"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

TIL TARG‘IBOTI E`TIQOD DARAJASIGA AYLANMOG‘I ZARUR


Bugunning gapi

Bugun biz madaniyatlar qorishuvi shiddat bilan kechayotgan bir davrda yashayapmiz. “Ommaviy madaniyat” milliy urf-odat hamda anʼanalarni o‘z domiga tortayotir. Mana shunday vaqtda davlat tili nufuzini oshirishga qaratilgan keng qamrovli islohotning ahamiyati katta.

Prezidentimiz Murojaatnomada “Milliy o‘zligimizning timsoli, maʼnaviyatimiz asosi bo‘lgan ona tilimizga eʼtibor yanada kuchaytiriladi”, deya taʼkidlashi bunday islohotning dolzarbligidan dalolat. Darhaqiqat, maʼnaviy-maʼrifiy islohot zamirida o‘zbek tilini davlat tili sifatida hayotimizning ajralmas qismiga aylantirishdek maqsad turibdi. Keyingi besh-olti yilda til islohi bilan bog‘liq o‘ndan ortiq meʼyoriy-huquqiy hujjat qabul qilingani buning isbotidir. Bu yilgi Murojaatnoma bilan ona tilimizning qaddi yanada yuksaldi, deya g‘urur bilan aytish mumkin.

Prezidentimizning 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni taʼminlash, o‘zbek tilini davlat tili sifatida nufuzi va mavqeini oshirish uchun shart-sharoit yaratish kabi qator vazifalar belgilangan. Shu munosabat bilan vazirlikda o‘zbek adabiy tilining sofligini saqlash, o‘zbek tili meʼyorlari va qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish maqsadida Axborot, tahlil va hujjatlarni korreksiyalash bo‘limi tashkil etildi. Mazkur bo‘lim vazirlikda ishlab chiqiladigan barcha normativ-huquqiy hujjatlar, xatlar, ish qog‘ozlarini tahrirlash, tuzatish bilan shug‘ullanadi. Vazirlikdan chiqayotgan barcha hujjatlarning lingvistik ekspertizadan o‘tkazilishi qatʼiy tartib sifatida belgilangan. Joriy yil boshidan hozirgi kungacha vazirlikka 32 mingga yaqin hujjat kirgan bo‘lsa, barchasi davlat tili meʼyorlari talablari bo‘yicha ko‘rib chiqilgan.

Quvonarlisi, 2023-yil 1-yanvardan boshlab barcha idora, tashkilotlar, xo‘jalik yurituvchi subʼektlar, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ish yuritadi. Bu hukumatimizning tegishli qarori bilan tasdiqlangan. Shuningdek, ayni sanadan eʼtiboran, normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi ishlab chiquvchi tashabbusi bilan yoxud topshiriq asosida vazirlik, idoralar bilan kelishishdan oldin davlat tili qoida va talablariga muvofiqligini tekshirish maqsadida lingvistik ekspertizadan o‘tkazilib, o‘zbek adabiy tilining imloviy, uslubiy, leksik-grammatik, grafik va punktuatsiya qoidalariga amal qilinganiga, atamalarning to‘g‘ri qo‘llanishi va matnda mantiqiy xatoliklarga yo‘l qo‘yilmaganiga eʼtibor berilib, mutaxassis tomonidan batafsil o‘rganib chiqiladi. Bunday yondashuv tilimiz nufuzini yanada oshiradi.

2023-yil 1-yanvardan boshlab davlat va nodavlat tashkilotlar rahbar va ishchi xodimlari uchun tajribali tilshunos-o‘qituvchilarni jalb qilgan holda “Lotin yozuvi saboqlari”, “Davlat tilida ish yuritish saboqlari”, “O‘zbek tilining imlo qoidalari” mashg‘ulotlarini tashkil etish kerak. Bunday mahorat darslarida xodimlar o‘z faoliyatida duch keladigan muammoli holatlarni bartaraf qilishning yo‘l-yo‘riqlarini aniq tushunib oladilar.

Shuningdek, davlat va nodavlat tashkilotlar o‘z faoliyati doirasida tegishli uslubiy-amaliy elektron qo‘llanmalarni yaratishi lozim. Bu kabi qo‘llanmalarda aynan muayyan tizimda o‘zbek tilida ish yuritishning o‘ziga xosliklari yoritilishi, hujjatlarni rasmiylashtirishdagi muammoli holatlar bo‘yicha tavsiyalar aks etishi zarur. Ishning bu tarzda tashkil qilinishi xodimlarning o‘zbek tilida lotin yozuvida ish yuritishini osonlashtiradi, ona tilimizga muhabbatni mustahkamlaydi.

Atamalar har bir sohada mavjud bo‘lib. Ish yuritishda atamadan to‘g‘ri foydalanish uchun uning maʼnosini, qanday terminologik tushunchani ifodalayotganini xodim yaxshi bilishi juda zarur. Negaki, atamaning maʼnosi yaxshi anglanmasa, undan sohaviy hujjatlarda to‘g‘ri foydalanilmaydi, xodim o‘z faoliyatida so‘zni maqsadga muvofiq qo‘llay olmaydi. Shu bois, kelgusida sohalarga oid normativ-huquqiy hujjatlarda qo‘llanadigan atamalarning maʼno nuqtai nazaridan muvofiqligini qayta ko‘rib chiqish zarur.

Davlat va nodavlat tashkilotlar internet saytlari va boshqa elektron uskunalarda “Kun hikmati”, “Imlo qoidalari”, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” ruknlarida o‘zbek tilidagi so‘zlar maʼnolari aks etgan videoroliklar namoyish etib borishning ham ahamiyati katta. Bu orqali xodimlarning so‘z boyligi oshadi, maʼnaviy-maʼrifiy dunyosi teranlashadi, milliy estetik malakasi shakllanadi.

Zamon shiddat bilan rivojlanyapti. Demak, har bir masalaga zamonaviy yondashish lozim. Davlat va nodavlat tashkilotlar o‘z sohasiga oid atamalarning izohli “cho‘ntak” lug‘atlarini tayyorlashi, elektron nusxalarini tegishli saytlarga joylashtirib borishi kerak. Lug‘atlarning olib yurishga qulayligi xodimlar tez-tez ularga ko‘z yugurtirib turishiga imkon yaratadi.

Davlat va nodavlat tashkilotlarda favqulodda vaziyatlar paytida jamoatchilikka taqdim etiladigan maʼlumotlarning surdotarjimasi bilan birga berilishini yo‘lga qo‘yish ham katta samara beradigan jihat. Shuningdek, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslarning davlat xizmatlaridan erkin foydalanish imkoniyatlarini yaratish maqsadida, zaruratga qarab, shartnoma asosida surdotarjimonlar yoki onlayn surdotarjima xizmatlarini ko‘rsatuvchi mutaxassislarni jalb etishga harakat qilish lozim.

Murojaatnomada taʼkidlangan “ijtimoiy davlat” maʼrifatli jamiyat asosiga qurilar ekan, uning tag zamini hisoblangan ona tilimiz qadri va targ‘iboti har bir shaxs, har bir jamoa hamda jamiyat uchun eʼtiqod darajasiga aylanmog‘i zarur.

Obiddin MAHMUDOV,

iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri maslahatchisi

Yorqinjon ODILOV,

filologiya fanlari doktori, professor

28.12.2022 327