"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

ONA TILINI BILISH – O‘ZLIKNI ANGLASH

Tanqid – achchiq, mevasi – shirin

Ochig‘ini aytish kerak, navbatdagi yig‘ilish o‘ziga xos bo‘ldi. U tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan bo‘lsada, zalda ko‘tarinkilik kayfiyati hukmron edi. To‘g‘rida, davlat tilini rivojlantirish borasida bundan bor-yo‘g‘i 3-4 yil oldin butun boshli mamlakatda bajarilishi u yoqda tursin, hatto xayolga ham kelmagan ishlar, mana bir yil davomida faol amalga oshirib kelinmoqda.


Ha, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari rahbarlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari faoliyati tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish mana shunday muhitda o‘tdi.


Unda maslahatchilarning 2020-yilning o‘tgan davridagi faoliyatiga tahliliy-tanqidiy baho berildi. Rasmiyatchilik bir tomonga surib qo‘yilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish borasida aniq takliflar berildi. Mavzu yuzasidan qolgan boshqa masalalar ham atroflicha tahlil etildi. Shu bilan birga, zamon talablaridan kelib chiqib o‘zaro hamkorlikda faoliyat yuritish lozimligiga ham eʼtibor qaratildi.


“Aqlli munosabatlar” ko‘pgina chalg‘ishlarning oldini oladi

Biz bugun globallashuv jarayonlari, tezkor axborot xurujlari davrida yashayapmiz. Bunday murakkab vaziyat har birimizdan zukkolik, ogohlik, “oq”ni “qora”dan ajratadigan mustaqil fikrga ega bo‘lishni taqozo etadi. Shu maʼnoda bugungi virtual olamda ayrim noxolis yoritilayotgan xabarlar, ijtimoiy tarmoqlarda turli asossiz yoxud aholini chalg‘itish maqsadida maxsus tashlab qo‘yiladigan “munosabat”larga qarshi asosli, daqiq, to‘laqonli, boshqacha aytganda, “aqlli munosabat” bildirish zarur. Tadbirda bunday holatlarda tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar asoslantirilgan tezkor munosabatlarni bildirishda yaqindan hamkor bo‘lishga chaqirildi.


Vatan ostonadan boshlanadi

Har bir mamlakatga tashrif buyurgan sayyohning ushbu diyor to‘g‘risidagi ilk taassuroti aeroportdan, temir yo‘l vokzali, umuman, ushbu davlat hududi chegarasiga kiraverishdagi ostonadan boshlanadi. Shu nuqtai nazardan, majlisda rejali tekshiruv amalga oshirilgan bir qator tashkilotlar, jumladan, “O‘zbekiston havo yo‘llari”, “O‘zbekiston temir yo‘llari” tizimida davlat tilining joriy etilishi talab darajasida emasligi misollar orqali asoslantirildi. Mazkur tashkilotlarda ahvolni o‘zgartirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.


“Birgina Toshkent shahrida osig‘liq reklamalarning 70 foizi boshqa tillarda yozilgandan keyin nima ham deyish mumkin. Tasavvur qiling, siz Buyuk Britaniyaga bordingiz-u, u yerdagi barcha yozuvlar nemis tilida bo‘lsa, qayerga kelib qoldim, deb ajablanmaysizmi?! Bizda qayoqqa qaramang, peshlavhalarning aksariyati ajnabiy tillarda. Bu nima degani, buni qanday tushunish mumkin”, dedi Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish deparatmenti mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyev majlisda mazkur masalalar yuzasidan qilgan maʼruzasida.


Shubhasiz, ota-bobolarimiz yaqin o‘tmishda o‘z ona tilida ish yurita olmay, erkin fikr bildira olmay, bir umr armonda yashab o‘tdilar. Axir, bugun ularning tarixiy orzulari ushalgan davrda umrguzaronlik qilyapmiz.


Mustaqil O‘zbekiston tarixida Prezidentimizning ilk marotaba BMT minbarida sof o‘zbek tilida nutq so‘zlashi tom maʼnodagi siyosiy jasorat va haqiqiy vatanparvarlikdir. Buni butun turkiy tilli davlatlar ommaviy axborot vositalarida bildirilgan munosabatlar ham tasdiqlab turibdi.


Ona tilimizga eʼtibor – davlat siyosati darajasida

Bugun ona tilimizga va uning mavqeyini oshirish masalalariga eʼtibor kuchaygan. “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun va boshqa qator meʼyoriy hujjatlar orqali ham yurtimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeyi tobora mustahkamlanmoqda. Xususan, ona tilimizning xalqimiz hayotida va xalqaro miqyosda nufuzini oshirish, yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat ruhida kamol toptirishga qaratilgan ustuvor vazifalar va strategik yo‘nalishlar belgilanishi shular jumlasidandir. Zero, Prezidentimizning: “Ona tilimiz – milliy maʼnaviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir”, degan so‘zlari har birimiz uchun dasturilamal bo‘lishi kerak.


Maslahatchi xulq-atvori (fitrati)da talab etiladigan to‘rt fazilat

Hozirgi buyuk evrilishlar silsilasida bu ishlarga bevosita daxldor bo‘lgan biz, maslahatchilarning zimmasiga yuklanadigan vazifa ham o‘ta masʼuliyatlidir. Bunda, albatta, har bir maslahatchidan kerakli bilim-malaka, go‘zal odob, intiluvchanlik, fidoyilik singari zaruriy fazilatlarga ega bo‘lish talab etiladi.


Ushbularni nazarda tutgan holda majlisda kelgusidagi samarali faoliyat yuritishlari uchun maslahatchilarda to‘rtta asosiy fazilat bo‘lishi lozimligi alohida taʼkidlandi. Yaʼni maslahatchi, avvalambor, o‘z fikrini to‘g‘ri, aniq, lo‘nda tushuntirib bera oladigan notiq, keng mushohadaga asoslangan fikrlarini bayon qila oladigan o‘tkir qalam sohibi, tabiatan kuchli tashkilotchi va jamoani ortidan ergashtira oladigan lider hamda jamoada obro‘li, o‘z mustaqil fikriga, hamkasblar hurmatiga sazovor inson bo‘lishi lozim. Asosiysi, bu vazifada ishlaydigan kishi o‘z yurti, millati, tilini jonu dildan sevadigan, jonkuyar, ijtimoiy faol, irodasi kuchli shaxs bo‘lishi zarur. Ana shundagina bunday maslahatchiga suyangan holda belgilangan zalvorli vazifalarni talab darajasida bajara olish mumkin.


Taraqqiyot raqobat demakdir

Bugun globallashuv, texnika taraqqiyoti shunchalik jadal rivoj topmoqdaki, oqibatda dunyoda mavjud (statistik maʼlumotlarga qaraganda, taxminan yetti mingdan ziyod) tillardan aksariyati bir-biriga qo‘shilib, birikib yoki asta-sekin yo‘q bo‘lib ketish arafasida turibdi.


Dunyodagi yetti mingdan ziyod tildan 14 tasida bashariyatning uchdan ikki qismi gaplashadi. Bu tillarning har birida so‘zlashadiganlar soni esa 50 milliondan ziyod. Dunyodagi 70 tilda gaplashadiganlar 5 milliondan ko‘p bo‘lsa, qolgan tillarda muloqot qiladiganlar 1 milliondan kam.


Vaholanki, YUNESKO tomonidan eʼlon qilingan “Yo‘qolish arafasida turgan dunyo tillarining atlasi”da taʼkidlanishicha, Yevropadagi 50 ta, Tinch okeani mintaqasidagi 2000 ta, Afrika qitʼasidagi 250 ta til halokat yoqasida turibdi. Asrimiz oxiriga borib hozir mavjud bo‘lgan tillarning teng yarmi yo‘qolib ketishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Bunday vaziyat esa, o‘z navbatida, biz – o‘zbeklar va o‘zbek tilida so‘zlashadigan insonlar zimmasiga zalvorli vazifalarni yuklashi tayin.


Shu maʼnoda, avvalo o‘zimiz, yaʼni shu masalaga mutasaddilar ona tilimiz qonun-qoidalarini puxta o‘zlashtirsak va tilimizning qon tomirimizdek bizga yaqinligini teran anglasakkina, uni boshqalar ham hurmat qila boshlaydi, bilishga qiziqadiganlar ko‘payadi. Qarabsizki, asta-sekin tilimiz mavqeyi boshqa millat va elatlar nazarida ham ortib boradi.


Yig‘ilish so‘nggida o‘zaro savol-javoblar bo‘lib o‘tdi, takliflar bildirildi, maslahatchilarning o‘z faoliyatida foydalanishlari uchun qo‘llanma tarqatildi.


Xulosa o‘rnida

Biz o‘zbeklar ko‘p ming yillik tiriklik sinovidan o‘tgan, tili, madaniyati, sanʼati asrlar osha sayqallangan va boshqalarga ibrat bo‘la oladigan bunyodkor xalq sifatida bugun yurtimizga intilayotgan dunyoni munosib qarshilashimiz lozim.


Demak, ona tilimiz va ushbu moʻtabar, latif tilda so‘zlashuvimiz bizga o‘zligimizni ifodalashga asos bo‘larkan, bu talato‘p jarayonlarda o‘z tilimizni asrab-avaylashimiz, uning takomillashuvi yo‘lida fidoyilarcha mehnat qilishimizni zaruriyat qilib qo‘ymoqda. Bu zaruriyat o‘zbekistonlikning muqaddas vazifasiga aylangandagina, o‘z mevasini bera boshlaydi.


Obiddin MAHMUDOV,
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni
qisqartirish vazirining maslahatchisi

04.12.2020 3351