"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

TIL — MILLIY G‘URURIMIZ, O'ZLIGIMIZ VA DAVLATCHILIGIMIZ TIMSOLI

Til — qomus, madhiya, bayroq kabi millatning o‘zligi, mavqeyi, obro‘-eʼtiborini belgilaydigan muhim vositalardan biri. U milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boyligimiz hisoblanadi.


Turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tili tarixi xalqimizning ko‘p asrlik kechmishi, orzu-intilishlari, dardu armonlari, zafarlari va g‘alabalari bilan chambarchas bog‘liq.


Ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi taʼsiri hamda mavqeyini yanada oshirish bo‘yicha muhim va dolzarb vazifalar Prezidentimizning 2019-yilning 21-oktabrida imzolagan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida aniq belgilab berilgan.


Jumladan, Farmonda davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish, davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish alohida qayd etilgan.


Davlat tiliga amal qilinishi bilan bog‘liq muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan hamda uni rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish bo‘yicha takliflar tayyorlash, o‘zbek tilining yozma nutqi meʼyor va qoidalarini ishlab chiqish bo‘yicha lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish ko‘rsatib o‘tilgan.


Shuningdek, Farmonda davlat tilini rivojlantirish borasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar va “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish, ularning amalga oshirilishini nazorat qilish, “O‘zbek tili bayrami kuni”ni nishonlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish, ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni isteʼmolga kiritish kabi qayd etilgan vazifalar alohida ahamiyatga ega. Bundan tashqari, zamonaviy atamalarning o‘zbekona muqobillarini yaratish va bir xilda qo‘llanishini taʼminlash, geografik va boshqa toponimik obyektlarga qonun hujjatlariga muvofiq nom berilishi borasidagi faoliyatni monitoring qilish va muvofiqlashtirish, davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, bu sohada xalqaro hamkorlik masalalari ham taʼkidlab o‘tilgan.


Bugun guvohi bo‘lib turganimizdek, mamlakatimizda Prezidentimiz Farmonida ko‘zda tutilgan vazifalarni amalga tatbiq qilish borasida sezilarli ishlar olib borilyapti. Dastlabki muhim qadamlardan biri, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilgani va bu tashkilotni maqsadga aniq yo‘naltirilgan tarzda ish olib borayotganini eʼtirof etish lozim.


Yangi departament tomonidan joylarda o‘zbek tiliga qanday eʼtibor berilayotgani haqidagi o‘rganishlar hali bu borada ko‘plab amaliy ishlar olib borishimiz kerakligini ko‘rsatib berdi. Departamentning taklifi bilan har bir tashkilot rahbarining davlat tilida ish yuritish bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etilgani tan olib aytish lozim, nihoyatda maqbul ish bo‘ldi.


Jamiyatning bir aʼzosi, o‘zbek tili bo‘yicha mutaxassis sifatida tilimizga eʼtiborsizlik,  ko‘plab sohalardagi xatoliklar (maktab darsliklarining imloviy xatolar bilan chop etilayotgani, ko‘chalardagi reklama va eʼlonlar matnining o‘ta qo‘pol shaklda berilishi,  teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlardagi shevachilik)dan ko‘nglim ko‘p bora xijil bo‘lgan, ammo dardimni kimga aytib, yuragimni kimga bo‘shatishni bilmaganman. Xayriyatki, endi dardingni eshitadigan tashkilot va unga masʼullar bor.


Bundan buyog‘iga yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun hamma birdek ishga kirishishi, masʼuliyat bilan ish olib borishi lozim. Balandparvoz gaplar emas — haqiqat shuki, o‘zini shu mamlakatning bir fuqarosi, shu millatning vakili sifatida his qila bilgan har bir inson o‘z ona tiliga befarq bo‘lmasligi kerak. Bunga haqqi ham yo‘q! Fikrimiz, hadeb o‘tmishdagi kamchiliklar haqida yozg‘irishdan ko‘ra, keyingi ish rejalarimiz va uning qanday natija berishi haqida jiddiy o‘ylab ko‘raylik.


Ona tilimizning mavqeyini yanada tiklash uchun nazarimizda, ishni oiladan, bog‘chadan boshlash kerak bo‘ladi. Taʼlimning barcha bosqichlarida o‘zbek tilini zamonaviy va innovatsion texnologiyalar asosida o‘rgatishga alohida eʼtibor qaratish lozim. Bog‘cha, maktabda o‘zbek tili fanini o‘qitish, ona tilimizning o‘rni, ahamiyatini yoshlar ongiga atroflicha singdirish borasida yangicha yondashuv kerakligini bugungi vaziyat talab qiladi.


Barcha taʼlim muassasalarida o‘quvchilar, talabalar ongiga davlat tilining ijtimoiy-siyosiy ahamiyatini, millatning ko‘zgusi ekanini singdirish to‘g‘risida qayg‘urishi kerak. Ayni paytda oliy taʼlim muassasalari o‘quv rejalaridan joy olgan “O‘zbek tilida ish yuritish” amaliy mashg‘ulotini yanada mukammallashtirish talab etiladi.


Maʼlumotlarga qaraganda, dunyoda o‘zbek tilida so‘zlashadigan kishilar soni 50 millionga yaqinlashgan. Bu tilimizning dunyo miqyosida qo‘llanilish, foydalanish ko‘lami, nufuzi ortib borayotganidan dalolat beradi.


Texnika va texnologiya jadallashgan bugungi kunda tilimizni yanada keng miqyosda targ‘ib qilish uchun global tarmoq — internetning eng ommalashgan saytlarida O‘zbekiston, o‘zbeklar haqidagi yangiliklar, rang-barang materiallarni joylashtirish yaxshi samara beradi.


Ayniqsa, o‘zbek tili va adabiyotining asoschisi Alisher Navoiydan tortib, mumtoz adabiyotimiz vakillaridan Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab, Muhammad Rizo Ogahiy, Muqimiy, Furqat, yigirmanchi asrning zabardast shoir, yozuvchilari Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Oybek, Hamid Olimjon, Zulfiya, Shuhrat, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, O‘lmas Umarbekov, O‘tkir Hoshimov, Shukur Xolmirzayev,Tog‘ay Murod, Muhammad Yusuf, Sirojiddin Sayyid kabi elimiz suygan ijodkorlar asarlaridan namunalar berib borilsa, ulardan dunyoning turli mintaqalarida yashayotgan o‘zbeklar bahramand bo‘ladi va ayni paytda tilimiz, millatimizning obro‘-eʼtibori, mavqeyi yanada ortadi.


O‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faol qo‘llanib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda ekan, uning nufuzi, mavqeyini oshirish doimiy faoliyatimizga aylanmog‘i kerak.


Qiyomxon AHMEDOV,
Davlat statistika qo‘mitasi raisining maslahatchisi

24.11.2020 3686