"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘Z TILIM BAXTIM MENING - MILLATIM FAXRIM MENING!

Har bir davlatning davlat tiliga bo‘lgan e’tiborini mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni, ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerar.

Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Barchamizga ma’lumku, mustabit tuzum davrida tilimizni yo‘qotishga ko‘p urunishlar bo‘lgan edi. Lekin, xalqimiz o‘z ona tilini – milliy g‘ururini saqlab qoldi. Millatparvar ziyolilar, tilimiz fidoiylarining jonkuyarligi natijasida 1989-yil 21-oktabr kuni qabul qilingan qonunga asosan, oʻzbek tili mamlakatimizda davlat tili maqomiga ega bo‘ldi.

Mazkur tarixiy sanadan qariyb o‘ttiz yil o‘tib bu borada yana bir qutlug‘ qadam qo‘yildi. Muhtaram Prezidentimiz 2019-yil 21-oktabr kuni “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” Farmonni qabul qildi. Unga binoan 21-oktabr sanasi yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi. Ona tilimiz fidoyilari, butun xalqimiz bu xushxabarni katta xursandchilik bilan qarshi oldi.

Davlatimiz rahbari tomonidan “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonunning imzolanishi har qanday sharoitda ham til, ma’naviyat masalalari davlatimizning doimiy e’tibor markazida ekanini yana bir bor isbotladi. Demak, mamalakatimizda ona tilimizga qaratilgan e’tibor uning milliy qonunchiligida ham o‘z ifodasini topmoqda. Bu g‘amxo‘rliklar natijasida davlat tilining kundan-kunga nufuzi oshib bormoqda.

Kuni kecha imzolangan “Mamlakatda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirishga, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan
to‘liq va to‘g‘ri foydalanish, davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Farmonga nazar solar ekansiz, 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish Konsepsiyasini 2020-2022 yillarda amalga oshirish dasturi e’tiboringizni tortadi. Unda, 2021-yil 1-apreldan boshlab o‘zbek tili kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanishi, xorijiy va adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi kabi o‘nga yaqin ijobiy ishlar o‘rin olganligi kishini quvontiradi albatta.

Mamlakatimizda ona tilimiz nufuzi yanada yuqori bo‘lishi, har birimiz uchun katta ahamiyatga ega. Aytadigan bo‘lsak, bu borada qiladigan ishlarimiz ko‘p. Lekin birdamlikda, hamkorlikda har qanday islohotlarni amalga oshirsa bo‘ladi. O‘zbek tilining nufuzi va mavqeyini tubdan oshirishda shu yurtda o‘zbekman degan, shu mamlakat farzandiman degan har bir insonning o‘z vazifasi, mas’uliyati bor.

Alisher ANVAROV, Marg‘ilon shahar hokimining maslahatchisi


30.11.2020 4677