"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

DONOLARIMIZ MILLAT TILI HAQIDA

Barchaga ayonki, millatning millat bo‘lib yuksalishida davlat tilining ahamiyati katta. U har qanday davlatning tarixiy taraqqiyoti negizida vujudga kelgan, o‘zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning in’ikosi, avlodlar o‘rtasidagi ruhiy-ma’naviy bog‘liqlik vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois davlat tili tarixiy an’ana asosida muayyan davlat hududida istiqomat qiladigan barcha xalqlar mavjud tillaridan birini umum til deb tan olinadi. Davlat tili mamlakatda yashaydigan turli millat va elatlar yakdilligini ifoda etadi. Xalqning davlat sifatida rivojlanib, yuksalishiga asos bo‘ladigan boshqa omillar kabi davlat tili shu yurtda yashovchi fuqarolarning or-nomusi, g‘ururi kabi ulug‘lanadi. Buyuk ajdodlardan avlodlarga bebaho meros sifatida o‘tib kelayotgan ona tilimizni asrab-avaylash, uni boyitish, mavqeini yanada oshirish borasidagi fikrlari, kuzatishlari, xulosayu nasihatlari qalbida milliy g‘ururi bor, o‘zligini anglagan har bir yurtdoshimizga qiziq. 

Ma’lumki, O‘rta Osiyoning qanchadan qancha olimu ziyolilarimiz dunyoda katta ilmiy-ma’naviy meros qoldirdilar. Ular o‘z asarlarida millat tiliga alohida e’tibor qaratdilar. Jumladan, ming yildan ziyod oldin yashagan Abu Nasr Forobiy o‘zining “Fozil odamlar shahri” asarida odamlar orasida bog‘lanishga quyidagicha ta’rif beradi:

“...Yana ba’zilar  o‘ylashicha, odamlar o‘rtasidagi bog‘lanish robitalari shu odamlarning xulq-atvori, tabiati, fe’li va tilining umumiyligina asoslanadi. Har bir xalq o‘ziga xos mana shunday xususiyatlarga ega. Shu tufayli har bir xalq vakillari boshqa xalq vakillariga aralashib, qo‘shilib ketmasligi kerak. Chunki, turli xalqlar xuddi ana shu xususiyatlari bilan farqlanib turadi”. Darhaqiqat, odamlar o‘rtasidagi tilning umumiyligi ularni yakdilligiga, birlashuviga sabab bo‘ladigan omillardan biridir. Tilda ifoda etilgan buyum, hodisa va raqamlar milliy ongda o‘z ifodasini topadi. O‘zligini anglagan, milliy ongi yuksalgan, o‘z tiliga ega bo‘lgan xalqgina boshqa xalqlar orasida o‘z mavqeiga ega bo‘ladi.

Yana bir ulug‘ ajdodlarimizdan biri Abu Rayhon Beruniy o‘z ona tilidan tashqari arab, sug‘diy, fors, suryoniy, yunon va qadimiy yahudiy, sanskrit tillarini puxta o‘rgangan olimlarimizdan hisoblanadi. Boshqa tillardan o‘z tiliga tarjima qilish jarayonida “Agar tarjimalarimizda ishlatgan so‘zlarimiz odatda ishlatilganiga to‘g‘ri kelmasa, ma’nolariga e’tibor berilsin, chunki maqsad ma’nolarni bilishdir”, deya ta’kidlaydi. Hozirgi kunda tilimizning yanada sofligini asrash, yot tushunchalarning atamalarining o‘z tilimizdagi muqobilini izlab topish, ularni iste’molga kiritish nafaqat tilshunoslar, balki tarixchilar, sharqshunoslar, huquqshunoslar, matematiklar orasidagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda ilm-fanning taraqqiyoti natijasida o‘zga tillardan iste’molga kirib kelayotgan tushunchalarning ko‘payib borayotgani sababli ularning muqobil atamalarini izlash vaqti-soati etdi.

Ma’lumki, turkigo‘y shoir, mutafakkir, davlat arbobi Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” dostonini yaratgan. Turkiy tilning mavqeini oshirish, uning madaniy adabiy hayotdan o‘ziga munosib o‘rin egallashi uchun kurashgan. 

O‘gush so‘zlama so‘z biror so‘zla oz,

Tuman so‘z tugunin biror so‘zda yoz.

(Ya’ni, ko‘p so‘zlama, shunday oz so‘zlaki, fikr ko‘p ma’noli bo‘lib, biror so‘z bilan yoz /ifodala/).  Adabiyotda, aniqrog‘i she’riyatda qisqa, lo‘nda so‘zlar keng mazmunni qamrab bilish ijodkorning zehnli va zukkoligi, salohiyatidan dalolatdir.    

Yusuf Xos Hojibning fikricha, til bilimli va zakovatli bo‘lishning asosiy vositasidir. Odam tilning sharofati bilan o‘z bilimi, aql-idrokiga sayqal beradi, fikrini oydinlashtiradi. Kishining qadr-qimmatini oshiradigan ham, tushiradigan ham tildir:

Zakovat, bilimga kalitdir bu til,

Yoritguvchi erni ravon tilni bil.


Kishin til ulug‘lar, topar qut kishi,

Kishin til tubanlar, yorilar boshi.


Zehn ko‘rki so‘zdir, bu til ko‘rki so‘z,

Kishi ko‘rki yuzdir, bu yuz ko‘rki ko‘z.

      

Turkiy tilda go‘zal asarlar yaratib, tilimizning mavqeni oshirishga katta hissa qo‘shgan Ahmad Yugnakiy, Mahmud Koshg‘ariy, turkiy tasavvuf she’riyatining birinchi ijodkori Ahmad Yassaviy Yaqin va O‘rta Sharqda mashhur bo‘lishgan. Yagona milliy adabiy tilimiz XII asrdayoq shakllanib bo‘lgan edi. Bunga ulug‘ mutasavvif olim Ahmad Yassaviyning “Devoni hikmat” asari yaqqol isbot bo‘la oladi. Turkiy adabiyotda hikmatnavislik an’anasini boshlab bergan “Devoni hikmat” orqali o‘z ona tilini ilk bora tariqat tili maqomiga ko‘tardi. Ahmad Yassaviy “Har bir kishining so‘zi – o‘z fazilatlarining dalili va aqlining tarjimonidir”, deydi. Kishi qaysi tilda tafakkur qilsa, shu tilda bemalol gapiradi. Til va tafakkur o‘zaro ajralmas, chambarchas hodisalardir. Ammo bular bir narsa emas. Til ham muomala vositasi ham bilish vositasi hisoblanadi. Shu bois kishining gapiradigan so‘zi, tili uning fazilatu nuqsonlarini ko‘rsatuvchi ko‘zgu, aqlining tarjimonidir.

Mo‘g‘ullar istibdodidan yurtimizni ozod va obod qilishda buyuk sarkarda ajdodimiz Amir Temurning xizmatlari katta. Tarixiy asarlarda uning nafaqat buyuk sarkarda, balki davlat, ilm-fan arbobi, ma’naviyat homiysi bo‘lganligi to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotlar mavjud. Xususan, Ibn Arabshoh Sohibqironning fors, turk va mo‘g‘ul tillarida mukammal so‘zlashganini yozadi. Alisher Navoiy esa Amir Temur o‘zi she’r yozmasa-da, nasr va nazmni juda yaxshi bilganini, kerakli paytlarda baytlardan mohirona foydalanganligini yozib qoldirgan. 

Ona tili homiysi. U o‘zbek tilini birinchi marta rasmiy muomalaga olib kirdi. Farmonlar, yorliqlar va xatlar arab, fors tillari qatori o‘zbek tilida ham yozila boshlandi1. 

Amir Temur o‘z hukmronligi davrida o‘zbek tilini rasmiy til sifatida, ya’ni davlat tili sifatida maqomini ko‘targan. Shu tilda “Tuzuklar”ini bitgan. Sharofiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida Amir Temur tomonidan uyushtirilgan anjumanlar haqida: “Yaxshi ovozli xonandalar kuylashni boshlab, g‘azalu naqsh aytur edilar. Va turku mo‘g‘ul, xitoyu arab va ajamdin har kim o‘z rasmi bilan nag‘ma aytur erdi”. 

Tarixda buyuk mutafakkir Alisher Navoiydek turkiy til nufuzini tarixda oshirgan shaxs bo‘lmasa kerak. O‘zbek mumtoz adabiyoti xazinasini Hazrati Navoiysiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki u zotni ko‘pchilik “So‘z mulkining sultoni”, “Turkiy til asoschisi” deya e’tirof etadi. 

Husayn Boyqaro: “Aning nazmi vasfida til qosir va bayon ojizturur”.

Abdurahmon Jomiy “Bahoriston” asarida: “…turkiy tilda hech kim Navoiydek ko‘p va xo‘p she’r aytmagan hamda nazm gavharlarini sochmagan edi”.

Muhammad Haydar Mirzo “Tarixi Rashidiy”da: “Undan avval va undan keyin hech kim turkiy tilda she’rni undan ko‘proq va undan yuksakroq yozolgan emas. U forsiy she’rni ham ko‘p yozgan”.

Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da: “Alisherbek naziri yo‘q kishi edi. Turkiy til bila to she’r aytubturlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas”.

Jahon adabiyoti durdonalari qatorida  turkiy tilda “Xamsa”, “Xazoyin ul maoniy” (“Chor devon”) kabi yirik asarlar yaratib, “Muhokamatul-lug‘atayn”i bilan turkiy tilni arab va fors tillaridan qolishmasligini isbotlab bergan. 

Uning quyidagi misralari barchamizga deyarli yod bo‘lib ketgan:

Chunki toptim ul kalom ichra kamol,

Turk alfozi bila surdum maqol…

Turk nazmida chu men tortib qalam,

Ayladim ul mamlakatni yakqalam…

Yoki 

Men turkcha boshlabon rivoyat,

Qildim bu fasonani hikoyat;

Kim shuhrati jahonga to‘lg‘ay,

Turki bila dag‘i bahra olg‘ay.

Chunki bu kun jahonda atrok

Ko‘ptur xush tab’, sof idrok…

Yuqoridagi adabiyot olamining yirik namoyandalarining Mir Alisher Navoiy haqidagi fikrlarini, shuningdek, mutafakkirning she’riy parchalarini har yili o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan o‘tkazilgan adabiy-ma’rifiy kechalarda faxr bilan xotirlaymiz. Shu bois 21-oktabrni ham nishonlashni Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yish, uning asarlarini mutolaa qilib, uni targ‘ib qilishdan boshlanadi.

XIX-XX asrlarda jamiyatimiz hayotining barcha sohalarini isloh qilish, mavjud tartiblarni o‘zgartirish yo‘lidan borgan ko‘plab ma’rifatparvar ziyolilarimizning millat tili haqidagi fikrlariga to‘xtalmasdan o‘tishning iloji yo‘q. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Avloniy, Elbek, Alixonto‘ra Sog‘uniy va boshqalar tilimizning borligi, sofligi, saqlash zarurati haqida qayg‘urib, jadid adabiyotiga asos soldilar. Abdulla Avloniyning “Turkiy Guliston yoxud axloq” asarida “Hifzi lison” bo‘limi mavjud bo‘lib, unda shunday yoziladi:

“Hifzi lison deb har bir millat o‘z ona til va adabiyotini saqlamagini aytilur. Har bir millatning dunyoda borlig‘in ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur. Hayhot! Biz turkistonlilar milliy tilni saqlamak bir tarafda tursun kundan-kun unutmak va yo‘qotmaqdadurmiz. Tilimizning yarmiga arabiy, forsiy ulangani kamlik qilub, bir chetiga rus tilini ham yopishdurmakdadurmiz. Durust, bizlarga hukumatimiz bo‘lg‘on rus lisonini bilmak hayot va saodatimiz uchun osh va non kabi keraklik narsadur. Lekin o‘z erinda ishlatmak va so‘zlamak lozimdur. Zig‘ir yog‘i solub moshkichiri kabi qilub, aralash-quralash qilmak tilning ruhini buzadur”.

Avloniy ta’kidlaganidek, milliy tilni yo‘qotmak millatning ma’naviy dunyosi, ichki ruhiy holati, kayfiyati, kechinmalariyu his-tuyg‘ulari, maqsadu maslagini yo‘qotish bilan barobar. Milliy ruhi bo‘lmagan xalq albatta boshqa xalqqa tobe bo‘ladi. Boshqa millatga tobe bo‘lgan xalqning boshqa davlatlar orasida hurmati, o‘rni bo‘lmay qoladi, natijada qaram, mustamlaka davlatga aylanadi. 

Avloniy tilni boyitish maqsadida boshqa tillardan foydalanishning ham o‘z yo‘llari, usullari, o‘rni borligiga alohida e’tiborni tortadi. Hozirgi o‘zbek adabiy tilimizga boshqa tillardan kirib kelayotgan yangi atama (termin)larning eski qadimiy nomlanishini yoki unga muqobil bo‘ladigan atamalardan foydalanish zarurati nihoyatda dolzarb masala hisoblanadi. 

O‘zbekiston davlat mustaqilligiga erishishdan oldin, ya’ni 1989-yil 21- oktabrda muhtaram Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahbarligida uning tashabbusi va ko‘rsatmasi bilan “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan. Unga ko‘ra, o‘zbek tili – davlat tili etib belgilangan. 30 yildan ziyod vaqt o‘tdiki, har yili 21-oktabr sanasini o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun deya nishonlanib, bu voqeaning o‘zi istiqlolimizning debochasi, millat ruhining tantanasi sifatida faxr bilan e’tirof etamiz. 

Shuningdek, o‘zbek tili ozod O‘zbekistonning davlat tili ekanligi haqidagi qoida Asosiy Qomusimizda ham mustahkamlab, belgilab qo‘yilgan. Bu borada Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – engilmas kuch” asarida “1992-yil 7-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan aniq belgilanib, mustahkamlab qo‘yildi. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi, Konstitutsiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollardan biriga aylandi”, - deya ta’kidlagan edi. 

Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida milliy ma’naviyatimizning ajralmas qismi bo‘lgan ona tilimiz mavqeini ko‘tarish bo‘yicha yana bir amaliy qadam tashlandi. Davlatimiz rahbari 2019-yil 21-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan katta anjumanda “Har birimiz  davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni, ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak”, dedi. Shu kuni Prezident “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga imzo qo‘yganligini ta’kidlab, 21-oktabr sanasi yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilab berdi. Ona tilimizning kelgusi taraqqiyotiga oid ko‘plab masalalar qatorida Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha Departament tashkil qilindi. 

Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, vatanini, xalqini sevadiganlar nafaqat qo‘liga qurol olib ihota qilishi, balki millat tili yo‘lida ham jonbozlik ko‘rsatib himoya qilishi, asrab-avaylashi, tarannum etishi mumkin ekan. Ayni paytda tilimiz ravnaqi yo‘lida qilinishi lozim bo‘lgan amaliy ishlarni o‘zimizdan boshlashimiz darkor. Avvalo o‘z ona tilimizni chuqur o‘rganish orqali boshqa tillarni o‘rganish madaniyatiga amal qilishimiz zarur. Ajdodlarimiz tomonidan bizgacha saqlanib, sayqallanib kelayotgan ona tilimizni kelajak avlodlarga sof holda etkazish, shu tilda go‘zal asarlar yaratish, xalqaro miqyosda ham muloqot vositasiga aylanishini ta’minlash o‘zini vatanparvar hisoblaydigan har bir kishining muqaddas burchi hisoblanadi. Zero, ona tili — millatning ruhi demak. Til — davlat timsoli, mulki. Tilni asrash, rivojlantirish, boyitish milliy yuksalishdir.                                                                                                                     


 Malika Abduxakimova, 

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi 

davlat qo‘mitasi raisi maslahatchisi







11.06.2020 6735