"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Yurtimiz tarixini o‘rganishda joy nomlari muhim manbalardan biridir

Mustaqillik yillarida bebaho tariximiz, milliy urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz qayta tiklanib, bu borada chuqur o‘rganishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, hududlar, shahar va qishloqlar, mahallalarimizdagi joy nomlarini o‘rganish yuzasidan har tomonlama keng qamrovli ilmiy-tadqiqot ishlari samarali tarzda olib borilyapti. Bu esa yurtdoshlarimizning o‘zi tug‘ilib voyaga yetgan va umrguzoronlik qilayotgan qadrdon maskanlarning nomlarini yanada chuqur o‘rganishlarida yaqindan yordam bermoqda.

Ma’lumki, joy nomlari yurtimizning qadimiy tarixi, geografik sharoiti, xalqimizning orzu-umidlari, milliy urf-odatlari, qadriyatlari, ona tilini o‘zida ifoda etgan ulkan xazinadir.

Keyingi yillarda mamlakatimizning barcha sohalarida islohotlar izchil ravishda davom etmoqda. Ana shu jarayonda har bir hududda yaratuvchilik, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilyapti. Ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda ham keng qirrali faoliyat davom etmoqda. Ayniqsa, joy nomlarini yanada chuqur o‘rganish va o‘z navbatida ularni tartibga keltirish, ilmiy jihatdan chuqur tadqiq etish masalalari ham kundalik diqqat markazida bo‘lmoqda. Chunki joy nomlari, tarixiy toponimlar, milliy qadriyatlar tilimizning bebaho boyligidir. Keyingi yillarda tilshunos-olimlar tomonidan viloyatimiz shahar va qishloqlaridagi joy nomlarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tarixning uzoq o‘tmishlarida yaratilgan toponimlar, joy nomlari haqida xalq orasida turli xil izohlar, sharhlar, talqinlar, rivoyatlar mavjud. Ularning yaratilishi va tarqalishi yuzasidan talqinlar ham turlichadir. Masalan, ayrim kishilar ko‘pincha joy nomlariga xalq tomonidan berilgan izohlarni to‘g‘ri va ma’qul deb bilishadi. Aslida, nomlar ilmiy, nazariy, amaliy asoslangan bo‘lishi kerak. Mana shu xususiyatlarni inobatga olgan holda Xorazm viloyatidagi ayrim tarixiy toponimlar, joy nomlari to‘g‘risida to‘xtalsak.

Masalan, Hazorasp tumanidagi “Beshta” nomli aholi punkti bor. “Beshta” aholi punkti nomining ma’nosi, paydo bo‘lishi haqida ham turlicha qarashlar mavjud. Aslida “Beshta” toponimi besh soni bilan bog‘liq emas. U 2000 yillik tarixga egadir. Uni ilmiy jihatdan tahrir qiladigan bo‘lsak, “Beshta” so‘zi “pesh”, ya’ni “old tomon” degan ma’noni anglatadi va “ta” qismi esa “daha” so‘zining qisqartirilgan dialektal variantidir. Demak, “Beshta” aslida “Peshdaha”, ya’ni old qishloq deganidir.

Shuningdek, Qo‘shko‘pir tumanidagi qishloqlar va aholi punktlaridan ayrimlariga to‘xtalsak.

Masalan, “Masit” qishlog‘i bor. “Masit” qishlog‘i aslida u etnonim bo‘lib, o‘zbek urug‘larining nomlaridan biri sanalgan va vaqt o‘tishi bilan etnotoponimga aylangan. U “Misit”˂“Mesit”˂“Masit” ko‘rinishda o‘zgarishga uchragan.

“Xosiyon” toponimiga to‘xtalsak. Tumanda “Xosiyon” qishlog‘i bor. “Xosiyon” – forscha – “Xistyon” so‘zidan olingan bo‘lib, tanlangan, saralangan degan ma’noni bildiradi. Vaqtlar o‘tishi bilan mahalliy sheva vakillarining nutqida “Xosyon” shaklida qo‘llanila boshlangan. Buni faqat dastlabki ma’lumot sifatida qarash lozim, chunki mazkur toponim bo‘yicha boshqacha yondashuvlar ham bor. Ular faqat hozircha o‘z tasdig‘ini topmagan.

“Tegalak” – “o‘rtaliq” degan ma’noni anglatadi va bu mahalla “Xosyon” qishlog‘ining o‘rtalig‘ida joylashgani uchun shu nom bilan atala boshlangan.

“Ilgaldi” – avvallari bu hududlarda hech kim yashamagan va 1910 yillarda odamlar kelib yashay boshlagan. Shundan keyin bu hudud “Elkeldi” ˂ “Elgaldi” deb nomlana boshlangan. Keyinchalik mahalliy aholi vakillari mazkur nomni o‘zlarining nutqiga moslashtirishi natijasida uning “Ilgaldi” dialektal shakli vujudga kelgan.

Qo‘shko‘pir tumanida “Kenagas” qishlog‘i ham bor. “Kenagas” – o‘zbek xalqi urug‘ining nomlaridan biri bo‘lib, ular, avval, Amudaryo bo‘ylarida yashaganlar. Keyinchalik esa ular Qo‘shko‘pir tumani hududiga ko‘chib kelishgan. Natijada ular kenagasliklar deya atalgan. Ular muqim joylashib qolganligi sababli mahalla ham shu nom bilan nomlangan. Aslida mazkur etnotoponimni boshqa viloyatlarning hududlarida ham uchratish mumkin.

Demak, toponimlar tildan tilga o‘tib, davrlar osha uzoq qo‘llanilib kelinayotgan va turli lisoniy o‘zgarishlarga uchraydigan til birliklari hisoblanadi. Joy nomlari yurtimiz tarixini o‘rganishda muhim manbalardan biri bo‘lib hisoblanadi.

Ayni paytda, Xorazm viloyati hokimligi huzurida “Geografik ob’ektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari” bo‘yicha komissiya faoliyat yuritmoqda. Uning tarkibida tegishli mutasaddi rahbarlar, tilshunos-olimlar, o‘lkashunoslar, ilm-fan namoyandalari, ijodkorlar, yurtimiz tarixini chuqur biladigan mehnat faxriylari bo‘lib, ular bilan doimiy ravishda muloqotlar, davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Komissiya a’zolari joy nomlaridagi tarixiylik, ulardagi milliy urf-odatlar, qadriyatlar, an’analarning o‘zida mujassam etgan xususiyatlarini o‘rganish va ochib berish maqsadida yanada mas’uliyat bilan faoliyat ko‘rsatmoqdalar.

Joriy yilning aprel oyidan boshlab, har oyning oxirgi o‘n kunligida viloyat hokimligi huzuridagi “Geografik ob’ektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari” bo‘yicha komissiya tuman, shaharlardagi toponimik nomlar, ularni qaytadan ekspertiza qilish, tartibga keltirish hamda me’yorlashtirish yuzasidan ish olib borishi belgilandi. Bugungi kunda ham hamon ayrim ko‘chalarga nomlar qo‘yilmagan. Hatto, o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ba’zi ko‘chalar nomlari bir necha hududda bir xil tarzda takrorlangan. Komissiya a’zolari ayni paytda bunday holatlarni ko‘rib chiqib, yanada chuqur o‘rganib, mavjud kamchilik va muammolarga barham berish uchun amaliy ishlarni sinchkovlik bilan olib borishyapti.

Hozirgi kunda viloyatimiz bo‘yicha 169 ta ma’muriy-hududiy birliklar, 10509 ta aholi punktlari va ularning tarkibiy qismlari, 3525 ta tabiiy ob’ektlar mavjud. Shulardan 8548 tasi ko‘chalardir. Ulardan 7585 tasi rasmiy nomlanib, xalq deputatlari tuman, shaharlar Kengashlarida muhokama qilinib, tasdiqlangan. Qolgan 944 ko‘chalarga ham nom qo‘yilgan. Endilikda, ular xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining navbatdagi sessiyalarida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, hamon bugungi kungacha ayrim yangi qurilgan uylarning ko‘chalari nomlanmagan. Bu yuzadan mutasaddi tashkilotlar tezkorlik bilan chora-tadbirlarni ko‘rishlari zarur.

Viloyat hokimligi huzuridagi “Geografik ob’ektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari” bo‘yicha komissiya a’zolari mas’uliyatni chuqur his qilgan holda vohamizdagi hududlarning tarixiy joy nomlarini tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda yanada kengroq o‘rganmoqda. Shuningdek, bu jarayonda ko‘chalarning nomlari yozilgan ayrim peshlavhalardagi imloviy, lug‘aviy, ishoraviy va boshqa xatolarni tezkorlik bilan bartaraf etish yuzasidan ham shahar va tuman hokimliklariga tavsiyalar berib borilyapti.

Shu o‘rinda yana bir masalaga e’tibor qaratmoqchi edik. Keyingi paytda ko‘pgina savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, tibbiyot muassasalarining binolari peshlavhalarida chet tillarda yozilgan ayrim so‘zlarni uchratish mumkin. Biroq ularni fuqarolar tushunishi qiyin-ku?! Eng avvalo, peshlavhalardagi so‘zlar o‘zbek tilida yozilishi kerak. Shundan keyingina zaruriyatga qarab, uning tarjimasi chet tillarida yozib qo‘yilsa, ayni muddao bo‘lar edi!

Ommaviy axborot vositalarida, jumladan, “Xorazm haqiqati” gazetasining o‘zida peshlavhalardagi jiddiy kamchiliklar, xatoliklar haqida 20 dan ziyod tanqidiy maqolalar berildi. Biroq hamon shahardagi va tuman markazlaridagi, ayniqsa, savdo shoxobchalarida ana shunday pala-partish yozuvlarni bugun ham “o‘qish mumkin”. Xullas, joy nomlarini peshlavhalarga to‘g‘ri, aniq yozish ham eng muhim vazifalardan biridir. Buni unutmasligimiz kerak.

Bebaho tariximizni o‘rganishda joy nomlari nihoyatda muhim manbalardan biri ekanligini yanada chuqur his qilgan holda bu boradagi faoliyatimizni yanada takomillashtirmoqdamiz. Ilm-fan namoyandalari, keksa avlod vakillari bilan yanada hamkorlikda boy tariximizni o‘rganish maqsadida izlanishlar, o‘rganishlar izchil davom ettirilmoqda.


Ravshan Xudoyberganov,

Xorazm viloyati hokimining maslahatchisi

12.06.2020 3631