"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Askar maktubi – harbiyning ko‘ngil oynasi


Maʼlumki, “maktub” soʻzi oʻzbek tiliga arab tilidan kirib kelgan boʻlib, “yozilgan”, “xat”, “noma” maʼnolarini bildiradi. Biroq ilk maktublar aynan qaysi yil yoki asrda paydo boʻlgani haqida aniq bir toʻxtamga kelish mushkul. Shunisi aniqki, azal-azaldan odam nasli keyingi avlodlariga oʻzidan qandaydir nishona, xabar qoldirmoqni istab yashagan. Oʻsimlik poʻstlogʻi, daraxt yaprogʻi, keyin-keyin jonivorlar terisiga yozila boshlagan maktublar shu yoʻsinda rivojlanish bosqichini bosib oʻtgan.

Demak, insoniyat tarixidagi ilk maktublar - qoyatoshlar va daraxt tanalaridagi bitiklardir. Hamda ular bugungilari singari hissiyotlarni emas, faqat va faqat fikr va maʼlumotlarni yetkazishga xizmat qilgan. Lekin ilk maktublar qachon paydo boʻlgan va bugungilaridan qanday farqi bor, hozirgi texnologiya asrida qogʻoz maktublarga ehtiyoj bormikin degan savol paydo boʻlishi tabiiy. Yoningizda boʻlmagan inson bilan gaplashish uchun bugun mobil telefon, ijtimoiy tarmoqlar turganda, ortiqcha ovora boʻlib qadim zamonlardagiday maktub yozishib oʻtirishning hojati bormikin degan oʻzingizga savol ham berasiz?! Toʻgʻri, telefon ham gaplashish imkonini beradi, lekin maktub yozganingizdagi kabi ichki kechinmalarni emin-erkin, samimiy va batafsil bayon qilish imkonini yarata olmaydi. Axir maktub yozayotganda inson oʻzi va qalbingiz bilan yolgʻiz qiladi, dilidagilarni aytishdan hech kim va hech narsa chalgʻitib qoʻymaydi.

Bu haqida 2020-yilning yanvar oyida Qurolli Kuchlar Akademiyasida oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining milliy armiyamizni yanada rivojlantirish va isloh qilish masalalariga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilishida Qurolli Kuchlarni rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar sarhisob qilinib, vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimiyat organlarining milliy armiyamizni rivojlantirish va isloh qilish borasidagi hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar belgilanib, aholini, avvalo, yoshlarni shunday ruhda tarbiyalash tizimini takomillashtirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga jalb qilish, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berilgan edi.

Yigʻilishda davlatimiz rahbari “Armiya moddiy jihatdan eng zamonaviy va zarur vositalar bilan taʼminlangan boʻlishi mumkin, lekin axloqiy jihatdan zaifligi, jangovar ruhi, Vatanga sodiqlik va muhabbat, uning taqdiri uchun masʼuliyat hissi yoʻqligi yoki loqaydlik tuzatib boʻlmas oqibatlarga olib kelishi mumkin”, deb alohida taʼkidlagan edi. Darhaqiqat, Vatan himoyachilarining jangovar ruhi, Vatanga sadoqat va muhabbat, masʼuliyat hissini koʻtarish borasida ular bilan olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yanada kuchaytirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish, yozma nutqini rivojlantirish muhim omillardan hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, harbiy xizmatchilar bilan “Askar maktubi” loyiha ham amalga oshirilgan edi. Lekin karantin sababli toʻxtab qolgan edi. “Askar maktubi” loyihasi Oʻzbekistonning yosh fuqarolarida faol hayotiy pozitsiyani shakllantirish, ularda Vatanga muhabbat, uning tarixiy merosiga hurmat, millat manfaatlarini himoya qilish, uning xavfsizligiga gʻamxoʻrlik qilish kabi maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish va rivojlantirish, shuningdek, yoshlarda harbiy xizmatni oʻtash borasida ijobiy fikrni uygʻotishga qaratilgan edi.

Maktub - yarim diydor, koʻngil oynasi, deb bejiz aytilmagan. Turli sabablar tufayli kimningdir oʻziga aytishga botina olmagan gaplaringizni qogʻozda emin-erkin ifoda etishingiz mumkin. Afsuski, globallashuv jarayonida yoʻqolib borayotgan xat yozish madaniyatini qayta tiklash, uni rivojlantirish orqali yoshlar ijodiy fikrlashga oʻrganadi, ularning vatanparvarlik tuygʻusi kuchayadi, fuqarolik burchi tushunchasi shakllanadi. Shu nuqtayi nazardan, “Askar maktubi” loyihasini davom ettirish maqsadga muvofiqdir. Unda yaqinlari milliy armiyada xizmat qilayotgan yoshlar — maktab oʻquvchilari, talabalar, shuningdek, taʼlim muassasalari va harbiy qismlardagi taʼlim jarayoni ishtirokchilari — oʻqituvchilar, harbiy instruktorlar, psixologlar, askar va ofitserlar ishtirok etadilar. aksiyasi doirasida maktublar nafaqat harbiy xizmatga chaqirilgan askarlarga, balki urush va mehnat faxriylariga ham yuborilishi mumkin.

Shunisi eʼtiborga loyiqki, yoshlarning harbiy xizmatda boʻlgan qarindoshlari boʻlmasa, bunday xatlarni oʻz doʻstlariga yoki ommaviy manzilga — vzvod, rota va boshqa harbiy boʻlinmalarga yozishlari mumkin. Eng muhimi, Vatanga vatanparvarlik burchini bajaradigan va harbiylik kasbiga boʻlgan munosabatini bildirishdir. Yoshlar maktub yozarkan, oila aʼzolari va yaqinlaridan, hatto begonalardan kelgan maktublar harbiy xizmat mashaqqatlarini boshidan kechirayotgan askarlarning qalblarini isitishini anglab yetadilar.

BMT Oʻzbekistondagi vakolatxonasining Twitterʼdagi sahifasida frontdan turib qizini dars qildirgan buyuk oʻzbek filologining maktubi topib olingani va bu xat jangda qatnashayotgan oʻzbekistonlik askar Faxri Kamolov tomonidan front ortida qolgan farzandi – oʻquvchi qiziga uni bilim olishga undab yozilgani haqida xabar oʻqigandim. Maktubdagi otaning “Qani qizim, aytingchi, nega dars qilishdan toʻxtadingiz? Oʻqish, yozishni oʻrganib oldingizmi? Oʻz qoʻlingiz bilan menga xat yozib yuboring. Biror suratingizni ham joʻnating, xoʻpmi? Unutmang. Faxri. 4-dekabr, 1944-yil” satrlari, oʻylaymanki, qiz uchun katta motivatsiya vazifasini bajargan, ruhlantirgan. Demak, askargami yoki askar oʻzining yaqinlarigami maktub yozishi orqali u nafaqat oʻzining ichki kechinmalarini bayon qiladi, balki dillarga malham boʻluvchi, bilimini mustahkamlovchi vosita.

Buning uchun husnixat risoladagiday boʻlishidan tashqari, yana soʻz boyligi ham yuqori boʻlmogʻi kerak. Chunki sogʻinch, mehr, minnatdorlik, muhabbat singari goʻzal kechinmalarni har kim ham qalbidan kechirishi mumkin, lekin uni his etib turgani kabi tushunarli qilib bayon etish uchun kerakli soʻzlarni topa bilishi lozim. Inson soʻz boyligini beqiyos darajada oshiruvchi deb eʼtirof topgan asosiy manba esa, hech shubhasiz, badiiy asar va har xil sheʼriy kitoblardir. Darhaqiqat, kishi qancha koʻp badiiy asar oʻqisa, qanchalik koʻp sheʼrlar yodlasa, soʻz boyligi hamda soʻzdagi nafosatni his eta olish qobiliyati shuncha orta boradi. Bu fikrlarning barchasi maktubning ahamiyatini ochib berishi tabiiy.

Zero, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ham Oliy Majlis va oʻzbek xalqiga yuborgan Murojaatnomasida ham deputat va senatorlarimiz, mahalla, nuroniy, xotin-qizlar va yoshlar faollariga, butun xalqimizga qarata eng bebaho oliy neʼmat – tinchligimiz va osoyishtaligimizning qadriga yetaylik, oilalarimiz, farzandlarimiz, kelgusi avlodlarimizning baxtu kamoli uchun bu ulugʻ boylikni asrab-avaylaylik, deya katta hayajon bilan taʼkidlagan edi. Va, aynan, Davlatimiz rahbari shu maqsadda biz yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga yanada koʻproq ahamiyat berishimiz kerakligini oldimizga asosiy vazifalardan biri sifatida qoʻygani ham bejiz emas.


Naibaxon Mamadaliyeva,

Bosh direktor maslahatchisi,

filologiya fanlari doktori


13.01.2023 320