"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

KISHI SOFLIGINI SAQLASH UCHUN BADANTARBIYA SIRLARINI O‘RGANISHI KERAK

Alisher Navoiyning asrdan asrga, nasldan naslga o‘tib, xalqimizning tili va dilida yashab kelayotgan noyob asarlarida jismoniy tarbiya va sport, salomatlik masalalari keng yoritilgan. Alloma o‘zbek tilining boyligi, imkoniyatlari cheksizligi va unda yorqin ijod qilish mumkinligini isbotlab, asarlarida har bir insonning aqlli, axloqli, bilimdon, dono, oqil, sofdil, saxovatli, sabr-qanoatli, muruvvatli, kamtar, mard va jasur bo‘lmog‘i zarurligini uqtiradi. Ayniqsa, “Farhod va Shirin” dostonida jangovar mashqlar, kuchlilik, bahs-munozaralarga alohida eʼtibor bergan.

Shuningdek, dostonda Farhod harbiy mashqlarning barchasi bilan maxsus shug‘ullanganligi to‘g‘risida so‘zlab, “dilovarlig‘” degan atamani ishlatadi. Yaʼni “Farhod maʼnaviy bilimlar “ulum”ni juda ko‘p o‘rganib bo‘lgach, jismoniy mashqlarni mukammal o‘zlashtirgan. Xususan, dilovarlig‘ sanʼatlarini ham puxta egallashga harakat qilgan. U o‘n yoshligidayoq qaddi-qomati, kuch-quvvati yigirma yoshli yigitlarnikidek edi. Shu paytdan u jangovar sanʼat sir-asrorlarini egallashga harakat qiladi. Qisqa vaqtda dilovarlig‘ ilmini egallaydi. Osmon kamalagiga o‘xshagan yoyni kuch bilan otib, Sharqda turib G‘arbdagi nishonni uradigan bo‘ladi. Qorong‘u kechada ko‘zga zo‘rg‘a ko‘rinadigan Hulkar tipidagi xira Suxo yulduzini nishonga olsa, u taqdir o‘qiga nishon bo‘lar edi. U o‘q otganida ko‘kning jangovar yulduzi Mirrix o‘zining qo‘rquv tugunlarini yechib yuborar va ofarinlar aytar edi. Farhod nishonga otish, nayzabozlik, kurash tushish, qilichbozlik mashqlarida hammani lol qoldirgan. Qilich bilan yer yuzida yoriqlar paydo etadigan, tog‘larni burda-burda qilib yuboradigan”, deya tasvirlanishida badiiy mubolag‘a ishlatilgan, albatta. Bu bilan Farhodning nihoyatda kuch-qudratli, chaqqon, mohir, epchil, mard ekani tasvirlangan. Navoiy “Xamsa” asariga kiritilgan boshqa dostonlarida ham sportning bir qancha turlariga murojaat qiladi. Masalan, “Saddi Iskandariy” dostonining bosh qahramoni lashkarboshi shoh Iskandar Birberi bilan Eron shohi Darri Xurram polvonlari o‘rtasidagi yakkama-yakka olishuvlar, Bahrom va uning go‘zal rafiqasi Diloromga bog‘liq voqealarni o‘qing. Diloromning qirq zinadan buzoqchani ho‘kiz bo‘lguncha ko‘tarib chiqib tushishi, Bahromning mahorati, “Hayrat ul-abror” dostonidagi shatranj-shaxmat o‘yini shular jumlasidandir. Shaxmat taxtasiga donalarni ikki tomonga ikki qatordan qilib tersa, bu qatorlar xudi ikki misra sheʼrga, to‘rt qatorlik shakli esa sheʼrning ikki matlaiga o‘xshab ketadi. Odam qancha to‘g‘ri fikr qilmasin, ozgina parishonlikka yo‘l qo‘ysa, otning yurishi tufayli mot bo‘lib qolishi mumkinligini uqtiradi shoir.

Buyuk mutafakkirning boshqa ko‘plab asarlarida ham jismoniy tarbiya va sportga oid masalalar go‘zal tilimizning boyligidan foydalanib aks ettirilgan. Hayotining so‘nggi yillarida bitilgan “Mahbub ul-qulub” asari ham beqiyos darajada taʼlimiy, maʼrifiy va tarbiyaviy ahamiyatga molikdir. Asarda turmush achchiq-chuchuklarini o‘z boshidan kechirib, hayot saboqlari asosida xulosalar chiqargan musofir donishmandning pand-nasihatlari aks etgan. Ul zot “Safarning foydalari” xususida to‘xtalib: “Tavoze va adabning asosini azob va mashaqqat tashkil qiladi, ulug‘ ishlarni amalga oshiruvchi asosiy vosita bu — safardir”, deydi. “Mahbub ul-qulub” asari yoshlarni har tomonlama barkamol, yetuk etib tarbiyalashda muhim manba hisoblanadi. U tiriklik mezoni sifatida harakatni belgilaydi: “Odam uchun doim harakatda bo‘lish hayotlikdan asardir”. Sharqning barcha olimlari, donishmand-allomalari va xalq bahramand bo‘lgan sport turi — sayohat va safar haqida maʼlum qiladi.

Sayohatni orzu qilmagan inson kamdan-kam. Bu orzu yosh ulg‘aygan sari muayyan bir maqsad sari chorlaydi. Navoiyning sayohat haqidagi o‘gitlari ham aynan sport bilan bog‘liq. “Safar kishilarni olam ajoyibotlaridan, g‘aroyibotlar dunyosidan xabardor qiladi”. Safar davomida yo‘lda jismoniy harakat ko‘payadi, mashaqqatli to‘siqlarni bosib o‘tish asabni taranglashtiradi, aʼzolardagi modda almashinuvi tezlashadi, taom tez hazm bo‘ladi.

Navoiy taʼkidlaganidek, safar vodiysida musofir oyog‘iga ilashgan dardu balo tikanlaridan maqsad guli ochiladi. Shoirning sayr va safar haqidagi daʼvatlari bugungi kunda ham o‘z qadr-qimmatini yo‘qotgani yo‘q. Ona tabiatni asrash, uni kelajak avlodlar uchun bus-butunligicha qoldirish har bir insonning burchi hisoblanadi.

O‘tmishda maʼlum va mashhur bo‘lgan shoir, yozuvchilar o‘zlaridan faqat qimmatli asarlar emas, balki xalqqa foyda keltiradigan ko‘priklar, binolar va bog‘lar kabilarni qurib qoldirganlar. G‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy ham oqillik, axloqiylik, salomatlik haqida sheʼr bitibgina qolmasdan, xalqning sog‘lig‘i haqida qayg‘urib, bemorlarni faqat dori-darmon bilan emas, balki jismoniy mashqlar yordamida davolash va dars berish bilan shug‘ullanadigan “Dorul-shifo”(“Davolash uyi”)ni qurdirdi. Navoiy dunyoviy ilmlar bilan birga, ayniqsa, ilmi badan — badan ilmini o‘rganishni har bir inson uchun zarur, deb biladi.

O‘z asarlari orqali u diniy va dunyoviy ilmlarning barchasidan xabardor ekanligini namoyish qilgan. Uning xalq jismoniy madaniyati, milliy sport turlarining benazir bilimdoni ekani badantarbiyani “ilmi badan”, “badan ilmi”, “ko‘ngil tarbiyasi” deb qo‘llashi, milliy sport turlarini ifodalash uchun “zo‘ri”, “dilovarlig‘”, “go‘y” singari atamalarni ishlatishida yaqqol aks etadi. Ayniqsa, u qadimiy xalq o‘yinlaridan shatranj, tiyrandozlik, chavandozlik, nayzabozlik, chavgon, qalqonbozlik, kurash, qilichbozlik va boshqalarni o‘zining lirik va epik asarlarida zo‘r mahorat bilan tasvirlagan.

Buyuk mutafakkir inson badantarbiya bilan har on oshno bo‘lmog‘i kerakligini uqtirib, “kishi sog‘lig‘ini saqlash va mustahkamlash uchun tibbiy va badantarbiya sirlarini o‘rganishi kerak”, deydi. Besh asrdan ziyod vaqt oralig‘ida ham bugunning dolzarb mavzusiga uyg‘un bu pandu nasihatlar ayni kunda sog‘lom turmush tarzimiz uchun dasturilamal vazifasini o‘tashiga shubha yo‘q.



Zokir RASULOV,

Jismoniy tarbiya vasport vazirining maslahatchisi


Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!


Bizning manzil:

http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep

26.08.2020 3582