"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Olam uzra jaranglagin, jon ona tilim!

2020-yil 23-sentyabr kuni ulkan tarixiy voqea sodir bo‘ldi, desa mubolag‘a bo‘lmas. Shu kuni Bosh Assambleyaning yetmish beshinchi sessiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti tarixida birinchi marta butunlay yangi formatda – koronavirus pandemiyasi tufayli onlayn muloqot rejimida bo‘lib o‘tdi. 200 ga yaqin davlatlarni o‘z atrofida birlashtirgan – Birlashgan Millatlar Tashkilotining navbatdagi Assambleyasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tilida nutq so‘zladi. Yurtboshimizning eng yuksak minbardan turib nutq so‘zlashini nafaqat o‘zbekistonliklar, balki butun jahon katta qiziqish bilan tingladi. Ushbu ma'ruzani oynai jahon, radio, ijtimoiy tarmoqlar orqali tinglagan ko‘pchilikning ko‘zlariga sevinch yoshlari qalqidi. Chunki o‘tmishda o‘z yurtida bo‘la turib o‘z tilida so‘zlashdan, murojaat etishdan mahrum bo‘lgan, erki, g‘ururi toptalgan xalq uchun o‘zbek tilidagi chiqish chinakam ma'noda buyuk jasorat va iftixor bo‘ldi. 

Prezidentimiz o‘z ma'ruzasida O‘zbekiston xalqi endi ortga qaytib bo‘lmas darajada mustaqil taraqqiyot yo‘lini belgilab olganini, bu yo‘ldan sobitqadamlik bilan milliy yuksalishga yuz tutganini faxr bilan ta'kidladi. Darhaqiqat, mamlakatimizda barcha sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlat tilini rivojlantirish ishlari jadal tus olgan. Davlat tiliga e'tibor orqali xalqning milliy g‘ururi yanada yuksalmoqda. Ko‘cha va binolarga ilingan o‘zbek tilida bo‘lmagan reklama, ko‘rgazmali vosita va peshlavhalar davlat tilida yozilgani bilan almashtirilmoqda. Aholi va partiyalarning siyosiy faolligi ortishi natijasida davlat tiliga e'tibor yanada kuchaymoqda. Geografik va boshqa toponimik obyektlar, madaniy meros obyektlari nomlanishi qonun hujjatlariga muvofiq qayta nomlanmoqda. Barcha davlat tashkilotlari va muassasalarida ish yuritish davlat tilida amalga oshirilmoqda. Davlat tilini o‘rganish istagida yoki davlat tilida ish yuritish bo‘yicha malakasini oshirmoqchi bo‘lgan xodimlarga imtiyozlar yaratilmoqda. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “Davlat tilida ish yuritish” va boshqa ko‘plab kitoblar ko‘p nusxada chop etilib, davlat va nodavlat tashkiloti, idoralariga bepul taqdim etilmoqda. Shuningdek, mazkur kitoblarning taqdimoti xorijiy davlatlardagi O‘zbekiston elchixonalari va konsullik bo‘limlarida katta qiziqish va xursandchilik bilan o‘tkazilmoqda. Har bir sohada o‘zga tillardan kirib kelgan ilmiy atamalarning o‘zbek tilidagi muqobili yaratilib, iste'molga tatbiq etilmoqda.  

Darhaqiqat, davlat tiliga e'tibor, uning nufuzini oshirish bo‘yicha amaliy ishlar ancha jonlandi. Muhtaram Yurtboshimizning yuksak minbardan turib, o‘z fikrini o‘zbek tilida aytishi, ezgu maqsadlar yo‘lida dunyo ahlini O‘zbekistonga chorlashi barcha o‘zbekistonliklar uchun ham ibrat ham iftixor bo‘ldi. Chunki o‘zligini anglagan, milliy g‘ururi bor, milliy ongi yuksalgan, o‘z tiliga ega bo‘lgan xalqgina boshqa xalqlar o‘rtasida o‘z mavqeyi, nufuziga ega bo‘ladi. Buyuk  ajdodlarimiz ham asrlar osha mana shunday ulug‘ kunlar kelishini intiqlik bilan kutishgan. Biz dunyoda 50 milliondan ko‘p aholi so‘zlashadigan, buyuk til tarixiga ega bo‘lgan O‘zbek farzandimiz. Zero, ona tili — millatning ruhi demak. Til — davlat timsoli, mulki. Tilni asrash, rivojlantirish, boyitish milliy yuksalishdir.


O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat 

qo‘mitasi raisining maslahatchisi 

Malika Abduhakimova

27.09.2020 3228