"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Prezidentimga maktub!

Assalomu-alaykum muhtaram Shavkat Miromonovich,

2020-yil 23-sentyabr kuni Sizning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Davlat tili – O‘zbek tilidagi chiqishingizni butun xalqimiz, kattayu-kichik, jamoatchilik hech bir mubolag‘asiz, mamnuniyat, faxr va iftixor bilan qarshi oldi. Chunki, shu kuni dunyoni anglagan tilim, allalar tinglagan tilim-o‘zbek tili jahon siyosiy minbarida Siz tomoningizdan jarangladi!

O‘zbek tilidagi nutqingizni eshitib, davlat idorasida ishlayotgan xodim sifatida emas, eng birinchi navbatda shu yurtda yashayotgan oddiy fuqaro, o‘zbek ayoli sifatida men bu chiqishingizni elimizga, ulug‘ ajdodlarimizga bo‘lgan hurmat deb bildim. Shu zaminni, har bir qarich yerini, bir siqim tuprog‘ini muqaddas deb bilish, unda yashayotgan xalqini, tilini e'zozlashning timsoli deb bildim, ajdodlarimizning asrlar osha, hali-hanuz hayotbaxsh va umrboqiy adabiy merosiga, ularning ruhiga sadoqat ramzi deb bildim... Va bu fikrlarimni hech ikkilanmasdan, qog‘ozga tushirib Sizga maktub yo‘lladim.

Sizning xalqaro darajadagi tadbirda butun jahon hamjamiyati oldida o‘zbek tilida nutq so‘zlashingiz, dunyoda o‘zbek degan xalq borligini, millat borligini, uning jozibador tili borligini namoyish etish bilan bir qatorda, xalqining tinchligi va osoyishtaligi, farovon hayot kechirishi uchun o‘z eliga fidoiy, o‘zbekning chin farzandi O‘zbekistonni boshqarayotganligi yana bir bor o‘zining amaliy ifodasini topdi.

Shubhasiz, bu har birimizga, faxr-iftixor baxsh etishi bilan bir qatorda, qaysi kasb egasi va qanday lavozimda bo‘lishimizdan qat'iy nazar, o‘zbek tilini g‘ururimiz, millatimizning ruhi sifatida qadrlash va uni asrab-avaylashga daxldorlikni his etishga chaqirdi.

Muhtaram Shavkat Miromonovich, Sizga eng avvalo sihat-salomatlik tilagan holda, millatimiz ravnaqi, yurtimiz kelajagi va eng asosiysi, xalqimizning farovon turmush kechirishi yo‘lida olib borayotgan ezgu ishlaringizda muvaffaqiyat tilayman!


Nasiba Mamaraimova

25.09.2020 3591