"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

MAQSAD SARI INTILSAK NATIJAGA ERISHAMIZ

Maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy aytadi: “Har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadigan oyinai hayoti — bu til va adabiyotidir. Milliy tilni yo‘qotish millatning ruhini yo‘qotishdir”.

Yuz yil avval aytilgan ushbu jumla go‘yoki kelajak avlod taqdirini bashorat qilib ketgandek. Bugun til bilan bog‘liq muammolarimizning sababi aynan Avloniy tilida aytilgan so‘zlardir.

O‘tgan asrda til, millat ruhi, milliy g‘oya bilan bog‘liq ko‘p yo‘qotishlar bo‘ldi. Buni inkor etmaymiz. Bugun esa muammolarni tizimli ravishda bartaraf etishga bel bog‘laganmiz. Bunda har birimiz masʼuliyatni his qilgan holda islohotni o‘zimizdan boshlashimiz kerak. Farmatsevtika tarmog‘ida ham davlat tili bilan bog‘liq muammolar bor, buni inkor etmaymiz. Shunisi aniqki, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha bugun aniq amaliy ishlar qilinmoqda. Masalan, ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasi o‘zbek tilida chop etilmoqda. Agentlik huzuridagi Dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalari ekspertizasi va standartizatsiyasi davlat markazida atama komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Farmatsevtika sohasida xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqarilmoqda. Ichki ish yuritishni davlat tilida tashkil etish bo‘yicha reglament ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilgan.

Yaqinda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan tashkil etilgan yig‘ilishda baʼzi dorixonalarning “apteka” deb nomlanishi xususida so‘z bordi. Shuni aytish mumkinki, dorixona so‘zi atama hisoblanib, dori vositalari va tibbiyot buyumlari chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi muayyan bir obyektga berilgan umumiy nomdir.

Dori vositalarining chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi subyekt avval vakolatli davlat tashkiloti tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tadi va nomga ega bo‘ladi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-dekabrdagi qaroriga muvofiq, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining hududiy bo‘linmalariga dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana savdosini amalga oshirishga litsenziya olish yuzasidan murojaat qiladi.

Agentlikning masʼul xodimlari Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-mayda tasdiqlangan Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishni litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq ish yuritadi. Mazkur nizomning “Litsenziya talabgorining litsenziya talablari va shartlariga muvofiqligini o‘rganish bo‘yicha xulosa” varag‘ida “peshlavha” bo‘lishi kerakligi, uning davlat tilida yozilishi majburiy emasligi belgilangan. Shuning uchun tadbirkorlik subyektlari o‘z istagiga qarab “dorixona” yoki “apteka” atamalaridan foydalanadilar.

Bugungi kunda tadbirkorlik subyektlariga nom berishda tanqidlarga sabab bo‘layotgan mantiqsiz nomlar tez-tez uchramoqda. Nom tanlash masalasi bilan bog‘liq muammoni hal etishda ham tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish talabi paydo bo‘lmoqda.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, muammolarni sanab o‘tish emas, ularni tizimli ravishda bartaraf etishimiz kerak. Tadbirkorlar tomonidan nom tanlashga jiddiy eʼtibor qaratmaslik holatlarining oldini olish uchun hamma birdek harakat qilmog‘i lozim.

Shunisi eʼtiborliki, til masalasidagi bugungi bahs-munozaralarimiz uzoq yillik tarixga borib taqaladi. Bu o‘lka fuqarolari doim o‘z tili, madaniyati, urf-odati uchun kurashgan. Buni qarangki, Navoiy ham bu masalani mavzu sifatida tanlab, turkiy tilning boshqa tillardan kam emasligini isbotlagan.

XX asrda ijod qilgan maʼrifatparvar jadidlar ham til masalasiga eʼtibor qaratib, o‘sha davrning muammolarini keltirib o‘tadilar. Masalan, Behbudiy yaktillikni adabiy tilda ko‘rsa, Zohiriy millatning obro‘sini adabiyotning qay darajada rivojlangani bilan bog‘laydi. Ibrat bu mavzuga to‘xtalar ekan, “Ota-onasi turkiy, shahari turkiy, tili forsiy, bugun bizning tilimiz rusiy, turkiy, arabiy hammasidan ixtilot bo‘lgan bir omixta til bo‘lib turubdur”, deb kuyunadi.

Yangilanayotgan O‘zbekistonda davlat tili bilan bog‘liq islohotlarda oldinga qadam tashlayapmiz. Qonunchilikdagi bo‘shliqlar to‘ldirilmoqda. Rahbarlarning masʼuliyati va majburiyati belgilanmoqda. Endi gap ijrochilarda. Ijro intizomini mustahkamlasak, ko‘rsatmalar bajarilsagina, biz aniq bir natijaga erishishimiz mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, maqsad sari ildam qadam tashladikmi, ko‘ngilni chetga surib turaylik. Aks holda ko‘ngil ko‘chalarida adashib, maqsadga yeta olmay, muammolar girdobida qolib ketishimiz hech gap emas.


Sherzod XOLMATOV,

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktorining maslahatchisi

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!

Bizning manzil:

http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep


14.09.2020 3268