"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Til madaniyatining mashʼali bo‘laylik!

“Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinishi mustaqilligimiz yo‘lidagi dastlabki qadam edi. Chunki o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan 1989-yilda hali sho‘rolar tuzumi hukmronlik qilardi. Qonunning qabul qilinishi maʼrifiy-maʼnaviy qiymatidan tashqari, tilimizning qadri, millatimizning qayta tiklanishida muhim rol o‘ynadi.

1992-yilda qabul qilingan Bosh Qomusimizning 4-moddasida o‘zbek tili, mavqeуiga ko‘ra, davlatimiz mustaqilligi ramzlaridan biriga tenglashtirilib, davlat tili sifatida belgilab qo‘yilgani uning jamiyatimizdagi nufuzini yorqin va to‘liq ifodalab turibdi. So‘nggi yillarda bu borada amalga oshirilgan ishlar tilimiz mavqeуini yana bir karra yuqoriga ko‘tardi.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan  “21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilanib, mamlakatimiz miqyosida keng nishonlanmoqda.

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida ham davlat tilida ish yuritish borasidagi faoliyatni takomillashtirish bo‘yicha izchil tadbirlar amalga oshirilmoqda. Avvalo, vazirlik boshqaruv xodimlarining lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ish yuritish bo‘yicha bilim va malakalarini oshirish maqsadida Toshkent davlat agrar universiteti O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi professor-o‘qituvchilari  bilan birgalikda 20 soatlik o‘quv reja ishlab chiqildi. Mazkur rejaga asosan videodarslar tayyorlanib, tizimdagi barcha xodimlarning tashkiliy ravishda jamoaviy va yakka tartibda mustaqil o‘rganishlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi. O‘quv mashg‘ulotlari joriy yilning noyabr oyidan boshlandi. Vazirligimiz boshqaruv apparati xodimlari bu borada quyi bo‘g‘indagi kasbdoshlariga o‘rnak bo‘lishi, ibrat ko‘rsatishi lozimki, shu masʼuliyat bizni yanada faol bo‘lishga undaydi, albatta.

Yosh mutaxassislarni boshqaruv faoliyatiga tayyorlash maqsadida vazirligimiz tizimidagi oliy taʼlim muassasalari o‘quv rejasiga hajmi 90 soatlik “O‘zbek tilining sohada qo‘llanishi” fani alohida fan sifatida kiritildi. Bu kelgusida yoshlarimizning yanada savodxon va  malakali bo‘lib ish boshlashlarida muhim ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizda agrar tarmoqda amalga oshirilayotgan jadal islohotlar, joriy qilinayotgan ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi fani, taʼlimi va ishlab chiqarish integratsiyalashuvi hamda globallashuvi jarayonlari sohada qo‘llanib kelinayotgan atamalar anʼanaviy tarkibining o‘zgarishiga o‘z taʼsirini ko‘rsatmoqda. Ushbu holatni hisobga olib “Qishloq xo‘jaligi atamalari izohli lug‘ati”ni yaratish maqsadida vazirlik tizimidagi olim va mutaxassislardan iborat tahrir hayʼati, qishloq xo‘jaligi tarmoqlari bo‘yicha uning shoʻbalari ish boshladi.

Agrar soha tarmoqlari va uning qadimdan rivojlanib kelgan turli kasb-hunarlariga oid hamda taraqqiyotning zamonaviy bosqichida paydo bo‘lgan ilmiy-texnikaviy terminlar, so‘nggi davrda muomalaga kirib kelayotgan xalqaro va xorijiy atamalarni jamlash, ularning o‘zbek tilidagi lug‘aviy va maʼnaviy izohlarini adabiy meʼyorlarga mos ravishda tayyorlash hayʼat aʼzolarining asosiy vazifasi hisoblanadi.

Shuningdek, hayʼat tomonidan mavjud adabiyotlar, qo‘llanmalar, lug‘atlar hamda axborot-resurs manbalaridan foydalangan holda qishloq xo‘jaligining o‘zbek tilidagi lug‘aviy bazasini boyitish yuzasidan takliflar tayyorlash kabi keng ko‘lamli ish rejalari ham belgilab olindi.

Umuman olganda,  mazkur yo‘nalishda amalga oshiriladigan ishlarni ilmiy-amaliy jihatdan asoslash maqsadida 3 yilga mo‘ljallangan 13 ta amaliy loyihalar tayyorlandi. Masalan, “O‘simlikshunoslikka oid o‘zbekcha-ruscha-inglizcha izohli lug‘at”, “Tabiiy dorivor o‘simliklarga  oid o‘zbekcha-ruscha-inglizcha izohli lug‘at”, “Qishloq xo‘jaligi sohalariga oid atamalarning va ularning izohi bo‘yicha o‘zbek  va rus tilidagi soha lug‘ati”, “Chet ellik talabalar uchun qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari bo‘yicha so‘zlashuv lug‘ati” kabi loyihalar shular jumlasidan.

Bu loyihalar barchamizdan katta g‘ayrat va masʼuliyat talab qiladi. Endigi vazifa mana shu oldimizga qo‘yilgan ezgu maqsadlarni amalga oshirish uchun hamjihatlikda ishlashdir. Zero, davlat tilini hayotimizga, faoliyatimizga kengroq joriy qilish bu yo‘nalishdagi masʼullardan yanada faol bo‘lmog‘ini taqozo etadi.

Shu o‘rinda ona tilimizning matonatli jonkuyarlaridan biri, taniqli adibimiz  Abdulla Qahhorning talabalarga aytgan mana bu so‘zlarini keltirib o‘tmoqchiman: “Sizlar institutni bitirgandan keyin joylarga borib o‘quvchilarga ingliz, nemis, fransuz, ispan tillarini o‘rgatasizlar. Mening sizlarga aytadigan eng zarur gapim shuki, sizlar boradigan joylaringga chet tillar bilan birga, birinchi navbatda, o‘z ona tilimiz — o‘zbek tiliga cheksiz muhabbat tuyg‘usini olib boringlar! O‘zbek tili g‘oyat boy, nihoyat chiroyli, har qanday fikr va tuyg‘uni ifodalashga qodir ekanini amalda ko‘rsatinglar; qayerda va qanday sharoitda ishlamanglar, til madaniyatimizning mashʼali bo‘linglar!” Bu so‘zlar zamiridagi hayotiy maʼno, ezgu maqsad va tilak nafaqat bugungi yoshlarimiz, shuningdek, har birimiz uchun hayotiy dasturilamaldir. 

Eshmirza ABDUALIMOV,

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi


"Yangi O'zbekiston" gazetasining 243-sonidan olindi

15.12.2020 3648