"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Eng qadrli boylik

Millat ruhi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga binoan ona tilimizning istiqboldagi taraqqiyotiga oid ko‘plab masalalar o‘z yechimini topmoqda.

Shu ezgu g‘oyaga muvofiq amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzi tobora oshib bormoqda. Zero, til har bir millatning eng qadrli boyligi, uning maʼnaviy qiyofasi, madaniyati, ichki dunyosini aks ettiruvchi muhim vositadir.

Alixonto‘ra Sog‘uniy ona tilimiz haqida kuyunchaklik bilan “Shundoq bo‘lib o‘z ona tilidan ajramoqlik, milliy hissiyotlarini yo‘qotish natijasidir. Bu ish esa insoniyat olami oldida ulug‘ xiyonat, kechirilmas jinoyat hisoblanadi. Bunday bo‘ldi demak, ulug‘ Turkiston ulusi Turon nasli bosqinchilar tilagicha, qurbon bo‘lgan holda inqirozga uchrab, Alloh saqlasin, tarix sahifalaridagi shon sharaflik nom nishonlari o‘chiriladi demakdir”,- deya alohida taʼkidlab o‘tgan.

Til masalasi oradan shuncha fursat o‘tishiga qaramay o‘z dolzarbligini yo‘qotmay kelmoqda. Bugungi kunda ona tilimizni asrab-avaylash, uni har tomonlama rivojlantirish, til siyosatining eng quyi bo‘g‘inlargacha yetib borishini taʼminlash maqsadida vazirlik, idora hamda xo‘jalik birlashmalarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha rahbar o‘rinbosariga tenglashtirilgan maslahatchi lavozimi joriy etildi. Xususan, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida ham ushbu lavozim joriy etilgan.

Darhaqiqat, ona tilimizga doimiy ravishda g‘amxo‘rlik qilish, uni qayta-qayta sayqallab borish zarur. Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 20-yanvardagi 34-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini samarali taʼminlash maqsadida “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi 7 ta korxonada: “Navoiyazot” AJ, “Farg‘onaazot” AJ, “Maksam-Chirchiq” AJ, “Ammofos-Maksam” AJ, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ va “Qizilqum fosforit kompleksi” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha boshqaruv raisi maslahatchisi lavozimi joriy etildi va ushbu lavozimga tanlov asosida saralangan xodimlar tayinlandi. Ushbu boshqaruv raisi maslahatchilari korxonalarda davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilishi belgilangan tadbirlar rejasiga ko‘ra faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, tarmoq tashkilotlari maslahatchilari korxonalari rahbarlarining, ko‘p ming sonli ishchi-xodimlarning davlat tili bo‘yicha malakasini oshirish, ish yurituvidagi barcha hujjatlarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishni taʼminlash ishlarida jonbozlik ko‘rsatmoqda.

           Bugungi kunda yana uchta tarmoq korxona: “Qo‘ng‘irot soda zavodi” masʼuliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi, “O‘zkimyoimpeks” masʼuliyati cheklangan jamiyati, “O‘zkimyosanoatloyiha” aksiyadorlik jamiyatida nomzodlarni tanlov asosida saralash ishlari olib borilmoqda. Ushbu korxonalarning rasmiy veb-saytlariga nomzodlar zarurligi to‘g‘risida eʼlonlar joylashtirilgan. Ushbu lavozimlarni ochishdan maqsad belgilangan vazifalarning ijrosini quyi bo‘g‘inlarda ham samarali taʼminlashdan iborat. Ko‘zlagan asosiy maqsadimiz: korxonalarda turli millat vakillari ahil-inoq, bir oila kabi mehnat qilishini hisobga olib, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini to‘liq taʼminlashdir.

Shuningdek, markaziy apparatda hamda tarmoq korxonalarida barcha meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qayta ko‘rib chiqilib, ularni davlat tiliga tarjima qilish ishlari amalga oshirildi. “O‘zkimyosanoat” AJ ijro apparatida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida rasmiylashtirilgan xat-hujjatlar tahlil qilindi. Vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga yuborilgan chiqish xatlari, tarmoq korxonalariga yuborilgan xabarnoma va topshiriq xatlari, asosiy  faoliyatga oid, ichki xizmat safariga, xorijiy davlatlarga xizmat safariga oid buyruqlar davlat tilida rasmiylashtirildi. Shu bilan birgalikda, xizmat xatlari, o‘tkazilgan yig‘ilish bayonnomalari, boshqaruv raisining farmoyishlari davlat tilida yozilishi taʼminlandi. O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 11-sentyabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi 445-son Qonuniga asosan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga davlat tilida javob xati yuborildi.

Davlat tilida ish yuritish sifatini oshirish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida “O‘zkimyosanoat” AJ markaziy apparatida va tarmoq korxonalarida 2022-yil uchun tasdiqlangan rejaga asosan  500 dan  ortiq xodim malaka oshirdi, yil yakuniga qadar 690 nafar xodim malaka oshirishi rejalashtirilgan.

            O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida eʼlon qilingan loyihalar tanlovining 44 turida filologiya, pedagogika va psixologiya fanlari yo‘nalishi bo‘yicha “Kimyo atamalarining izohli lug‘atini yaratish” mavzusida bajarilishi bir yilga mo‘ljallangan amaliy loyihalar tanlovi doirasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining tilshunos olimlari, “O‘zkimyosanoat” AJ xodimlari va kimyo sohasi mutaxassislardan iborat ilmiy jamoa tomonidan amaliy loyiha ustida ish olib borilmoqda. Mazkur loyiha natijalari kimyo sanoatiga oid atamalarni davlat tilida yagona shaklda qo‘llash, soha uchun qo‘llanmalar, texnik reglament, kasb standartlari, yo‘riqnoma va boshqa ilmiy-texnik hujjatlarni davlat tilida sifatli ishlab chiqilishiga xizmat qiladi.

Shu o‘rinda, birinchi o‘zbek kimyogar olimasi Zarifa Saidnosirovaning “Oybegim mening” kitobida yozib qoldirgan xotiralarini eslash o‘rinli: “Men 1930-yildan boshlab, o‘rta maktablar uchun kimyodan darslik yozishni o‘ylay boshladim. Buning uchun eng avval kimyo atamalarini ishlab chiqish kerak edi. Shuning uchun men atamalar bilan shug‘ullana boshladim va ayni zamonda darslik yozishga ham hozirlik ko‘rdim. Rabfaklar va texnikumlar uchun yozdigim “Anorganik kimyo” darsligi bosilib chiqdi. Hajmi 18 bosma toboq bo‘lib, lotin harfi ila chop etilgan. Bu kimyo fanidan o‘zbek tilida chop etilgan birinchi darslik edi”. Olima tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahsinga sazovor, albatta. “Kimyo atamalarining izohli lug‘ati”ni yaratishda ushbu tajribalardan, albatta, samarali foydalanamiz.

Qolaversa, jamiyat markaziy apparatida hamda tarmoq korxonalarda tashqi yozuvlar, lavhalar, eʼlonlar, reklamalarning davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga qatʼiy mos bo‘lishini taʼminlash choralari ko‘rildi. Xodimlarning savodxonlik darajasini baholash, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida kompyuter dasturlarida tez va to‘g‘ri yozish malakasini shakllantirish maqsadida “Tez yoz, to‘g‘ri yoz” tanlovlari tashkil etildi. Shonli sanalar munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlarda xodimlarning malakasini yanada oshirish maqsadida “Eng yaxshi esse” tanlovlarini tashkillashtirish anʼanaga aylandi. Esselar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilishi qatʼiy tarzda belgilangan.

“O‘zkimyosanoat” AJda 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan “O‘zkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalari va tashkilotlari  xodimlari o‘rtasida “Kitobxon xodim – 2022” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Jamiyatning tarmoq korxonalari va tashkilotlarida bo‘lib o‘tgan bellashuvlarda g‘olib bo‘lgan 8 nafar kitobxon xodimlar ishtirok etgan final bosqichi 3 ta shartdan iborat bo‘ldi. Aynan 3-shartda ishtirokchilardan o‘zlari sevib mutolaa qilgan asarlari haqida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida imloviy, punktuatsion, uslubiy xatolarsiz annotatsiya yozib berishlari talab qilindi.

Bu kabi ko‘rik-tanlovlar “O‘zkimyosanoat” AJ tizimida muntazam ravishda o‘tkazib kelinadi. “Kitobxon xodim” tanlovi ham har yili o‘tkazilishi belgilangan.

Mazkur amalga oshirilgan ishlar yuksak qadrlanib, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini yanada oshirish, uni milliy qadriyat sifatida targ‘ib qilish hamda davlat tiliga oid muammolarni hal etishda maqsadida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi hamda O‘zbek tili bayrami munosabati bilan “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” respublika tanlovida “O‘zkimyosanoat” AJ ikkinchi yo‘nalish – “Davlat tilida ish yuritish yo‘lga qo‘yilgan eng yaxshi tizim” sifatida vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari orasida faxrli 2-o‘rinni egalladi. “O‘zkimyosanoat” AJga diplom, esdalik sovg‘alari, shuningdek, 20 million so‘m pul mukofoti topshirildi.

Quvonarlisi, “Farg‘onaazot” AJ aloqa sexi boshlig‘i Vladimirovich Oleg Zdobnikov o‘zbek tiliga bo‘lgan cheksiz hurmati va mehri uchun Vazirlar Mahkamasining maxsus faxriy yorlig‘i hamda qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 “O‘zkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarida davlat tilida ish yuritish bo‘yicha maslahatchilar, matbuot kotiblari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti raislari faoliyatini o‘rganish va tajriba almashish maqsadida doimiy ravishda sayyor seminar-treninglar o‘tkazib kelinmoqda.

Shuningdek, seminarlar doirasida tarmoq korxonalari boshqaruv raislari maslahatchilari faoliyati natijalari, amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tildi. Yo‘l qo‘yilgan kamchilik va xatolar birma-bir ko‘rsatilib, taklif va yechimlar berildi. Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan taqdimotlarda tarmoq korxonalari maslahatchilariga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi.

Biz, maslahatchilar faoliyatimiz davomida turli noaniqliklarga ham duch kelamiz. Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni 6-moddasiga binoan murojaatlar davlat tilida va boshqa tillarda berilishi mumkin. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni 14-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi hududida yashovchi shaxslarga davlat tashkilotlari va muassasalariga, jamoat birlashmalariga arizalar, takliflar, shikoyatlar bilan davlat tilida va boshqa tillarda murojaat qilish huquqi taʼminlanadi”, deyilgan. Endi eʼtibor beraylik, «davlat tilida va boshqa tillarda” deyilsa, davlat tilida murojaat qilish o‘zining qatʼiyligini yo‘qotadi va bu esa, o‘z navbatida, tilimizning obro‘siga putur yetkazadi.

O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, ona tilimizning chinakam jonkuyari Erkin Vohidov “So‘z latofati” asarida taʼkidlaydi: “Ona tili umummillat mulkidir, demak, til oldidagi masʼuliyat ham umummilliy. Men o‘zbekman, degan har bir inson o‘zbek tili uchun qayg‘urmog‘i kerak. Unutilgan so‘zlarni tiklash, borini boyitib borish, xorijiy atamalarga munosib istilohlar topish yolg‘iz tilshunoslarning emas, millatning ishidir”. Ushbu fikrlar har birimizni ona tilimizni sevishga, uning rivojlanishi uchun o‘z sohamiz bo‘yicha oz bo‘lsada hissa qo‘shishga undaydi.

Xulosa qilib aytganda, har bir tashkilot va idora, har bir tizimda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga hurmat bilan qaralsa, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va obro‘si kundan kunga yuksalib boraveradi. Bu yo‘lda bor kuch-g‘ayratimiz hamda bilimimizni sarflashga tayyormiz.

 

Sanobar ABDURAHMANOVA

“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati

boshqaruvi raisi maslahatchisi

 

 

 

 

 

22.12.2022 238