"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

MILLIY RIVOJLANISHNING O‘ZAK OMILLARI

 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasini men ham katta qiziqish va hayajon bilan tingladim. 

Albatta, Murojaatnomani o‘ndan ziyod telekanal orqali jonli efirda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borilishi ham butun jamoatchiligimizning diqqat-eʼtiborida bo‘lishiga katta hissa qo‘shdi, deb o‘ylayman. Chunki, millionlab yurtdoshlarimizning maqsad-u muddaolari, orzu umidlarini o‘zida mujassam etgan mazkur siyosiy-ijtimoiy tadbir respublika boshqaruvida katta ahamiyat kasb etishi bilan sezilarli o‘zgarishlarga yo‘l ochib berishi, shak-shubhasiz.

Ayniqsa, Prezident o‘z maʼruzasi yakunida “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da barcha sohalarda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, erishilgan natijalar, kelgusi reja va dasturlar, ishlanishi kerak bo‘lgan ustuvor vazifalarga ham to‘xtalib o‘tgani xalqimiz kutgan savollarga javob bo‘ldi, deb o‘ylayman. 

2017-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan ushbu siyosiy tadbirda yakuniga yetayotgan yildagi asosiy ko‘rsatkichlar, yangi yilga mo‘ljallangan maqsad va vazifalar qatʼiy ohangda tilga olib o‘tildi.

Shuningdek, Davlat rahbari o‘z Murojaatnomasida 2023-yilni “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”, deb nomlashni taklif qilishi va bu taklif xalqimiz tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanishi ham, davomli rejalarning uzluksizligidan dalolat beradi. Sodda tilda aytganda, yakunlanayotgan yilda amalga oshirilgan ishlarning izchil davomi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. 

Murojaatnomada alohida taʼkidlanganidek, jonajon O‘zbekistonimiz milliy rivojlanishning yangi bosqichiga dadil qadam qo‘ydi. Xususan, Prezidentimiz o‘zbek tilining mavqeini yanada ko‘tarish haqida kuyunchaklik bilan aytgan so‘zlari biz kabi millionlab yurtdoshlarimizning ko‘nglidagi gap bo‘ldi.

Bu yil O‘zbekiston aholisi 36 milliondan oshgani, har yili safimiz qariyb 900 ming nafarga ko‘payayotgani ham, maʼlum maʼnoda ertangi kunga katta masʼuliyat bilan yondashishimizga olib kelishi tabiiy hol, albatta.

Prezident Shavkat Mirziyoev yakuniga yetayotgan 2022-yil g‘oyat murakkab va sinovli yil bo‘lganini taʼkidladi. Ushbu davrda to‘plangan tajriba bir haqiqatni yaqqol isbotlab berdi: taraqqiyotga – faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishiladi.

Milliy o‘zligimizning timsoli, maʼnaviyatimizning asosi bo‘lgan ona tilimizga eʼtibor yanada kuchaytiriladi. Albatta, chet tillarini bilish — zamon talabi. Biroq, ona tilimiz – o‘zbek tilini bilishga, uni qadrlashga hammamiz majburmiz.

“Mening farzandim chet tillarini biladi-yu, ona tilini bilmaydi”, degan gap Yangi O‘zbekistonga maʼqul emas. Chet tilini bilishi kerak, lekin ona tilini bilishga majbur”, — dedi davlat rahbari.

Va yana taʼkidladiki, “Najot – taʼlimda, najot – tarbiyada, najot – bilimda”. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi.

Maktablarda taʼlim sifati hamda jamiyatda o‘qituvchi kasbi nufuzini oshirish, ularning shart-sharoitlarini yaxshilash 2023-yildagi eng asosiy vazifalarimizdan biri bo‘ladi. O‘qituvchilarning maqomini, ularning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash zarur, deb hisoblayman”, – dedi prezident.

Shuningdek, butun mazmun-mohiyati inson qadrini ulug‘lashga, kelajak avlodlarga munosib xizmat qiladigan, Yangi O‘zbekistonga munosib bo‘lgan Konstitutsiyani har tomonlama o‘ylab, shoshmasdan ishlab chiqish kerakligini ham  qayd etib o‘tildi.

O‘zbekiston fuqarolari bildirgan barcha taklif va istaklar, albatta, inobatga olinishi va Konstitutsiya loyihasi umumxalq referendumiga olib chiqilishi ham albatta xalqimiz siyosiy irodasining yorqin ifodasi deb bilaman, dedi yurtimiz rahbari.

Har galgidek, Murojaatnomaning eng hayajonli qismi yangi yilga nom berilishi bo‘ldi. Davlatimiz rahbari kelgusi yilga rejalarni to‘g‘ri olish uchun xalqimizning fikrini har bir yo‘nalish bo‘yicha chuqur tahlil etib, 20 mingga yaqin takliflar muhokama qilinganini qayd etib o‘tdi.

– Odamlarimiz taʼlim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot yo‘nalishlarida aniq-aniq masalalarni ko‘tarib, ular bo‘yicha tizimli yechimlarni ham taklif etmoqda. Aholimiz bizdan maktab, bog‘cha va shifoxonalarni ko‘paytirish, taʼlim va tibbiyot sifatini oshirishni, mahallada yo‘l, suv, elektr, transport muammolarini hal qilishni, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, tadbirkorlikka yangi imkoniyatlar yaratishni, adolatni taʼminlash, ovoragarchilik, byurokratiya va korrupsiyani yo‘q qilishni kutmoqda. Ko‘tarilgan masalalar aniq va o‘rinlidir. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz bu muammolarni yechishimiz shart, – dedi maʼruzachi.

Shavkat Mirziyoev kirib kelayotgan 2023-yilga mamlakatimizda Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili, deb nom berishni taklif qildi. Prezidentimizning ushbu taklifi tadbir ishtirokchilari tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.

Va yana Murojaatnomada kelgusi yil uchun reja va dasturlar aniq belgilab olinib, mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarimizni yanada mustahkamlash hamda eng muhim va ustuvor sohalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilishi lozimligi taʼkidlangani ham alohida ahamiyatga ega deb o‘ylayman.

 

Akmal Ro‘zitoyev,

Toshkent shahar hokimi maslahatchisi

23.12.2022 214