"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Til – xalq tafakkuri ko‘zgusi

O‘zbek xalqi qadim-qadimdan tabiat bilan hamnafaslikda yashab, ijtimoiy turmushning turli jabhalarida o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgani uning milliy qadriyatlarida, urf-odatlarida, an’analarida o‘z aksini topgan. Shu tariqa xalq tafakkurining tarkibiy qismi hisoblangan til taraqqiyotida ham o‘zgarish va rivojlanishlar sodir bo‘lishini har bir davrning o‘zi taqozo etishini inkor etib bo‘lmaydi.
Ko‘pchilik “ekologiya” deganda faqat tevarak-atrofimizdagi tabiatni, tog‘u toshlarni, daryo-ko‘llarni ko‘z o‘ngiga keltiradi. Bu to‘g‘ri. Ammo inson qalbi, his-tuyg‘ulari, jumladan, tili ham himoyaga muhtoj ekanini unutmasligimiz kerak.
Abdulla Oripov “Qo‘riqxona” she’rida yozganidek,

Oqibatni asrang, oqibat guyo
Ayiqdek qaydadir topmasin zavol.
Hayoni asrangiz, kuymasin hayo,
Otashga duch kelgan palopon misol.


Bunday tashbehlarni ona tilimizga nisbatan ham qo‘llash mumkin. Shu ma’noda, “til madaniyati” degan tushuncha bilan bir qatorda “til ekologiyasi”, “til muhofazasi” ham yonma-yon qo‘llab kelinadi. Mamlakatimizda keyingi yillarda ekologiya masalalariga jiddiy e’tibor qaratilib, xalqimiz ongida bu borada jiddiy o‘zgarishlar yuz berayotganini ko‘pchilik e’tirof etadi. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida bu borada olib borilayotgan ishlar esa bu jarayonga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi. O‘ylaymizki, soha mutaxassislari, tilshunoslar uchun bizning bu borada olib borayotgan ishlarimiz boy ilmiy izlanishlarga manba bo‘lib xizmat qiladi.
Aytish lozimki, har bir kishi o‘zi shug‘ullanadigan kasb-korining past-balandini yaxshi bilgani holda o‘sha kasb-korga oid atamalarni hayotiy tajribasidan va ko‘nikmalaridan kelib chiqqan holda to‘g‘ri qo‘llashni odat qiladi. Ammo afsuski, keyingi paytlarda matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda atamalarni bilib-bilmay qo‘llayverish turli anglashilmovchiliklarga olib kelmoqda. Bunday holatlar tilimizning boyishi uchun emas, aksincha, uning obro‘-e’tibori tushishi uchun xizmat qiladi. Shu tufayli asrlar davomida shakllangan ohorli xalq tiliga zarar yetib qolishi hech gap emas. Yaqinda bir ko‘rsatuvda boshlovchi bemalol “qo‘ylar podasi” deb ishlatayotgani qulog‘imga chalinib qoldi. Axir xalq orasida bunday ibora hech qachon qo‘llanilmaydi. Mayda shoxlilarga suruv, yirik shoxlilarga poda, yilqiga uyur, qushlarga gala atamalari qo‘llanishini oddiy odamlar juda yaxshi bilishadi. Yoki “echkining bolasi”, “qo‘yning farzandi” kabi inson zotiga oid iboralarni bemalol hayvonot olamiga nisbatan ham ishlatilaverishi ona tilimizga nisbatan hurmatsizlik sanaladi.
Har yili “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilingan sana yaqinlashaversa, til bo‘yicha mutaxassislar ham, matbuot ham darhol harakatga kirib qolishadi til mavzusidagi kompaniyavozlik boshlanib ketadi. Holbuki, til non kabi kunlik ehtiyojini ta’minlovchi tabiatning beqiyos mo‘’jizasidir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida xalqimizning ko‘p asrlik madaniy, ilmiy-ma’rifiy va badiiy tafakkuri, intellektual salohiyatining yorqin va bebaho mahsuli bo‘lgan o‘zbek tili jahondagi boy va qadimiy tillardan biri ekaniga e’tibor qaratiladi. “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning yangi, yanada yuksak bosqichiga ko‘tarilgan bugungi kunda ona tilimiz tom ma’noda davlat tiliga aylanib, beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi. Uni ko‘z qoracho‘g‘idek asrab-avaylash esa barchamizning muqaddas burchimiz ekanligini unutmasak, bas!

Sultonmurod TASHIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish davlat qo‘mitasining raisining
maslahatchisi.
09.06.2020 191