"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

TURKIY TILDAGI BEBAHO BOYLIGIMIZ

Alloma, shoiru yozuvchilarning nodir, o‘lmas asarlarida ona tilimizning lug‘at boyligi, badiiy imkoniyatlari, uning go‘zalligi va nafosati yorqin namoyon bo‘ladi. Bizgacha yetib kelgan qadimiy yozma yodgorliklar, badiiy asarlar ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosidir. Qadimiy yozma yodgorliklardan Xuastuanift, O‘rxun-Enasoy obidalari, Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Ahmad Yugnakiyning “Hibbatul haqoyiq”, Ahmad Yassaviyning “Hikmatlar”, Nosiriddin Burhoniddin Rabg‘uziyning “Qisasi Rabg‘uziy” (“Qisasi anbiyo”), Alisher Navoiyning “Xamsa” va boshqa ko‘plab asarlar orqali tilimizning shakllanish, rivojlanish bosqichlari, jo‘nligi, boyligini ko‘rish mumkin.


Nosiriddin Burhoniddin Rabg‘uziyning payg‘ambarlar tarixi haqida eski turkiy tilda yaratilgan “Qisasi Rabg‘uziy” (“Qisasi anbiyo”) asari hozir ham sevib o‘qiladigan nasriy asarlardan biridir. Rabg‘uziyning hayoti va ijodi to‘g‘risida bizgacha juda kam maʼlumot yetib kelgan. U XIII asrning oxiri XIV asr boshlarida Xorazmning Raboti o‘g‘uz degan joyida yashab ijod qilgan. Taniqli adabiyotshunos olim, professor Natan Mallayev Rabg‘uziy so‘zi Raboti o‘g‘uzning birikuvidan kelib chiqqanini aytadi.


Yetuk ulamo va dindor oilasida dunyoga kelgan Rabg‘uziyga o‘sha davrda mamlakatda hukmron bo‘lgan, islom dinini qabul qilgan mo‘g‘ul beklaridan biri bo‘lgan Nosiriddin To‘qbug‘a payg‘ambarlar tarixi haqida asar yaratish topshirig‘ini beradi. Olimlar maʼlumotiga ko‘ra, asar hijriy 709-yilda, milodiy 1309-1310-yilda yozilgan. Asar ilk bora turkiy tilda ulkan salohiyat bilan bitilgan bo‘lib, bora-bora “Qisasul-anbiyoi turkiy” nomi bilan shuhrat topdi.


Taniqli turkiyshunos va tilshunos olim Ergash Fozilovning qayd etishicha, asarning kattagina qismi V.Radlov, V.Tomsen, M.Melioranskiy, E.Malov, L.Kotvich, Fon Gaben, G.Ramstedt, N.Kononov, P.Sime, Bosim Atalay, N.Najib singari atoqli rus va xorijiy turkiyshunos olimlar tomonidan tadqiq etilgan.


“Qisasi Rabg‘uziy” olam va odamning yaratilishi, yo‘ldan adashishi, komillik sari intilish, Odam Ato zurriyodlari haqidagi g‘oyat qiziqarli va ishonchli maʼlumot beruvchi qissalar majmuasi hisoblanadi. Osmon va yer, jannat va do‘zaxning nomlanishi, tavsiflanishi, payg‘ambarlar, ularning shajaralari, voqealar rivoji Qurʼon oyatlari bilan asoslanishi, baʼzi masalalarga savol-javob usulida xulosalanishi asarning g‘oyaviy-badiiy, maʼnaviy qiymatini oshiradi.


Asar adabiy va tarixiy manbalarga tayanib yozilgan, shuningdek, qissadan hissa chiqarish, til xususiyatlari bilan boshqa asarlardan ajralib turadi.


Asar “xabarda andog‘ kelur”, “hikoyatda kelur”, “taqi xabarda andog‘ kelur”, “Kalbiy rivoyatincha”, “rivoyatda kelur”, “hikmat”, “maqsudg‘a kelduk”, “yana maqsudg‘a keldimiz”, “naqldurkim”, “aymishlar” va boshqa shu kabi kirish so‘zlari bilan boshlanadi. Bu esa o‘quvchi diqqatini o‘ziga yanada jalb etadi.


Tadqiqotchi Z.Shukurovaning fikricha, “Qisasi Rabg‘uziy”ning tili sodda, ravon, ixcham va xalqchil bo‘lgani sabab aholining barcha tabaqasi uchun tushunarli bo‘lgan. Darhaqiqat, yetti asr oldin eski turkiy tilda yaratilgan asar bo‘lishiga qaramay, hozirgi o‘zbek adabiy tilida so‘zlashuvchi kitobxonga tushunarli.


Baʼzi so‘zlar yillar, asrlar davomida eskirib, isteʼmoldan chiqqan yoki boshqa shaklga o‘zgargan. Masalan: aydi – aytdi; teb – deb; qattig‘ – qattiq; quzug‘ – quduq; yel esandi – yel esdi, shamol turdi; yo – yoy; andog‘ – shunday; gilim – yerga to‘shalgan palos, gilam; sichg‘on – sichqon; yilon – ilon; qarlug‘och – qaldirg‘och va boshqalar.


Boshqa tillardan kirib kelgan yangi so‘zlar hisobiga yoxud vaqt o‘tishi, turli ijtimoiy-siyosiy voqealarning sodir bo‘lishi hisobiga ayrim so‘zlar isteʼmoldan chiqqan. Xususan, telim – ko‘p, ziyod; abushqa – keksa, qari, nuroniy; hirfa – kasb, hunar; ivuq – kiyik; ikagu – ikkovlon, ikkalasi; bag‘irsoq – mehribon, rahmdil, oq ko‘ngil; yig‘och – taxminan 9 km. keladigan masofa birligi; kalaz – chumchuq; ovuch – hovuch, kaft; ashoq – past; sig‘log‘ – tish og‘rig‘i; uluv – oliy, buyuk; chichala – jimjiloq; ev – uy; yalchiq – oy; yegragi – yaxshirog‘i, ajoyibrog‘i, afzali; o‘g – es, hush va boshqa so‘zlar. Xulosa qilib aytganda, turkiy tilda yaratilgan barcha asar va qo‘lyozmalar bizning o‘zligimizni, tariximizni, maʼnaviyatimizni ko‘rsatib beradi. Ko‘p asrlar davomida yaratilgan adabiyot tufayli o‘zbek tili juda rivojlandi, boyidi. Tilimizning boyib, sayqallanishida Nosiriddin Rabg‘uziyning “Qisasi Rabg‘uziy” asari katta ahamiyatga ega. Ibratli hikoyat va qissalarga boy, diniy, tarixiy, falsafiy, badiiy, lisoniy jihatdan betakror bo‘lgan mazkur asar nafaqat yoshlarni, balki barcha qatlamdagi kitobxonlar maʼnaviyatini oshiradi.


Zero, tilimizni, adabiyotimizni, tariximizni dunyoga tanitishda shunday asarlarni, avvalo, o‘zimiz chuqur bilishimiz zarur. Bu esa har birimizga faxr va zavq bag‘ishlaydi.


M.Abduhakimova,
O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisining maslahatchisi

MANBA: "Yangi O
‘zbekiston" gazetasining 2020-yil 29-sentyabrdagi, 186-soni



29.09.2020 4429