"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Globallashuv jarayoning qisqartmalar orqali tillarga ta’siri



    Qisqartma so‘zlar yoki so‘z birikmalarining kundalik hayotning barcha sohalarini qamrayotganligini uchratish oddiy holga aylanib bormoqda. Agar ushbu yo‘nalish bo‘yicha biroz jiddiy o‘rganilsa, uning qanchalik hozirgi globallashuv jarayonida rivojlanayotganini, dunyoda keng tarqalgan tillarda jadal qo‘llanilayotganligi, ayniqsa, yangi texnologiyalardagi qisqartma atamalarining kirib kelishi va mahalliy tillar tomonidan o‘zlashtirilishini kuzatish mumkin. Bu hol o‘z navbatida, lingvistikaning eng dolzarb yo‘nalishlaridan biriga aylanayotganligini namoyon etmoqda.

 

    So‘zning qisqartmasi degan ma’noni anglatuvchi abbreviatura odatda so‘z yoki iboradagi harflardan hosil bo‘lgan va og‘zaki va yozma tilda qulaylik beruvchi lisoniy qo‘llanish turidir. Shu bilan birga ko‘p so‘z yoki iboralarning qisqartmasi, ayniqsa, idora va tashkilotlar nomlarini ifodalashda qulaylik yaratadi. Shuningdek, qisqartma so‘z, atama yoki tegishli ismni o‘z ichiga olgan bir yoki bir nechta harflar bilan yasalgan qisqartma ramziy belgi sifatida xotirada yaxshi saqlash vazifasini bajaradi.

 

    Qisqartma so‘z va birikmalar tarixi ilk yozuv paydo bo‘lishi bilan birga shakillaganligini ta’kidlash mumkin. Ko‘pgina olimlar so‘zlarni qisqartirish va uni tarkibli nom sifatida qo‘llash jarayoni yer yuzida birinchi yozuvning eramizdan avval IV asrda Qadimgi Shumerlar tilida boshlangan bo‘lsa, Qadimgi Yunonistonda esa eramizdan avval III – II asrlarda faol qo‘llanilganligini keltiradilar.

 

    Ilk oʻrta asrlardan (V-XI) boshlab, deyarli barcha tillarda qisqartmalar keng qo‘llanila boshladi. Ayniqsa, Yevropada lotin tilida so‘zlashuvchilar ozchilikni tashkil qilsa-da undagi qisqartmalar fransuz, ingliz va boshqa tillarda faol qo‘llanila boshladi. Ushbu jarayon Sharq davlatlarida, ayniqsa, o‘sha davr ilm tili bo‘lgan arab tilida, shuningdek, arab yozuviga asoslangan turkiy, eroniy tillarda ham ishlatilganligini kuzatish mumkin. Hozirgi davrga qadar yetib kelgan qo‘lyozma asarlarda qisqartmalar ko‘plab uchrashi bir qancha sabablarga asos bo‘ladi. Masalan, birinchidan, ko‘plab asarlar bir nechta usta xattotlar (chiroyli husnixat ustalari) tomonidan tez va chiroyli tarzda bir asarni bir necha nusxada ko‘chirish zaruriyati sababli qisqartmalarni qo‘llashga majbur bo‘lishi va ikkinchidan, qisqartmalar bilan yaratilgan asarlar asosan chuqur bilimga ega bo‘lgan shaxslarga nisbatan tayyorlangan.

 

    Shu bilan birga, 1995-yilda nashr etilgan “O‘zbek adabiy tili tarixi” darsligida esa eski o‘zbek tilida (arab yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida) qisqartma otlar qo‘llanilmaganligi ta’kidlanadi. Unda qisqartma va so‘z birikmalari rus tili ta’siri asosida XX asr boshidan e’tiboran qo‘llanilishi to‘g‘risida aytib o‘tilgan.

 

    O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasida (O‘ME) esa abbreviaturaga quyidagicha ta’rif berilgan:

1) lingvistikada: so‘z birikmalarini qisqartirib hosil qilingan so‘zlar:

a) birikma tarkibidagi so‘zlar birinchi harflari alifbo tarkibida o‘qiladi yoki oddiy so‘z – harflar anglatgan tovushlar kabi talaffuz etiladi. Masalan, BMT (be-me-te) – Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MDH (em-de-he) – Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi;

b) murakkab qisqartma so‘zlar: so‘z birikmalari tarkibidagi so‘zlar birinchi harflaridan tashqari, ular ma’lum qismlari (morfemalari) olinib yasaladi. Masalan, “O‘zatom” (Atom energetikasini rivojlantirish agentligi), ToshDSHU (Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti), filfak (filologiya fakulteti), yurfak (yuridik fakulteti) va b.

2) musiqada: nota yozuvida qisqartirish va soddalashtirish belgisi…

 

    Bunda, O‘MEdagi “b)” bandida keltirilgan ta’rifga qo‘shimcha qilgan holda “murakkab qisqartma so‘zlar” yoki ko‘pgina ilmiy yondoshuvlarga asosan ilmiy muomaladagi nomi akronim qisqartma so‘zlar deb qo‘llanilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

 

    Hozirgi kunda asosan “bosh harflar qisqartmasi”, “abbreviatura” va “Qisqartma ko‘rinishidagi so‘z”(akronim)lardan qisqartma so‘zlar yasash keng qo‘llanilmoqda. Bulardan “bosh harf qisqartmasi”, xususan, bir necha so‘zdan iborat davlat, idora, muassasa, tashkilotlarning har bir nomining birinchi harfidan hosil bo‘lgan qisqartma turi hisoblanadi. Ushbu qisqartma eng keng tarqalgan qisqartma usullaridan biridir. Masalan, BAA (Birlashgan Arab Amirliklari), BRICS (ingl. Brazil, Russia, India, China, South Africa davlatlari nomi asosida tuzilgan davlatlararo tashkilot), JB (Jahon Banki), XOQ (Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi) va b. Yuqorida aytib o‘tilganidek, mazkur qisqartma turi asosan idoralar, muassasalar, tashkilotlar yoki davlatlar nomlarida qo‘llaniladi. Shuningdek, umumiy muomalada va xat-hujjatlarda ham ko‘p qo‘llaniladi, masalan, xdfu – xizmat doirasida foydalanish uchun.

 

    Keyingi qisqartma turi abbreviatura so‘zi bo‘lib, lotinchadagi “abbrevio”–“qisqartiraman” fe’li orqali italyan tilida “abbreviature” “qisqartma” ma’nosini beruvchi atama bo‘lib shakllanganligi va italyan tili orqali “abbreviatura” so‘zi boshqa barcha tillarga qisqartma so‘zlar va birikmalarni anglatuvchi umumiy tushuncha sifatida kirib keldi. Shuningdek, abbreviatura – “so‘zdan bir nechta harflarni olib tashlash” deb ham ta’riflanadi, y’ni so‘zni tashkil etuvchi bir nechta asosiy harflarini olish orqali hosil bo‘lgan qisqartma. Bu usul odatda so‘zning bir necha ketma-ket harflaridan hosil bo‘ladi. Ushbu qisqartmada nuqta qo‘llanilishi bilan ham ajralib turadi. Masalan, a. – arab tili, va sh.k. – va shu kabi(lar), mas. – masalan va b. Bu kabi qisqartma turlari asosan lug‘atlarda, ilmiy ishlarda va b. keng qo‘llanilib, yana o‘zbek tilida “shartli qisqartmalar” nomi bilan ham ataladi.

 

    Uchinchi qisqartma turi “qisqartma ko‘rinishidagi so‘z” / “akronim” (acronyme – yunon tilida “boshlang‘ich” ma’nosini berib, yunon tilining eoliy va doriy lahjalarida esa “ism”, “nom” ma’nolarini beradi) – boshlang‘ich tovushlar bilan boshqa qisqartmalardan farqli o‘laroq, birgalikda talaffuz qilinishi mumkin bo‘lgan, so‘z bo‘g‘inlaridan tashkil topgan qisqartmaga aytiladi. Bu kabi qisqartmalar so‘zlarning boshlang‘ich tovushlari yoki boshqa bo‘laklariga (segment) ko‘ra shaklliantiriladi, mas., “Benilyuks” – (Benelux Union – Belgium, Netherlands, Luxembourg (o‘zb. - Benilyuks IttifoqiBelgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg davlatlari nomining bosh bo‘g‘inlari asosida  tuzilgan hukumatlararo tashkilot), “Interpol” – (Interpol International Criminal Police Organization (o‘zb. - Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti), “lazer” – (Laserlight amplification by stimulated emission of radiation (o‘zb. – “nurlanishni tezlashtirish hisobiga yorug‘likni kuchaytirish”), “radar” – (Radarradio detection and ranging (o‘zb. “radiopayqagich va masofani aniqlash”) kabi so‘zlar bo‘lib, butun dunyodagi tillarda ot sifatida mustaqil so‘zlarga aylandi. Bu kabi qisqartmalar bir qarashda qisqartma emasdek, butun bir so‘z kabi ko‘rinsa-da, shu bilan birga talaffuzdagi qulaylikni o‘zida mujassam etadi.

 

    Akronim atamasi birinchi bor 1922-yilda “Brokhaus” nashriyotining lug‘atida paydo bo‘lgan. Ushbu qisqartma so‘zlar 1940-yillarning boshlarida Amerika ilmiy-texnik adabiyotida ishlatilgan va oddiy so‘zlarga o‘xshash qisqartmalar sifatida birgalikda talaffuz qilinishiga ko‘ra keng qo‘llanila boshlagan.

 

    Yuqorida qayd etilgan qisqartma turlarining og‘zaki yoki yozma shaklda qo‘llanilishi ba’zi hollarda muammolarga ham olib kelishi mumkin. Bunday qisqartmalarni dunyodagi boshqa tillardagi mavjud qisqartmalarni o‘rgangan holda yaratilishini hisobga olish zarur. Shu bilan birga, qisqartmalarni yaratish va ayniqsa, ularning tilda qo‘llanilishi bo‘yicha xalqaro va ichki mezonlarning yo‘qligi ko‘pgina muammolarni keltirib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.

 

    Qisqartmalar yaratish va qo‘llanishda ayrim muammolar kelib chiqishi bu bir xillik / o‘xshashlik masalasidir. Masalan, ma’lum bir davlat yoki tashkilotning bosh harflaridan yaratilgan qisqartma bir biri bilan o‘xshashligi tushinmovchilik va salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shuningdek, bu jarayon ma’lum bir qiyinchiliklarga olib keladi, masalan, tarjima qilish, OAVda yoritish vaqtida va b. Mas., Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) Akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi institutiga nisbatan - FMI qisqartmasi qo‘llaniladi, biroq fransuz tilida Xalqaro moliya jamg‘armasi – “Fond Monétaire International” – FMI o‘laroq qabul qilingan. Shuiningdek, o‘zbek tilidagi “un” so‘zining Birlashgan Millatlar Tashkilotining butun dunyodagi davlatlarning diplomatik vakolatxonalarida ingliz tilidagi UN qisqartmasi qo‘llaniladi. Tashkilotga tegishli barcha avtotransport vositalarining oldi qopqog‘i/kapo‘ti va yon eshiklariga moviy rangda katta harflar bilan UN qisqartmasi yoziladi hamda avtomobillarning diplomatik raqami sifatida ushbu qisqartma qo‘llaniladi. Ushbu qisqartmaga o‘zbek tilidagi ozuqa mahsulotining to‘g‘ri kelishi va uni qo‘llashda va boshqa shu kabi qisqartmalarda jiddiy e’tibor berishga to‘g‘ri keladi.

 

    Hozirgi zamon talablari xalqaro qisqartmalarni zudlik bilan o‘zbek tiliga tarjima qilish va shu bilan birga uning sofligini saqlash hamda rivojlantirishga undamoqda. Ayrim xalqaro qisqartma atamalarining o‘zbek tiliga tarjima qilinmagani va talaffuzining asl manba tilida qoʻllanishi tarjimadagi nomutanosiblikni koʻrsatadi. Shu nuqtai nazardan xalqaro qisqartmalar o‘ziga xos nom ekanligi va shuning uchun asl shaklida qolishi kerakligi haqida baholashlar bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, xalqaro qisqartma so‘zlarni tarjima qilishda uning ma’nosiga mos ravishda tarjima qilinishi zarur.

 

Xalqaro qisqartmalarning o‘zbek tiliga mutanosibligini o‘rganish va bularni o‘zbek tilida talaffuziga ko‘ra qo‘llanish masalasini ko‘rib chiqish zarur. Buning uchun, xalqaro so‘zlarning o‘zbek tiliga o‘tishini ta’minlash bo‘yicha huquqiy tartibga solish zarurligini ta’kidlash lozim. Avvalo, o‘zbek tilini sofligini himoya qilish va rivojlantirish uchun chet tilidan o‘zbek tiliga so‘zlarni ko‘chirishda ba’zi cheklash va qoidalarni joriy etish dolzarb bo‘lib qolmoqda. Bu yerda xalqaro so‘zlarni yoki qisqartmalarning o‘zbek tiliga muqobilini yaratish va ishlatilishini talab qiladigan huquqiy me’yorlar ishlab chiqilishi kerak. Chunki ko‘pgina davlatlarda tilni himoya qilish va boyitish borasidagi qonun-qoidalar joriy qilingan. Mas., Frantsiyada 1970 va 1990 yillarda bu borada huquqiy tartibga solinganlikni ko‘rish mumkin. Ushbu qoidalar fransuz tilini qo‘llash va boyitishga qaratilgan maqsadlar bilan belgilangan. Shuningdek, xalqaro atama bo‘yicha kengash tomonidan o‘rnatilgan va tasdiqlangan fransuz tilidagi muqobiliga ega bo‘lsa, uning chet tilidagi muqobilidan foydalanish taqiqlanadi. Shu nuqtai nazardan, o‘zbek tilida ham xalqaro so‘zlarni muomalaga kiritish yoki taqiqlash bilan bog‘liq ba’zi tartibga solish ishlarini ko‘rib chiqishni taqazo etmoqda.

 

    Chet tilidagi so‘zlarni o‘zbek tilida ishlatishni taqiqlovchi huquqiy me’yorlar o‘z-o‘zidan yetarli bo‘lmasligi mumkin, shuning uchun amalga oshiriladigan huquqiy tartibga solish bilan birga O‘zbekistonda tilshunoslik hamda fan-texnika sohalari bo‘yicha olimlar va amaliyotchi malakali mutaxassislardan iborat kengash tuzilishi zarur. Xorijiy so‘zlarning o‘zbek tili muqobillarini yasash va o‘zlashtirish bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, shu nuqtai nazardan, xalqaro qisqartmalarning o‘zbek tili muqobillarini yanada izchil ravishda yaratishni taqazo etmoqda. Hozirgi davrga kelib o‘zbek tili bo‘yicha qisqartma so‘zlar bo‘yicha lug‘at cop etilmaganligini kuzatish mumkin. Bu o‘rinda sohalar yo‘nalishi bo‘yicha qisqartmalar lug‘atini ishlab chiqish dolzarb bo‘lib qolmoqda.

 

    G‘arb davlatlarida, ayniqsa XV asrda kitobni texnik usulda nashr qilish kashf qilingandan so‘ng ilm-fan keskin rivojlandi. Ayniqsa, ko‘pgina soha yo‘nalishidagi kitoblarni chop etish bilan birga keng jamoatchilikni ilm-fandagi yangiliklar, yutuqlar va kashfiyotlar bilan yanada tez tanishishiga olib keldi. Shu bilan birga ilk qisqartma bo‘yicha lug‘at mazkur asr oxirlarida Buyuk Britaniyada “Modus Legendi Abbreviature” nomi bilan nasr etildi. Unda 277ta qisqartma bo‘lib, 38 varaqni tashkil etgan. Hozirgi kunga kelib ushbu yo‘nalishda barcha rivojlangan davlatlarda alohida tadqiqot ishlari amalga oshirilayotganligi, uning me’yoriy qoidalari ishlab chiqilganligi va shu bilan birga turli sohalarga oid lug‘tlari ishlab chiqilganligini ko‘pgina ilmiy manbalar tasdiqlamoqda.

 

    Bu vaziyat O‘zbekiston tilshunoslari oldida til bo‘yicha xalqaro qisqartmalarga nisbatan muqobil qisqartmalarni ishlab chiqish yoki qabul qilish, tarjima qilish, lug‘atlar ishlab chiqish masalalarini ko‘ndalang qilib qoymoqda. Buning uchun qabul qilingan me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish, yangisini ishlab chiqish yoki tarjima qilingan qoidalar bilan foydalanishni ta’minlash muhim qadamdir. Shu nuqtai nazardan, audio-vizual media tashkilotlari tildan foydalanish va uni keng ommaga yetkazishda juda muhim o‘rin egallaydi. Chunki media tashkilotlari qisqa vaqt ichida kengroq ommaga yetkaza oladigan kuchga ega. Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalari uchun o‘zbek tilini rivojlantirish va umuman o‘zbek tilidan to‘g‘ri foydalanish uchun ba’zi rag‘batlantiruvchi tadqiqotlar olib borish foydadan holi bo‘lmas edi.

 

    Natijada, xorijiy tillardagi xalqaro qisqartmalarni tarjima qilish bir necha bosqichda o‘rganishni talab qiladi, shu jumladan huquqiy tartibga solish, qisqartmalar yaratish va ushbu qisqartmalardan foydalanish kabilarni o‘z ichiga oladi. Ushbu bosqichlardan biri yoki bir nechtasi amalga oshirilmagan taqdirda, yetarli natijaga erishishga va uning rivoji hamda taraqqiyotiga jiddiy salbiy ta’sir etadi. Globallashuv jarayoni so‘zlar qisqartmasini jadal rivojlanishga olib kelayotganligi o‘zbek tilida ham bu jarayondan chetda qolib ketmaslikni taqazo etmoqda.

 

 

FVV maslahatchisi H.Nurutdinov

 

 

 

 

 

 

 

19.12.2022 1084