"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

MILLIY OʻZLIGIMIZ TIMSOLI, MAʼNAVIYATIMIZ ASOSI BOʻLGAN ONA TILIMIZGA EʼTIBOR YANADA KUCHAYTIRILADI


Soʻnggi yillarda yaxshi bir anʼanaga guvoh boʻlyapmiz. Yaʼni yangi yil boshlanishidan avval Prezident Sh.M.Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasi eʼlon qilinadi. Ushbu Murojaatnomada tugayotgan yil sarhisobi, asosiysi kelgusi yilda rejalashtirilayotgan masalalar, sohalar rivoji haqidagi rejalar eʼlon qilinadi. Shu bois ham ushbu murojaatnomani koʻpchilik intiq kutishadi.

Kuni kecha boʻlib oʻtgan Murojaatnomada Prezidentimiz 2023-yilga yurtimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili deb nom berishni taklif qildi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, Najot taʼlimda, najot tarbiyada, najot bilimda. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi. Barcha rivojlanishlarning asosi taʼlimdan boshlanadi.

Murojaatnomada davlatimiz rahbarining “Milliy oʻzligimiz timsoli, maʼnaviyatimiz asosi boʻlgan ona tilimizga eʼtibor yanada kuchaytiriladi. Albatta, chet tilini bilish-zamon talabi. Ammo ona tilini bilishni majbur qilish kerak, degan soʻzlari biz davlat tili boʻyicha rahbar maslahatchilarini hayajonga solgan eng muhim soʻzlar boʻldi.

Soʻngi yillarda davlat tilining nufuzini oshirish uchun bir qancha Farmonlar va Qarorlar qabul qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi 61-sonli qarori ijrosi yuzasidan bugungi kunga kelib deyarli barcha vazirlik va idoralarda ish yuritish lotin alifbosida tashkil etilmoqda. Qolgan tashkilotlar ham 2023-yilgacha lotin alifbosiga oʻtishi rejalashtirilgan. 

Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, 2022-yilda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan Reklama toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunning yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilgan boʻlib, Mazkur Qonun joriy yilning 7-iyun sanasida qabul qilindi. Ushbu yangi tahrirdagi Qonunda, Oʻzbekiston Respublikasi hududida reklamani tarqatish (joylashtirish) tiliga oid alohida normalar kiritilgan. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida reklama Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatilishi va qoʻshimcha ravishda boshqa tillarda takrorlanishi mumkin.

Qonun ijrosi yuzasidan Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan tashqi reklama va axborot obyektlaridagi (konstruksiyalaridagi) reklamalarning davlat tilida boʻlishini taʼminlash, tashqi yozuv va boshqa axborot matnlarining qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligi yuzasidan oʻrganishlar oʻtkazilgan.

Xususan, respublika hududlarida joylashtirilgan jami 39 215 ta tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) xatlovdan oʻtkazildi.

Xatlov davomida, 11 555 ta tashqi reklama va axborot obyektlarida (konstruksiyalarida) joylashtirilgan reklamalarda turli kamchiliklar aniqlangan. Shundan 9 139 ta holatda tashqi reklama obyektlari orqali joylashtirilgan reklamaning matni boshqa tillarda (asosan rus tilida) berilganligi kuzatildi.

Shuningdek, 2 416 ta reklama vositalari orqali joylashtirilgan reklama va eʼlonlar matni imloviy va lugʻaviy xatolar bilan berilganligi aniqlandi.

Shu oʻrinda, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida, tadbirkorlik subyektlariga, reklama tarqatuvchilarga tushuntirish va targʻibot-tashviqot ishlari olib borilib, ularga tashqi reklama orqali joylashtirilgan reklama matni davlat tilida boʻlishini taʼminlash yuzasidan tushuntirishlar berildi.

    Muhtaram Prezidentimiz aytganidek: “Oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir. Uni asrab-avaylash, rivojlantirishga har birimiz masʼulmiz.

 

QODIROVA Goʻzal Toshkenboyevna Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi

22.12.2022 237