisqacha izohli lug‘atlari yaratildi.

            Yana bir quvonarli holat, uch ming yillik tarixga ega o‘zbek tiliga oid barcha ilmiy, nazariy va amaliy maʼlumotlarni o‘zida jamlagan elektron ko‘rinishdagi o‘zbek tili milliy korpusini yaratish ustida amaliy ishlar olib borilmoqda. Buning zamirida o‘zbek tili korpusini internet tizimida joylashtirish orqali ona tilimizni internet tiliga aylantirish, dunyoning global tillari qatoriga olib chiqishdek buyuk maqsad mujassam. Zotan, hozirgi axborot asrida milliy til korpusining yaratilishi o‘sha tilning yashab qolishini taʼminlovchi muhim omil sanalmoqda.

Agar dunyo tan olgan tillarning rivojlanishiga eʼtibor bersak, baʼzi tillar bundan yarim-bir asr oldin o‘z milliy til korpuslarini yaratganlar. Ular mukammallik darajasi va matnni ilmiy qayta ishlash imkoniyati bilan farq qiluvchi o‘zining milliy korpusiga ega. Hozirda internet tizimida faoliyatda bo‘lgan 70 yaqin til korpuslari, jumladan, ingliz, ispan, xitoy, arab, fransuz, rus, nemis, polyak, polyak-ukrain, chex, slovak, serb, xorvat, bosniya, bolgar, bolgar-rus, makedon, shotland, niderland, niderland-fransuz, shved, norveg, island, italyan, portugal, rumin, litva, latish, grek, alban, hind, fin, ural tillari, eston, venger, udmurt, gruzin, ingliz-gruzin, lazgin, turk, tatar, tojik, boshqird, qrim-tatar, qalmiq, yapon tillarning korpuslari yaratilganligi haqidagi maʼlumotlar mavjud.

Bugungi kunda Yevropa tillarining (ispan, italyan, xorvat) milliy korpuslari tobora takomillashib bormoqda. Masalan, Chexiyada millionlab so‘z va so‘z shakllarini o‘z ichiga olgan chex milliy Korpusidan 2000-yildan beri foydalanib kelinadi.

Til korpusining oddiy lug‘at yoki elektron kutubxonadan ajratib turadigan jihati, undan bir so‘zning qo‘llanadigan barcha sohalari va u haqidagi maʼlumotlarni qisqa muddat ichida amaliy misollari bilan topish imkoniyatining berilishidir. Bunda nafaqat vaqt tejaladi, balki har bir mutaxassislik uchun eng kerakli maʼlumotlarni tezda saralash imkoniyati yaratiladi.

Til korpusi hajm jihatdan juda katta bo‘lib, u o‘rtacha 100 millionlab so‘zlarning qo‘llanish holatini qamrab oladi, tilning turli davrda mavjud bo‘lgan barcha turdagi ilmiy, rasmiy, publitsistik, badiiy matn namunalarini o‘zida jamlaydi. Hattoki, turli mavzudagi gazeta va jurnallar materiallari, fanning barcha sohasiga tegishli ilmiy, ilmiy-ommabop asarlar, reklama, shaxsiy yozishmalar matnini ham korpusdan topish mumkin.

Milliy til korpusini yaratish ustida ish olib borayotgan tilshunos olimlarimiz shu kungacha yaratilgan mavjud til korpuslarni tahlil qilish, ilmiy-tadqiqot ishlarini o‘rganish, o‘zbek tili milliy korpusini loyihalash, o‘zbek tili matnlarini qayta ishlash, o‘zbek tili milliy korpusini shakllantiruvchi dasturiy taʼminot yaratish va uni sinovdan o‘tkazish, korpus asosida tilshunoslik tadqiqotlari uchun dasturiy vositalar ishlab chiqish, saylanma matnlar asosida kichik korpuslar yaratish kabi vazifalar ustida tinimsiz ish olib bormoqdalar.

    Bugun jahon hamjamiyatida elektron o‘quv lug‘atlar bilan birga milliy til korpuslaridan foydalanish ko‘nikmasining ortib borayotganligi bejiz emas. Shunday ekan, global va integratsiyalashgan dunyoda o‘zbek tilining milliy korpusini takomillashtirish va qamrovini kengaytirib borish tilimiz nufuzi va maqomini oshirishning, taraqqiyotga erishishining garovidir.

Odina JAMOLDINOVA,

Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri maslahatchisi

28.11.2022 281