"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Asta-sekin saʼy-harakatlarimizning samarasini ko‘rmoqdamiz

Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, bugun tilga bo‘lgan munosabat barchamizni xursand qiladigan darajaga yetmoqda. Vaholanki, o‘sha 1989-yil o‘zbek tili mavqeyi uchun ozmuncha kurashlar bo‘l­ganmidi?! Asta-sekin bu saʼy-harakatlarimizning samarasini ko‘rmoqdamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi o‘zbek tilida qilgan maʼruzasi O‘zbek xalqi uchun ulkan bir tarixiy voqea bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu maʼruza butun o‘zbek xalqiga g‘urur va iftixor bag‘ishladi. Ota-bobolarimizning ruhlari shod bo‘ldi desam, bu ham ayni haqiqat.

Hech kim o‘ylamagandiki, bizning ona tilimiz xorijiy davlatlarda nufuzli anjumanlarda jarang sochadi deb.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 23-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga tashrifi chog‘ida ziyolilarga qarata: “Ona tilimizning boyligini, unga bo‘lgan hurmatingiz va muhabbatingizni tilimizni dunyo­ga tarannum etish bilan ko‘rsatishingiz kerak”, degan edi. Prezidentimiz mana shunday ulug‘vor ishga tayyor ekanligimizni ko‘rsatib, yana bir bor ona tiliga bo‘lgan hurmatimiz, muhabbatimiz cheksizligini isbotlab berdi.

Yana bir sammitni eslatmoqchiman. Prezidentimiz Hindiston safarida, “Jo‘shqin Gujarat” sammiti chog‘ida o‘zbek tilida nutq so‘zlagan edilar. Ochig‘ini aytsam, men o‘zimni qo‘yarga joy topa olmay qolgandim.

Bu – o‘zbek tilining dunyo sahnasiga chiqishi, ulug‘ jarayonning boshlanishi ekanligini o‘shandayoq sezgandim. Axir, xalqaro anjumanlarda har bir millat o‘z ona tilisida maʼruza qilsa-yu, biz nima uchun rus yoki boshqa chet tilida maʼruza qilishimiz kerak. Nima, o‘zbek tilining ulardan kam joyi bormi?


Navoiy viloyat hokimining maslahatchisi

Q.Astonov

25.09.2020 3241