"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

YAXSHIGA EL DIL OCHAR yoxud “mahallabay” ishlash tizimi yangi bosqichda

Inson qadri uchun

Odamlarni ertaga emas, bugun rozi qilish tamoyiliga asoslangan islohotlar tobora jadallashmoqda. Bu jarayonda mahallalardagi hokim yordamchilari ham tobora muhim rol o‘ynayotir.

Hokim yordamchilari dastlab “xalq ichiga kirish”, “ularning dardiga quloq solish”, “g‘amu anduhlari, tashvishlariga sherik bo‘lish” va “muammolarni joyida hal etish” tamoyillari asosida mahalla hududida yashovchi har bir oilani xatlovdan o‘tkazish orqali ishsiz aholi ro‘yxatini shakllantirdilar. O‘z hududlaridagi bo‘sh binolar, foydalanilmayotgan obʼektlar va yerlar to‘g‘risidagi maʼlumotlarga aniqlik kiritdilar. Ularning tavsiyalari asosida o‘sha joylar foydalanishga berildi, tadbirkorlik yo‘lga qo‘yildi, qo‘shimcha ishchi o‘rinlari yaratildi.

Buning samarasi o‘laroq, biri ikki bo‘lmayotgan, topgan daromadini yeyish-ichishdan orttira olmayotgan kishilarning yer va mulk egasiga, tadbirkor, kasb egasiga aylangani, davlatga ishonchi ortdi. Mahallalarda hokim yordamchisi ko‘magi va beg‘araz yordami tufayli hayotda o‘z yo‘lini topib ketganlar soni ortib borayotgani ham bor gap.

“Mahallabay” ishlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish orqali kambag‘allikni qisqartirish borasida Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish jarayonida bunga yana bir bor amin bo‘ldik. Harakatlar zoye ketmayotgani odamlarning xursandlik va quvonch ufurib turgan samimiy so‘zlari va nigohlarida aks etayotir.

O‘ziga yuklatilgan vazifani sidqidildan, vijdonan bajarayotgan “Bog‘ishamol” MFYdagi hokim yordamchisi Qobiljon Qo‘ldoshevning faoliyati yuqoridagi so‘zlarimizga isbotdir.

Qobiljonning tavsiyasiga ko‘ra, MFYdagi Qo‘rg‘oncha ko‘chasida yashovchi tug‘ma nogironligi (kar-soqov) bo‘lgan O‘rinboy Olimov va Mavluda Jabborova xonadoniga subsidiya orqali zamonaviy tikuv mashinasi ajratilgan. Bugungi kunda ular o‘z xonadonida sifatli bosh kiyimlar tikmoqda. Hozir mavsum bo‘lgani sabab qo‘llari qo‘llariga tegmaydi.

Ular kamtarona va halol mehnati orqali 3 farzandni katta qilmoqda. Ota-ona kar-soqov bo‘lsa-da, farzandlarning uchalasi ham sog‘lom voyaga yetmoqda. Ilgari qo‘lda sanoqli bosh kiyimlar tikib, kun ko‘rgan bo‘lsalar, tikuv mashinalik bo‘lganlaridan keyin mahsulotlari sifati va soni keskin oshgan. Homiylik tariqasida ularga yana bitta zamonaviy tikuv mashinasi berilgani esa nur ustiga aʼlo nur bo‘ldi.

Endi Mavludaxon o‘ziga shogird ham olib, yoshlarga hunar o‘rgatish va ishlab chiqarishni ko‘paytirishni maqsad qilib qo‘ydi. Bundan tashqari, joriy yil oktabr oyida ekin-tikin uchun oilaga 0,15 gektar sug‘oriladigan yer ajratilgan. Yerga bahorgi kartoshka ekish rejalanib, kartoshka urug‘i ham olib qo‘yilgan.

Xonadonning katta qizi Madinaxon katta bo‘lganida surdotarjimon kasbini egallab, ota-onasiga xizmat qilishi hamda kar-soqovlarni o‘qitishga o‘zini bag‘ishlashini bildirdi.

Viloyatning Bag‘dod, Buvayda, Oltiariq, Rishton va So‘x tumanlarida hokim yordamchilari faoliyati bilan tanishib, Qobiljon kabi fidoyi yoshlar ko‘pligiga to‘liq ishonch hosil qildik.

Hokim yordamchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi bilan aholimiz orasidagi boriga shukr qilib yashayotgan andishali, yuz-xotirli, talay muammolari bo‘lsa-da, ularni oilasidan tashqariga chiqarishdan tortinib yurgan, ammo qo‘shimcha daromad topish, yashash sharoitini yaxshilashga umidi bo‘lgan kishilar xonadonbay so‘rovnomalar orqali aniqlandi.

Hokim yordamchilari fuqaroning sharoitini bevosita uning xonadoniga borib o‘rganadi, moddiy va maʼnaviy imkoniyatlari bilan joyida tanishadi. Bu esa vaziyat va masalaning yechimi yuzasidan haqqoniy va to‘g‘ri xulosa qilishga zamin yaratadi.

Bugun hokim yordamchilari ko‘magi bilan mahallaning o‘zida tikuvchilik, hunarmandlik, dehqonchilik kooperatsiyalari tashkil etilmoqda. Ishlarni tashkil qilish jarayonlari muntazam monitoring qilib borilmoqda. Subsidiya orqali tadbirkorlikni boshlagan shaxslarning xomashyo, aylanma mablag‘larga bo‘lgan ehtiyojlari imkon darajasida qondirilmoqda.

Hech qaysi mahallada kambag‘allikka olib keladigan sabab yoki omillar mavjud emas. Biroq aholining tadbirkorlik, omilkorlik, moliyaviy imtiyozlar va kreditlardan foydalanish borasidagi huquqiy savodxonligi yetishmayotgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Quvonarlisi, ana shu bo‘shliqni to‘ldirishda ham hokim yordamchilari kamarbasta.

Hokim yordamchilari va masʼullar islohotlarning oldingi safida ekani ular zimmasidagi masʼuliyat va javobgarlik zalvorini oshiradi.

Habibulla AZIZOV,

Davlat bojxona qo‘mitasi raisi maslahatchisi, bojxona xizmati polkovnigi

19.12.2022 258