"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“KELAR ZAMON UCHUN HOZIRLANAYLUK, O‘TGAN ZAMON UCHUN EMAS”

Behbudiy tilning rivoji, unga boshqa tillarning taʼsiri, oddiy so‘zlashuv tili va adabiy til kabi dolzarb masalalarga alohida to‘xtalib o‘tadi. Jumladan, matbuot tilining ko‘cha tilidan, oddiy so‘zlashuv tilidan farq qilishi lozimligi xususida bunday deydi: “Matbuot maydonig‘a bizdan muqaddam otilgan va do‘stlar ila jarida va majallalarg‘a sohib bo‘lgan ichkari Rusiya va Kafkoz musulmonlarini matbuot tili va ham ko‘cha tilig‘a diqqatlik kishig‘a maʼlumdirki, matbuotlari ko‘cha tilidan necha daraja oliydur. Va kundan kun yana oliylashmoqdadur. ... Hech bir firqa va yo lahjaning tili, avom tili matbuotg‘a kirmaydur”.

Mahmudxo‘ja Behbudiy nafaqat matbuot tili, balki fan, taʼlim-tarbiya tili ham oddiy so‘zlashuv tilidan farq qilishi muhimligini taʼkidlaydi.

Dunyoda hech bir til yo‘qki, boshqa tillardan so‘z olmagan bo‘lsin. Shu jumladan, o‘zbek tiliga ham asrlar davomida fors va arab tillaridan minglab so‘zlar o‘zlashganki, ularni tilimizdan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Hozirgi kunda ham o‘z so‘zimizga aylanib ketgan forscha, arabcha so‘zlarni o‘zbekchalashtirish tarafdorlari yo‘q emas. Buning tilimiz rivoji uchun hech bir foydasi yo‘qligini buyuk maʼrifatparvar bunday taʼkidlaydi: “Bir necha ming sanadan beri forsiy va arabiy tili va madaniyati va saltanati taʼsiri ostida qolgan turkiyni yana bir necha ming sanada bularnitaʼsiridan chiqarmoq nari tursin, balki maʼnan va moddatan va fannan mahkum millatlarni tili bo‘lgan tilimizg‘a yana taraqqiy etgan millatlarni lug‘atlari hujum etar.

Turkiston xalqining maktab va madrasasindagi kitoblarg‘a, jarida va majallasindagi maqolalarg‘a sirfi forsiy va arabiyni qo‘ymas tarafdori kishilarni o‘qlovlarig‘a, to‘g‘risi, shosharmiz.

Masalan, maktab, madrasa, jarida, majalla, kitob - hammasi arabniki. Ismimizni o‘ndan to‘qquzi arabiy. Endi bu nihoyasiz nimarsalarni hammasig‘a turkiydan ism oxtaribmi, dunyodan o‘tarmiz?”.

Uning fikricha, til sofligi muhim, lekin har doim ham bu o‘zini oqlamaydi. Chet tildan so‘z o‘zlashar ekan, uni aynan olmasdan tilga moslashtirish,chet so‘zlardan imkon qadar kamroq foydalanish zarurligini taʼkidlaydi: “To‘g‘ridan-to‘g‘ri demoq kerakki, baqadri imkon arabiy oz yozulsun. Arabiy ismlik nimarsalar jamlanganda, turkcha jamlansun. Masalan, ulum, funun, ulamo, quzzot va ...demoq yerinda fanlar, ilmlar, olimlar, qozilar va... lar yozingiz”. Ayni fikrlar bugungi kunda ham o‘zining dolzarbligini yo‘qotgan emas. Hozir ham tilimizga o‘zlashayotgan inglizcha, ruscha so‘zlarni aynan qabul qilishga intilish bor, buni oqlab bo‘lmaydi.

Behbudiymillatbirligiuchunadabiytilningmuhimligigaalohidaeʼtiborqaratadi: “Soddatilnimauchunkerak? Atrofindagiqavmuqarindoshiilanso‘ylashmoquchun. Adabiy va ilmiy til nimaga kerak? Mavjud ilmu fan va tarixni bilmoq va alardan foydalanmoq uchun. Endi bizga lozimki, atrof, yaʼni tevaragimizni adabiylashtursak, munavvarlashtursak, yaʼni ilmu fan ila yorutsak”. Allomaning bu fikrlari xuddi bugun yozilgandek. Adabiy tilning mavqei pasayib borayotgan, hamma sheva chilikka, Behbudiy tili bilan aytganda, “sodda til”ga intilayotgan bir paytda adabiy tilning ahamiyati naqadar yuksakligi, yaʼni adabiy tilsiz ilm-fan va taraqqiyot bo‘lmasligini tushunishimiz kerakligini eslatadi.

Shuningdek, alloma tilimizga o‘zlashayotgan barcha so‘zlarni ham tarjima qilib bo‘lmasligini, bunga urinish vaqtni bekor sarflashga sabab bo‘lishini, buning o‘rniga taraqqiy etgan qardosh tillardagi ilm-fan kitoblarini o‘rganish foydali bo‘lishini taʼkidlaydi: “Barcha ilmu fan istiloh va lug‘atlarig‘a turkchadan muqobil oxtarib vaqtni zoye etmayluk. Taraqqiy etgan turkiy shevadagi ilmiy va fanniy kitoblarni anglamoqg‘a saʼy va g‘ayrat etayluk. Kelar zamon uchun hozirlanayluk, o‘tgan zamon uchun emas”. Behbudiyning “Til masalasi” maqolasidagi eng muhim nuqtalardan biri shundaki, u ona tilining haqiqiy ona tiliga aylanishi uchun, avvalo, onalarni o‘qitish lozimligini aytadi. Chunki onalari savodli bo‘lmagan millatning ona tilisi ham zavolga yuz tutishi haqida to‘xtaladi: “Ona tili, ona tili”, bu yaxshi orzu. Ammo tilsiz onalar tilig‘a maktabiy kitoblar yozila bersa, Turkistonda adadsiz buzuq ona tillar shevasig‘a adadsiz kitoblar yozmoq lozim kelurki, Andijonda yozilgani Buxoroda, Avliyootada yozilgani Qarshida anglashilmaydir. Chunki bu onalarni tili bir-biridan farqlikdur. Taraqqiy etgan millatlar onalari o‘qutar ekan, biz avval onamizni o‘qutub, anga til o‘rgatmoqimiz kerak. Chunki bizni ilm va tilsizligimiz alardandur”. Ushbu fikrlar aytilganiga bir asrdan ortiq vaqt o‘tgan. Lekin hali-hanuz ona tili muammosi dolzarb bo‘lib turibdi.

Xulosa qilib aytganda, hazrat Behbudiy millat taraqqiysini ilm-fanda, taʼlimda deb bildi. Yaxshi taʼlimning asosini esa til tashkil etadi. Negaki, til rivojlanmasa, ilmiy jihatdan boyimasa, boshqa fanlar taʼlimida ham siljish bo‘lmaydi. Shuning uchun ona tilini rivojlantirish, himoya qilish faqat tilchi yo adabiyotchining, jurnalist yoki muallimning vazifasi emas, shu tilga daxldor barchamizning burchimiz ekanini unutmaylik!



Zohid SHAKAROV,

Davlat test markazi direktorining maslahatchisi


"Yangi O‘zbekiston" gazetasining 171-sonidan olindi


Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!


Bizning manzil:

http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep

11.09.2020 3315