"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

SO‘YLASIN AFROSIYOBU, SO‘YLASIN O‘RXUN XATI...

Bu yil o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 31 yil to‘ladi. Bu tarixiy hujjatning 1989-yil 21-oktabrda, yaʼni mustaqilligimiz qo‘lga kiritilguniga qadar qabul qilingani uning naqadar ahamiyatli ekanini teranroq his qilishimizga imkon beradi.


Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasining mustaqillikka erishish arafasidagi dastlabki dadil qadami o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berishdan boshlandi. Bu bilan tilimizni saqlash, tiklash, asrash, yuksaltirish uchun huquqiy zamin yaratildi. Ushbu normativ-huquqiy hujjat til erki, ozodligi, taraqqiyotining millat taqdiriga, milliy hurriyatga nihoyatda chambarchas bog‘liq ekanini, millat va til taqdiri o‘zaro mustahkam rishta bilan payvand etilganini namoyish etdi.


2019-yil 4-oktabrda davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinishining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori va bu muhim sana munosabati bilan ona tilimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, uning tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishga qaratilgan ommaviy maʼnaviy-maʼrifiy choratadbirlar dasturi qabul qilindi. Aytish joizki, ushbu normativ-huquqiy hujjat qabul qilingach, tilimizga davlat tili maqomi berilganidan keyingi davr mobaynida Til bayrami birinchi marta shu qadar yuksak darajada, katta ehtirom va obro‘ bilan o‘tkazila boshladi. Bu esa davlat tili siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda xalqni birlashtiruvchi qudratli vosita bo‘lib, davlatning chinakam ramziga aylanganidan dalolat beradi.


“Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir”, deyiladi ushbu qarorda. Darhaqiqat, o‘zbek tili bugungi kungacha ko‘p ming yillik tarixiy taraqqiyot yo‘lini mardonavor bosib kelmoqda.


O‘rxun-Enasoy yodgorliklaridagi bitiklardan tortib, hozirgi vaqtgacha yaratib kelinayotgan ilmiy, adabiy, maʼnaviy-maʼrifiy manbalar o‘zbek tilining shakllanish va rivojlanish tendensiyalari, adabiy ifodasi, maʼno qatlamlari, lug‘at tarkibi to‘g‘risida atroflicha va asosli maʼlumotlar bera oladi. Shu bilan birga, keyingi avlod vakillari, XX-XXI asr maʼrifati, adabiyoti namoyandalari, tilshunos va adabiyotshunos olimlar ham o‘z badiiy, ijodiy, ilmiy faoliyati bilan o‘zbek tilining adabiy, maʼnaviy-maʼrifiy boyishi va yuksalishiga katta hissa qo‘shganlarini alohida taʼkidlash lozim.


O‘zbek xalqining buyuk maʼrifatparvari va allomasi Abdulla Avloniy “Har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadurg‘on oynai hayoti til va adabiyotdur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”, deb yozgan edi.


Darhaqiqat, biz ajdodlarimiz qoldirgan moddiy-maʼnaviy merosni, uzoq va yaqin o‘tmish hayot lavhalarini, davlatchiligimizning tarixiy asoslarini, milliy qadriyat va anʼanalarimizni ana shu milliy til vositasidagina yanada chuqurroq anglaymiz, o‘zlashtiramiz, mustahkamlaymiz, kelajak avlodga yetkazilishini taʼminlab bera olamiz.


“Ona tilida fikrlashga, toza gapirishga, nutqingizni har xil yot unsurlardan saqlashga harakat qiling. Qayerda va kim bo‘lmasin, ona tili kamsitilishiga yo‘l qo‘ymasin. Til mavsumiy libos emaski, ob-havoning o‘zgarishiga qarab almashtirilsa, onaizor, Vatan, millat — har biri bittadan, ona tili ham bitta. Agar o‘z xalqingiz orasida gungalaksoqov va yot bo‘lishni istamasangiz, ona tilini puxta o‘rganing. Boshingizga ko‘taring. Kishi boshqa tilda bilimli bo‘la oladi, ammo faqat o‘z tilida bekamu ko‘st bo‘lishi mumkin”, deb yozgan edi ustoz olim G‘aybulla Salomov.


Taʼkidlash joizki, ilmiy-texnik, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy mafkuraviy o‘zgarish va yuksalishlar, dunyoviy hamkorlik va aloqalar bevosita tilga ham o‘z taʼsirini o‘tkazadi: adabiy til lug‘at tarkibida, maʼno qatlamlarida eskirish, yangilanish jarayonlari kechadi, hattoki tilning grammatik tabiatida ham o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Aytmoqchimizki, til vaqt o‘tishi bilan tarix zarvaraqlarida belgilab berilgan qonuniyatlar asosida o‘zgarib, rivojlanib borish xususiyatiga ega. Shunga qaramay, davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni aniqlash va bartaraf etish uchun vakolatli organning zarurati sezilib turardi.


Shunisi quvonarliki, O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi farmoniga binoan, davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tizimida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi va bugungi kunda samarali faoliyat yuritmoqda.


Yangilanayotgan O‘zbekistonning bugungi bosqichi — milliy yuksalish davrida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani ham tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish, ona tilimizning nufuzini yanada oshirish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qo‘llanish doirasini kengaytirish, filolog kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni yangi pog‘onaga ko‘tardi.


Xullas, til jamiyatning asosiy tayanchi, insoniy muloqot-munosabatlarning birlamchi vositasi, millat ruhi va davlatchilik taqdiridir. Har bir xalq va millat, davlat va jamiyatning o‘tmishi, buguni va kelajagini, uning mavjudligini birgina omil — ona tili bildirib turadi. Til muloqot zarurati tufayli yaralgan, bu jarayonda insoniyat yaratgan barcha yangiliklarni, tafakkur mevalarini anglatib, avloddan-avlodga yetkazib, avaylab-asrab keladi.


Shunday ekan, tilimizni eʼzozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeуini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb maʼnaviy burchimiz bo‘lib qoladi. O‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-eʼtiborini yuksaltirish, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shish har birimizdan milliy tilga chuqur hurmat bilan yondashishni talab etadi. Zero, til bor ekan, millat barhayotdir.


Nigora Sharipova,
Oliy attestatsiya kommisiyasi raisining maslahatchisi

07.10.2020 3237