"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Til sofligini asrash har birimizning vijdon ishimizdir

Bugungi kunda o‘zbek tilida Yer yuzida 50 milliondan ortiq aholi so‘zlashadi. Bu sayyoramizdagi taxminan har 160 nafar odamdan biri o‘zbek tilida gapiradi, deganidir. Boshqacha aytganda, o‘zbek tili so‘zlashuvchilar soniga ko‘ra sayyoramizda eng keng tarqalgan 40 ta tildan biridir.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi va davlatimizning asosiy Qonunida mustahkamlab qo‘yilishi xalqimiz tarixida buyuk voqea bo‘lganligi, shubhasiz. O‘zbek tili davlatimiz ramzlari qatorida turadigan muqaddas timsollardan biriga aylandi.Tilimizning imkoniyatlari, qo‘llanish doirasi, lug‘at boyligi tez sur'atda kengaydi. Uning rivojlanishi uchun barcha imkoniyat eshiklarini ochildi.
Har qanday tilning lug‘at boyligini “jamiyat hayotining barometri” deyishadi. Mustaqillik tufayli yuz bergan o‘zgarishlar, yangilanishlar o‘zbek tili leksikasining rivojiga salmoqli ta'sir ko‘rsatdi. Mamlakatimizga bozor iqtisodiyoti munosabatlari begona bo‘lgan davrlarda biznes, biznesmen, millioner, savdogar, fermer kabi bir qancha so‘zlar salbiy yoki kamida, manfiy subyektiv baho bilan idrok qilinar edi. Bugun ularning nechog‘li ko‘lamli so‘z ekanligi ma'lum. Besh jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dan bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Tilimizning sofligi haqida qayg‘urish barchamizning burchimizdir. Bu boradagi kuzatuvlarimiz esa milliy tilga e'tibor masalasida hamon oqsayotganimizni ko‘rsatib qo‘ymoqda.
Bugungi globallashuv jarayonlari tufayli dunyo tillarining aytarli barchasida boshqa tildan so‘z olish kuzatiladi. Hozirgi kunda o‘zbek tilidagi bakalavr, bankomat, barter, birja, brifing, broker, diler, investisiya, investor, internet, kompyuter, konsalting, kollej, kredit, marketing, menejer, monitoring, multimedia, parlament, reyting, referendum, sertifikat, forum kabi o‘zlashmalar juda ko‘p, ular keng omma nutqidan deyarli joy olib bo‘ldi. Bu kabi o‘zlashmalarni o‘zbekchalashtiraman deb, qosh qo‘yish o‘rniga ko‘z chiqarishlar tilimizning sofligi uchun qayg‘urish emas, balki mantiqsiz yumushdir.
O‘zbek tilining davlat tili maqomiga putur yetkazayotgan holatlarni muassasalarning nomlarida ham ko‘rish mumkin. “Tashkent City” jumlasini olaylik. Bu shaharcha o‘zbeklarga tegishlimi yoki inglizlargami? Nega uni o‘zbekcha nomlashdan qochiladi? Qaysi o‘zbek “City” so‘zini inglizchasiga o‘qiydi? Ingliz tili talaffuz qoidasini bilmagan odam uchun bu so‘z nihoyatda tushunarsiz yozilgan. Agar uni bizda qabul qilingan lotin harflari bilan ifodalansa ham bu tarzda yozilmaydi.
Aslida bu majmuani “Toshkent shaharchasi”, “Shosh kent”, “Yangi Shosh” yoki shu kabi o‘zbekcha ibora bilan nomlasa ham bo‘lar edi,  yoniga ajnabiycha nomni ham ilova qilish mumkin.
Qonun moddalariga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, ularning ko‘pchiligida “davlat tilida, shuningdek, boshqa tillarda ham…” iborasiga tez-tez duch kelamiz. E'tibor qiling:
“Fuqarolik holatini qayd etuvchi hujjatlar, shaxsning kim ekanligini va uning huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlar davlat tilida rasmiylashtiriladi, zaruriyatga qarab boshqa tilda tarjimasi takrorlanishi mumkin”.
“O‘zbekiston Respublikasi hududida yashovchi shaxslarga davlat tashkilotlari va muassasalariga, jamoat birlashmalariga arizalar, takliflar, shikoyatlar bilan davlat tilida va boshqa tillarda murojaat qilish huquqi ta'minlanadi”.
“Televideniye va radio eshittirishlari davlat tilida, shuningdek, boshqa tillarda olib boriladi”.
“Noshirlik faoliyati davlat tilida, ehtiyojlarni hisobga olgan holda esa, boshqa tillarda ham amalga oshiriladi”.
“Lavhalar, e'lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e'lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin”…
Afsuski, hali-hanuz yurtimizda o‘zbek tili o‘zining qonuniy maqomini egallab ulgurgani yo‘q. Hamon ko‘chalarda ketib borarkansiz, rus, ingliz va boshqa tillardagi yorliqlar, havolalar, e'lon va shiorlar ko‘zingizni “kuydiraveradi”. Haligacha odamlarimiz milliy atamalarni chetga surib, “Alayskiy”, “Farxadskiy, “Ippodrom”, “Zeleniy most”, “Bulvar”, “Dagbitskiy”, “Sofiyskiy”, “Lunacharskiy”, “Visokovoltniy” singari atamalarni ishlatishni ma'qul ko‘rishadi.
Har qaysi xalqning ona tili va adabiyoti uning milliy ruhi va o‘zligining, madaniy-ma'rifiy olami, milliy g‘oyasining asosi hisoblanadi. Ma'rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak – millatning ruhini yo‘qotmakdur”, degan hikmatli so‘zlari ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi. Bu borada fransuz xalqiga havas qilsak, ulardan o‘rgansak, arziydi. Ular o‘z yurtiga borib, ingliz tilida savol bersangiz, o‘sha tilni bilsa ham fransuz tilida javob qaytaradi. Azbaroyi ona tilini hurmat qilganidan.
Bizning tilimiz-ku, hozircha xavf ostidagi, yo‘qolib borayotgan tillar guruhiga kirmaydi. Ammo o‘zimiz ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelgan ona tilimizni asramas ekanmiz, millatimiz va ma'naviyatimiz kelajagini ulkan xavf ostida qoldiramiz. Zotan, o‘zbek tili – bu bizning boyligimiz, or-nomusimiz, sha'nimiz demak. Uni, eng avvalo, o‘zimiz asrashimiz, hurmatlashimiz kerak.
O‘zbek tili ta'limini yanada takomillashtirish, bu jarayonlarda zamonaviy axborot texnologiyalarining imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish kabi bir qancha muammolar borki, bular ustida tegishli mutaxassislar izlanishlar olib bormoqda. Masalan, maktablar uchun turli hajm va mazmundagi o‘quv qo‘llanmalarini ko‘paytirish ham muhim. Aytaylik, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bola tasavvurini zo‘riqtirmaydigan izohli lug‘atlar tuzish tajribasi dunyo lug‘atchiligida anchayin keng tarqalgan.
O‘zbek tilining nufuzi bugungi kunda xalqaro maydonda ham ortib bormoqda. Bir qator xorij mamlakatlaridan kelib, yurtimizda o‘zbek tilini o‘rganib ketayotganlar ham talaygina. Turli mamlakatlardagi o‘quv yurtlarida o‘zbek tili o‘rganilmoqda. O‘zbek tilining rivoji, taraqqiyoti, teran tadqiqi va tashviqi borasida hali ko‘p ishlarni qilishimiz zarur. Zero, milliy boyligimiz — ona tilimiz sofligini asrash, nufuzini ko‘tarish barchamizning umummilliy burchimiz, ham vijdon ishimizdir.

Azizbek SULTONOV,
Namangan viloyati, Uchqoʻrgʻon tumani
hokimining maslahatchisi

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!

Bizning manzil:
http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep


18.08.2020 3433