- Bosh sahifa
- Maslahatchi minbari
- Konstitutsiya bergan huquq — milliy tilni avaylab, avlodlarga yetkazish ulug‘ sharaf va burchdir
Konstitutsiya bergan huquq — milliy tilni avaylab, avlodlarga yetkazish ulug‘ sharaf va burchdir
Eng ilg‘or
mamlakatlarning konstitutsiyalaridan qolishmaydigan asosiy Qonunimizning
yaratilishida xalqimizning milliy o‘ziga xosligi, jumladan, milliy tili, necha
ming yillik milliy davlatchilik tajribasi hamda dunyoning to‘qsondan ortiq
davlatining ilg‘or konstitutsiyalaridagi tajribalar hisobga olingan. Xalqaro
ekspertlar ko‘p bor ta’kidlaganlaridek, unda eng muhim xalqaro huquqiy
hujjatlarda mustahkamlangan va umum e’tirof etilgan ilg‘or demokratik
prinsiplar o‘z in’ikosini topgan.
Milliy tilini rivojlantirish
har bir xalqning eng muhim huquqlaridandir
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida mustahkamlab
qo‘yilganidek, «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir». Ayni
paytda ushbu moddada: «O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi
barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat
qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi», deb
qayd etilgan.
Til — millat va davlatning boyligi, uning xalqaro miqyosdagi o‘rni va
nufuzini belgilaydigan vositadir. Dunyodagi ko‘p xalqlar o‘z milliy rasmiy
tiliga ega emas. Chunki bu jarayon xalqning milliy mustaqilligi bilan bog‘liq.
Rasmiy tilga ega bo‘lish va uni rivojlantirish bevosita millatning yuksalishiga
zamin yaratadi. Bu jihatdan biz har qancha faxrlansak arziydi. Bundan 31 yil
muqaddam o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. «Davlat tili haqida»gi qonun
loyihasining ikki marta muhokamaga qo‘yilishi va qizg‘in bahs-munozaralardan
so‘ng Respublika parlamenti tomonidan 1989-yil 21-oktyabrda qabul qilinishi
Vatanimiz mustaqilligi sari qo‘yilgan birinchi, g‘oyat muhim va dadil qadam
bo‘lgan edi. Ushbu qonun loyihasining ishlab chiqilishi va qabul qilinishida
butun jamiyat ahli faol ishtirok etganini alohida ta’kidlash joiz. Aniqrog‘i,
mazkur tarixiy hodisa o‘z vaqtida xalqimizning istiqlolga bo‘lgan
umid-ishonchini, milliy g‘urur tuyg‘usini kuchaytirdi, Mustaqilligimizning
o‘ziga xos poydevori vazifasini bajardi.
Dastavval, «Davlat tili haqida»gi qonunda o‘z ifodasini topgan muhim
huquqiy qoidalar keyinchalik Asosiy Qonunimizda mustahkam muhrlab qo‘yildi. Shu
asosda o‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi bilan bir
qatorda turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga
aylandi.
Istiqlol yillarida mamlakatimizda barcha sohalar qatori tilimiz
taraqqiyotida ham muhim o‘zgarishlar yuz berdi. O‘zbek tilining jahon
miqyosidagi nufuzi ortdi. «Davlat tili haqida»gi qonun ona tilimizning bor
go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda
rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi. Olimlar va mutaxassislar
tomonidan ilm-fan va turli sohalarga oid ensiklopediya va lug‘atlar, darslik va
o‘quv qo‘llanmalari chop etildi. Mumtoz adabiyotimiz namunalari yaratildi.
Shunday lahzalar bo‘ladiki, ular tom ma’noda tarixga muhrlanadi. Xususan,
2020-yilning 23-sentabr sanasi yurtimiz tarixida, xalqimiz hayotida oltin
harflar bilan bitildi. Shu kuni Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti
Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zladi.
Taraqqiyot va yuksalish yo‘lidan dadil odimlayotgan, ilg‘or va tashabbuskor
mamlakatlar qatoridan munosib o‘rin egallayotgan O‘zbekiston dunyo minbarida
o‘z so‘zini o‘z ona tilida aytishi oddiy hodisa emas, albatta. Bu ajdodlari
merosini benihoya qadrlaydigan, millat sha’ni va g‘ururini yuksak tutadigan har
bir o‘zbek uchun sharafdir! Necha-necha asrlar mobaynida e’tibordan chetda
qolib kelgan, endi-endi qaddini va qadrini tiklayotgan ona tilimizning jahon
sahnasida yangrashidan har qancha faxrlansak arziydi.
E’tirof etish joizki, ushbu nutqni yurtdoshlarimiz bilan bir qatorda
jahonda o‘zbek tilida so‘zlashuvchi aholi vakillari ham cheksiz hayajon bilan
tingladi.
Prezidentimizning o‘zbek tilida, aniq va dadillik bilan umumbashariy
masalalarga oid kiritgan takliflari sessiya ishtirokchilari tomonidan munosib
kutib olindi.
Ushbu chinakam tarixiy voqea bizga o‘zligimizdan, teran ildizlarga
tutashgan millatimizdan g‘ururlanishni o‘rgatdi. Tomirimizdagi qonimizda,
vujudimizdagi jonimizda yashayotgan tilimizning har on, har lahza biz uchun
aziz ekanini anglatdi. Mamlakatimizda davlat tili nufuzi va mavqeyini oshirish,
qadr-qimmatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli
islohotlarning naqadar muhim ekanini yana bir karra namoyon etdi.
Mutaxassislarning fikricha, jahon ahli bugungi kunda 7000 dan ziyod tilda
so‘zlashadi. Ularning faqatgina 200 ga yaqinida davlat tili yoki rasmiy til
maqomi mavjud ekan. O‘tmishda 9000 dan ortiq til batamom yo‘qolib ketgan.
Biror-bir tilning yashab qolishini ta’minlash uchun undan kamida bir million
kishi faol foydalanishi kerak. Biroq bunday tillar dunyoda atigi 250 ta bo‘lib,
ular orasida o‘zbek tilining ham borligi quvonarli, albatta. bugungi kunda Yer yuzida
50 millionga yaqin aholi o‘zbek tilida so‘zlashadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir kelib har ikki haftada bitta til yo‘qolib
bormoqda. Yo‘qolib ketish xavfi bo‘lgan tillarni saqlab qolish yo‘lida amalga
oshirilayotgan sa’y-harakatlarning asosiy maqsadi madaniyatlar va tillar
xilma-xilligini ta’minlashdan iborat. Chunki aynan til tufayli xalq va
elatlarning madaniyati, urf-odatlari saqlanib qoladi.
Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish, uning
nufuzini yanada yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga
oshirilayapti. Bunday xayrli ishlarda Prezidentimizning 2019-yil 21-oktabrda
qabul qilingan «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini
tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni muhim omil bo‘lmoqda.
Ushbu mo‘’tabar hujjatda alohida ta’kidlanganidek, istiqlol yillarida ona
tilimiz tom ma’noda davlat tiliga aylanib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod,
farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch
sifatida maydonga chiqdi. Mamlakatimizdagi yuzdan ortiq millat va elat
vakillarini o‘zaro bog‘laydigan, birlashtiradigan mehr-oqibat tiliga aylandi.
2020-yil 10-aprelda O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risidagi
qonun qabul qilindi. 2020-yil 20-oktabrda bu borada yana bir muhim hujjat —
Prezidentimizning «Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til
siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi.
Ushbu me’yoriy-huquqiy hujjatlar ona tilimiz mavqeyini oshirishda dasturilamal
bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 21-oktabr sanasining «O‘zbek tili
bayrami kuni» deb e’lon qilinishi, Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini
rivojlantirish departamentining tashkil etilishi, shuningdek, davlat boshqaruvi
organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar)
hokimlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili
to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari
bo‘yicha maslahatchilari faoliyati izchil yo‘lga qo‘yilishi tilimiz istiqboli
uchun zalvorli qadamlar bo‘ldi.
Har bir tashkilot rahbarining davlat tilida ish yuritish bo‘yicha
maslahatchisi lavozimining joriy etilishi davlat tiliga munosabatning
yuksalayotganidan dalolat beradi. Maslahatchi tizimda hujjatlarning
yuritilishiga, xodimlarining faoliyatida barcha jarayonning davlat tilida olib
borilishiga e’tibor qaratadi. Bu esa o‘z navbatida, tilimiz sofligini
ta’minlaydi.
Ayni paytda davlat tilini amaliyotga tatbiq etish mexanizmlari yanada
takomillashtirilayotir. Xususan, O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilishda davlat
tili bo‘yicha imtihondan o‘tilishi to‘g‘risidagi nizomning tasdiqlangani
fikrimizning yorqin namunasidir. Tabiiyki, ushbu tartib o‘zbek tilini
o‘rganishga ehtiyojni yanada oshiradi.
Ona tilimizning kelgusi taraqqiyotiga oid ko‘plab masalalar qatorida davlat
tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini, sohaga oid muammolarni
tahlil etib, bu borada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash
maqsadida Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha alohida
tuzilma tashkil etildi. Yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish
borasidagi ishlarni tartibga soladigan Atamalar komissiyasi o‘z ishini
boshlamoqda. Yaqin kelajakda «Davlat tili haqida»gi qonun bugungi kun talablari
nuqtai nazaridan har tomonlama chuqur tahlil qilinib, yanada takomillashtirish
ishlari ham ko‘zda tutilgan.
Joriy yilning 20-yanvar kuni boshlangan xayrli ishlarning uzviy davomi
sifatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Mamlakatda davlat
tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi
qarori qabul qilindi.
Mantiqan olganda, bundan 31 yil ilgari davlat tili maqomiga erishgan tilimiz
ayni paytda taraqqiyot bosqichida bo‘lishi kerak. Garchand asta-sekinlik bilan
bo‘lsada, o‘tgan vaqt ichida mavjud lug‘atlar to‘ldirildi, tilimiz yangi-yangi
so‘zlar bilan boyitildi, unutilayotgan so‘zlar imkon qadar tiklandi.
Me’yoriy-huquqiy hujjatlar o‘zbek tilida yozilmoqda. Buni o‘zbek tilini
kundalik turmush tarzimizga kengroq olib kirish borasida qilinayotgan
ishlarning debochasi deb atash mumkin. Chunki tilimizni rivojlantirish,
nufuzini oshirishda shuning o‘zi yetarli emas. Bu borada nafaqat mutasaddi
tashkilot yoki xodimlar, balki barcha birdek mas’ul bo‘lmog‘i lozim.
Dunyo miqyosida ayrim tillar iste’moldan chiqib borayotgan, ona tilini
asrashdek global muammo yuzaga kelayotgan bir pallada xalqimizning milliy tilga
munosabati o‘zgarayotgani alohida e’tiborga molik. Binobarin, asrlar osha
sayqallangan milliy-madaniy qadriyatlarimiz, an’analarimiz qatorida ona
tilimizni ham bor ko‘rku tarovati bilan avlodlarga yetkazishga har birimiz
mas’ulmiz. Milliy til xalqni hamjihatlikda taraqqiyot sari boshlaydi, yanada
jipslashishga, milliy qadriyatlarni asrab-avaylashga undaydi. Vatanni va
millatni sevgan inson uning qadriyatlari va boyliklarini ham ko‘z qorachig‘idek
asrab-avaylaydi. Insonda huquq bilan birga burch deya atalmish tuyg‘ular ham
berilgan. Yashash, ta’lim olish, mehnat qilish, sog‘lig‘ini tiklash singari
huquqlar bilan bir qatorda davlat ramzlarini asrab-avaylashdek muqaddas
burchlari ham mavjud bo‘lib, ular Bosh qomusimizda mustahkamlab qo‘yilgan.
Shunday ekan, Konstitutsiyamiz bergan buyuk huquq — milliy tilimizni ko‘z
qorachig‘idek asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga asl holida yetkazish o‘zini
shu yurt istiqboli uchun daxldor deb bilgan har bir kishi uchun ham sharaf, ham
burchdir.
Hidoyat Jo‘rayeva,
«Dori-darmon» AJ raisining maslahatchisi