"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Til — milliy g‘ururimiz

Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir.


Hozirgi kunda o‘zbek tili hayotimizning barcha jabhalarida — davlat va jamiyat boshqaruvi, davlatlararo munosabatlar, ilm-fan, taʼlim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va sanʼat sohalarida faol qo‘llanilmoqda, xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda.


Shu sababli yurtimiz mustaqillikka ilk qadamlarini tashlayotgan davrdayoq o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganini faxr-iftixor bilan eslaymiz. Bu tarixiy hodisaning tub mohiyatini kelajak avlod ongiga singdirish, unga muhabbati, sadoqatini yanada mustahkamlash shu til jonkuyarlari — o‘qituvchilar, tilshunoslar, umuman o‘zini shu millatning farzandi deb bilgan har bir shaxsning burchi bo‘lishi shart. Shundagina o‘sib kelayotgan yosh avlod til nega milliy g‘urur ekanligini his etadigan, turli maʼnaviy, mafkuraviy tahdidlar taʼsiriga tushmaydigan bo‘lib yetishadi.


Tilning egasi xalq, ammo xalqning bitta vakili loqayd bo‘lsa ham tilning sofligiga putur yetadi. Til — davlat timsoli, mulki. Til madaniyatiga amal qilinmasa, milliy madaniyatga dog‘ tushadi.


Til — millatimiz faxri, g‘ururidir. Ayni chog‘da orzu-umidlarimiz, istiqlolimiz unda bo‘y ko‘rsatadigan, qalbimiz oynasi hamdir. Shunday ekan, ona tilimizga doimo hurmat va eʼtiborda bo‘lib, uning jamiyatimizdagi mavqeyini yuksaltirishga har birimiz o‘z hissamizni qo‘shaylik. Zero, til bor ekan millat barhayot, uning istiqboli nurli va charog‘ondir.


Dilorom Dodoboyeva,

Farg‘ona viloyati, Rishton tumani hokimi maslahatchisi

20.11.2020 3487